YIGIRMA IKKINCHI MAKTUB
Ushbu maktub “Ikki Boʻlim”dan iborat. Birinchi boʻlim, ahli iymonni birodarlikka va muhabbatga chaqiradi.
Birinchi boʻlim:
Moʻminlarda munofiqlik va boʻlinish, kin va adovatga sabab boʻladigan tarafkashlik, qaysarlik va hasad, haqiqatda, hikmat asosida va buyuk insoniyati hisoblangan Islomiyatda, shaxsiy, ijtimoiy va maʼnaviy hayotda xunuk va rad qilingan, zarar keltiruvchi va zulm hisoblanadi. Insoniyat hayoti uchun esa zahardir. Bu haqiqatning juda koʻp jihatlaridan “Olti jihatini” bayon qilamiz.
Birinchi jihat. Haqiqat nuqtai nazaridan zulm hisoblanadi.
Ey moʻminga kin va adovat qilayotgan insofsiz odam! Sen bir kema yoki uyda boʻlsang. Sen bilan birga toʻqqiz maʼsum bilan bir jinoyatchi bor. Kemani gʻarq qilish va uyni yoqib yuborish harakat qilgan odamning naqadar zulm qilishini bilasan. Uning zolimligini samovotga eshitadigan darajada baqirasan. Hatto bitta maʼsum va toʻqqiz jinoyatchi boʻlsa ham, u kema hech bir adolat qonuni asosida choʻktirilmaydi.
Aynan shuningdek, sen bir Rabboniy uy va bir Allohning kemasi boʻlgan moʻminning vujudida iymon, Islomiyat va qoʻshnichilik kabi toʻqqiz emas, balki yigirma maʼsum sifatlar borligini koʻrib, oʻzinga zararli boʻlgan va xush kelmagan bitta jinoyatchi sifati sabab unga kin va adovat qilib, maʼnaviy vujud uyini maʼnan gʻarq qilishga va yoqib yuborishga, buzishga va choʻktirishga tashabbus qilish yoki istash, u kabi xunuk va berahm zulm hisoblanadi.
Ikkinchi jihat. Hikmat nuqtai nazaridan zulm hisoblanadi. Chunki adovat va muhabbat, nur va zulmat kabi zidligi maʼlum. Ikkisi haqiqiy maʼnosida birgalikda jam boʻla olmaydi. Agar bir qalbda muhabbat, haqiqatdan oʻz sabablarining ustunligiga koʻra joylashgan boʻlsa, unda adovat majoziy boʻladi, achinishga aylanadi.
Ha, moʻmin birodarini sevadi va sevmogʻi lozim. Lekin yomonligi uchun faqat achinadi. Zulm va bosim bilan emas, balki lutf bilan tuzatishga harakat qiladi. Shuning uchun hadisi sharifda, “Moʻmin moʻminga uch kundan ortiq arazlab, aloqani uzmasligi lozim”, deb buyurilgan. Agar bir qalbda adovat sabablari gʻolib kelib haqiqati bilan boʻlsa, u vaqt muhabbat majoziy boʻladi, soxtalik va xushomadgoʻylik suratiga kiradi.
Ey insofsiz odam! Endi, moʻmin birodaringga kin va adovat saqlash naqadar zulm ekanini koʻr. Chunki sen oddiy, kichik toshlarni Kaʼbadan koʻra ahamiyatli va Uhud togʻidan koʻra buyuk desang, xunuk aqlsizlik qilgan boʻlasan! Aynan shuningdek, Kaʼba hurmatida boʻlgan iymon va Uhud togʻi azamatida boʻlgan Islomiyat kabi koʻp Islomiy sifatlar muhabbat va ittifoqni taqozo qiladi. Moʻminga adovat qilishga sabab boʻladigan va oddiy toshlar hisoblangan baʼzi kamchiliklarni iymon va Islomiyatdan ustun qoʻyish oʻsha darajada insofsizlik, aqlsizlik va juda katta zulm ekanini aqling boʻlsa tushunasan!
Ha, iymoniy birlik, albatta qalblarning ham birdamligini taqozo qiladi. Eʼtiqod birlik ham ijtimoiy birdamlikni taqozo qiladi. Sen bir odam bilan birga bir harbiy qismda boʻlsang unga nisbatan doʻstona aloqang boʻlishini inkor qilmaysan. Bir qoʻmondonning amri ostida barobar boʻlganingiz bois, birodarlik aloqasini his qilasan. Bir mamlakatda birga boʻlish orqali birodarlarcha munosabatni sezasan. Xolbuki, iymon bergan nur va shuur bilan va senga koʻrsatgan va bildirgan Allohning Ismlari sanogʻicha birdamlik aloqalari, ittifoq bogʻlari va birodarlik munosabatlari bor.
Masalan, xar ikkingizning Xoliqingiz bir, Molikingiz bir, Maʼbudingiz bir, Razzoqingiz bir. Bir, bir, mingga qadar bir, bir. Ham Paygʻambaringiz bir, diningiz bir, qiblangiz bir. Bir, bir, yuzga qadar bir, bir. Soʻng qishlogʻingiz bir, davlatingiz bir, mamlakatingiz bir. Oʻnga qadar bir, bir. Bu qadar "bir, birlar" birdamlik va tavhidni, hamjihatlik va ittifoqni, muhabbat va birodarlikni taqozo qiladi. Koinotni va kurralarni (sayyoralarni) bir-biriga bogʻlaydigan maʼnaviy zanjirlar boʻlishiga qaramay, boʻlinish va munofiqlikka, kin va adovatga sabab boʻladigan oʻrgimchak toʻri kabi ahamiyatsiz va beqaror narsalarni ustun qoʻyib, moʻminga haqiqiy adovat qilish va kin bogʻlash, birlik bogʻlariga nisbatan naqadar hurmatsizlik, muhabbat sabablariga naqadar past nazar bilan qarash va birodarlik munosabatlariga nisbatan naqadar katta zulm va tajovuz ekanini qalbing oʻlmagan boʻlsa, aqling soʻnmagan boʻlsa bilasan!
Uchinchi jihat. Mutlaq adolatni ifoda etgan وَلَا تَزِرُ وَازِرَةٌ وِزْرَ اُخْرٰي (6:164) oyatining sirriga koʻra, bir moʻmindagi bitta jinoyatchi sifat sababli, boshqa maʼsum sifatlarini mahkum qiladigan adovat va kin bogʻlash, naqadar cheksiz bir zulm ekanini, boxusus bir moʻminning yomon bir sifatidan xafa boʻlib, arazlab, uning qarindoshlariga ham adovatni yoyish اِنَّ الْاِنْسَانَ لَظَلُومٌ (14:34) oyatida mubolagʻa shakli bilan, oʻta katta zulm qilganingni haqiqat, shariat va Islom hikmati senga ogohlantiradi. Lekin shunda ham qanday qilib oʻzingni haqli deb bilasan, “Mening haqqim bor” deysan?
Haqiqat nuqtai nazaridan adovat va yomonlikka sabab boʻlgan nuqsonlar, yomonlik va tuproq kabi xiradir. Boshqa birovga yuqmasligi va aks etmasligi lozim. Birov undan dars olib yomonlik qilsa, u boshqa masala. Muhabbatga sabab boʻlgan yaxshiliklar esa, muhabbat kabi nurdir. Tabiatida tarqalish va aks etish bor. Shundan kelib chiqib, “Doʻstning doʻsti doʻstdir” soʻzi maqolga aylangan. Ham shuning uchun, “Bir koʻzning hurmati uchun koʻp koʻzlar seviladi”, soʻzi hammaning tilida yuradi.
Mana, ey insofsiz odam! Bu haqiqat boʻlishiga qaramay sevmagan bir odamingning sevimli va maʼsum bir birodariga va yaqinlariga adovat qilish, naqadar haqiqatga zid ekanini, agar haqiqatni koʻruvchi boʻlsang tushunasan.
Toʻrtinchi jihat. Shaxsiy hayot nuqtai nazaridan ham zulm hisoblanadi. Ushbu toʻrtinchi jihatning asosi oʻlaroq bir necha dasturni tingla:
Birinchisi, sen oʻz yoʻling va fikringni haq deb bilib, “Yoʻlim haq yoki goʻzalroq”, deyishga haqqing bor. Lekin, “Faqat mening yoʻlim haq”, deyishga haqqing yoʻq. وَعَيْنُ الرِّضَا عَنْ كُلِّ عَيْبٍ كَل۪يلَةٌ وَلٰكِنَّ عَيْنَ السُّخْطِ تُبْدِي الْمَسَاوِيَا sirriga koʻra, insofsiz nazaring va tuban fikring hakam boʻla olmaydi. Boshqalarning yoʻlini nohaqlik bilan ayblay olmaydi.
Ikkinchi dastur. Xar bir gaping haq boʻlishi zimmangdagi burchdir. Lekin xar bir haqni aytishga haqqing yoʻq. Xar aytgan gaping toʻgʻri boʻlishi kerak. Faqat xar bir toʻgʻri gapni aytish toʻgʻri emas. Chunki sen kabi niyati xolis boʻlmagan odam, nasihatni baʼzan hasad yoki gʻaraz bilan ogʻir tekkazadi, aks taʼsir qiladi.
Uchinchi dastur. Adovat qilishni istasang, qalbingdagi adovatga adovat qilgin. Uni yoʻqotishga harakat qil. Yana senga eng koʻp zarar qiladigan nafsi ammorangga va havoyi nafsingga adovat qil, uni isloh qilishga harakat qil. Zararli nafsning istagi uchun moʻminlarga adovat qilma. Agar dushmanlik qilishni xohlasang, kofirlar, din dushmanlari koʻp. Ularga adovat qil. Muhabbat sifati muhabbatga loyiq boʻlganidek, adovat xislati ham hamma narsadan avval oʻzi adovatga loyiq.
Agar raqibingni magʻlub qilishni istasang, yomonligiga yaxshilik bilan muomala qilgin. Chunki agar yomonlik bilan javob qaytarsang, xusumat ortadi. Zohiran magʻlub boʻlsa ham, qalban kin bogʻlaydi. Dushmanligi davom etadi. Agar yaxshilik bilan muomala qilsang, pushaymon boʻladi. Senga doʻst boʻladi. اِذَٓا اَنْتَ اَكْرَمْتَ الْكَر۪يمَ مَلَكْتَهُ وَاِنْ اَنْتَ اَكْرَمْتَ اللَّئ۪يمَ تَمَرَّدَا hukmiga koʻra moʻminning tabiati karim (oliyjanob) boʻlishdir. Ikroming bilan senga boʻysunadi. Zohiran laim (pastkash) boʻlsa ham, iymon jihatidan karimdir.
Yomon odamga “yaxshisan, yaxshisan”, desang yaxshilanishi; va yaxshi odamga “yomonsan, yomonsan”, desang yomonlashishi koʻp uchraydi. Shunday boʻlgach, وَاِذَا مَرُّوا بِاللَّغْوِ مَرُّوا كِرَامًا (25:72) va وَاِنْ تَعْفُوا وَتَصْفَحُوا وَتَغْفِرُوا فَاِنَّ الّٰلهَ غَفُورٌ رَح۪يمٌ (64:14) va فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ (2:271) kabi Qurʼonning muqaddas dasturlariga quloq sol. Saodat va salomatlik unda.
Toʻrtinchi dastur. Kin va adovat qiluvchilar ham nafsiga, ham moʻmin birodariga, ham Allohning rahmatiga zulm qiladi, tajovuz etadi. Chunki kin va adovat bilan nafsini alamli azobda qoldiradi. Raqibiga kelgan neʼmatlardan nafsiga azob va uning qoʻrquvidan azob chektiradi. Nafsiga zulm qiladi.
Agar adovat hasaddan kelsa, u butunlay azob boʻladi. Chunki hasad avvalo hasadchini ezadi, yoʻq qiladi, yondiradi. Hasad qilingan kishi haqida esa zarari yo ozdir yoki yoʻqdir. Hasadchi hasad qilgan narsalarining oqibatini oʻylashi hasadning chorasidir. Natijada raqibidagi dunyoviy husn, kuch, martaba va boylik foniy va vaqtinchalik ekanini tushunadi. Foydasi oz, zahmati koʻpdir. Agar uxroviy fazilatlar boʻlsa, ularda umuman hasad boʻlmaydi. Agar ularda ham hasad qilsa, yo oʻzi riyokor boʻladi. Oxirat molini dunyoda yoʻq qilishni istaydi. Yoki hasad qilinayotgan kishini riyokor deb gumon qiladi, haqsizlik va zulm qiladi. Yana unga kelgan musibatlardan mamnun va neʼmatlardan mahzun boʻlib, Allohning taqdiri va rahmatining unga qilgan yaxshiliklaridan mahzun boʻladi. Huddiki taqdirni tanqid qiladi va rahmatga eʼtiroz bildiradi. Taqdirni tanqid qilgan boshini sandonga uradi, sindiradi. Rahmatga eʼtiroz qilgan kimsa undan mahrum qoladi.
Bir kunlik adovatga arzimaydigan narsaga bir yil kin va dushmanlik bilan javob qaytarishni qaysi insof qabul qiladi, ajabo?! Buzilmagan qaysi vijdonga sigʻadi? Moʻmin birodaringdan senga kelgan bir yomonlikni butunlay unga yuklab, uni mahkum etolmaysan. Chunki:
Avvalo. Taqdirning unda bir hissasi bor. Uni chiqarib, taqdir va qazo hissasiga nisbatan rozilik bilan javob qaytarish lozim.
Ikkinchidan. Nafs va shaytonning hissasini ham ajratib, u odamga adovat emas, balki nafsiga magʻlub boʻlgani uchun achinish va pushaymon boʻlishini kutish kerak.
Uchinchidan. Sen oʻz nafsingda koʻrmagan yoki koʻrishni istamagan kamchiligingni koʻr. Unga ham bir hissa ber. Soʻng qolgan kichik bir hissaga nisbatan, raqibni eng salomatli va eng tez magʻlub qiladigan avf va kechirim bilan hamda oliyjanoblik bilan muomala qilsang, zulmdan va zarardan qutulasan.
Yoʻqsa, mast va devona kimsa, shisha va muz boʻlaklarini olmos narxida olgan zargar yahudiy kabi, bir tiyinga arzimaydigan foniy, oʻtkinchi, vaqtinchalik, ahamiyatsiz dunyo ishlariga goʻyo abadiy dunyoda turib, abadiy birga qoladigandek qattiq xirs va doimiy kin bilan toʻxtovsiz adovat bilan muomala qilish, mubolagʻa shakli bilan juda katta zulmdir. Yoki bir mastlik va bir turli devonalikdir.
Shaxsiy hayot uchun bu darajada zararli boʻlgan adovatga va intiqom fikriga, agar oʻz shaxsingni sevsang qalbingga kirishiga yoʻl qoʻyma. Agar qalbingga kirgan boʻlsa, uning gapiga quloq solma. Haqiqatni koʻruvchi Hofiz Sheroziyni tingla, دُنْيَا نَه مَتَاع۪يسْتْ كِه اَرْزَدْ بَنِزَاع۪ي yaʼni, “Dunyo nizo qilishga arziydigan mato emas”. Chunki foniy va oʻtkinchi boʻlgani uchun qiymatsiz. Katta dunyo shunday boʻlsa, dunyoning juzʼiy ishlari naqadar ahamiyatsiz ekanini tushun. Yana,
degan, yaʼni, “Ikki dunyoning rohati va salomatligini ikki harf tafsir qiladi, qozonadi: Doʻstlarga nisbatan muruvvatli boʻlish va dushmanlarga nisbatan murosa qilishdir”.
Agar, “Ixtiyor mening qoʻlimda emas, fitratimda adovat bor. Yana hislarimga ogʻir botgan, voz kecha olmayapman”, desang.
Javob. Hatti harakatlarida yomon xulq va yomon xislat belgisi koʻrinmasa, gʻiybat kabi narsalar yoki ularning taʼsirida amal qilinmasa, kamchiligingni tushunsang zarar qilmaydi. Modomiki ixtiyor sening qoʻlingda emas, voz kecha olmayapsan. Maʼnaviy pushaymonliging, yashirin tavba va ichki istigʻfor hisoblangan kamchiligingni bilishing va u xislatda haqsiz ekaningni anglashing, seni uning yomonligidan qutqaradi. Zotan bu maktubning bu boʻlimini ushbu maʼnaviy istigʻforni taʼminlasin, haqsizlikni haq deb bilmasin, haqli raqibini haqsizlik bilan ayblab ovoza qilmasin deya yozdik.
Diqqatga sazovor bir hodisa. Bir kuni, ushbu gʻarazgoʻylik va tarafkashlik natijasi sifatida taqvodor bir ahli ilm, siyosiy fikriga muxolif boʻlgan solih bir olimni, takfir (kofirga chiqarish) darajasida yerga urdi. Oʻz fikrida boʻlgan bir munofiqni esa hurmat bilan madh qilganini qoʻrdim. Siyosatning ushbu yomon natijalaridan qoʻrqdim va, اَعُوذُ بِاللّٰهِ مِنَ الشَّيْطَانِ وَالسِّيَاسَةِ dedim. Oʻshandan beri siyosiy hayotdan uzoqlashdim.
Beshinchi jihat. Ijtimoiy hayot jihatidan qaysarlik va tarafkashlik gʻoyatda muzir ekanini bayon etadi. Agar deyilsa: “Hadisda اِخْتِلَافُ اُمَّت۪ي رَحْمَةٌ deyilgan. Ixtilof esa tarafkashlikni taqozo etadi. Ham tarafkashlik xastaligi mazlum avomni zolim xoslarning yomonligidan qutqaradi. Chunki bir shaharchaning yoki bir qishloqning xoslari ittifoq qilsalar, mazlum avomni ezadilar. Tarafkashlik boʻlsa, mazlum bir tarafga iltijo qiladi (panoh topadi). Oʻzini qutqaradi. Ham fikrlar toʻqnashuvidan va aqllarning turlichaligidan haqiqat toʻlaligicha yuzaga chiqadi.”
Javob. Birinchi savolga aytamiz. Hadisdagi ixtilofga kelsak, u yerda musbat ixtilof nazarda tutilgan. Yaʼni xar kim oʻz yoʻlining taʼmiri va rivojiga saʼy-harakat qiladi. Boshqalarning yoʻlini buzish va bekor qilinishiga emas, balki mukammallashtirish va isloh qilishga harakat qiladi. Manfiy ixtilofga kelsak, gʻarazgoʻylik, adovat bilan boshqalarning yoʻlini buzishga harakat qilish hadisga koʻra rad etilgan. Chunki bir-biri bilan boʻgʻishayotganlar musbat harakat qila olmaydi.
Ikkinchi savolga, tarafkashlik agar haq nomidan boʻlsa, haqlilarga boshpana boʻlishi mumkin deymiz. Lekin hozirgidek gʻarazgoʻylik va nafs uchun tarafkashlik, haqsizlarga boshpana boʻlib, ularga tayanch nuqtasini tashkil etadi. Chunki gʻarazgoʻylik bilan tarafkashlik qilayotgan odamga shayton kelib uning fikriga yordam berib tarafdor boʻlsa, u odam shaytonga Allohdan rahmat soʻraydi. Agar qarshi tarafga farishtadek bir odam kelsa, unga (Hudo saqlasin) laʼnat oʻqiydigan darajada haqsizlik qiladi.
Uchinchi savolga, haq nomidan, haqiqat uchun fikrlar toʻqnashuviga kelsak, maqsad va asos bir boʻlishi bilan birga, vositalarda ayriladi. Haqiqatning xar tomonini koʻrsatib, haqqa va haqiqatga xizmat qiladi. Lekin tarafkashlik va gʻarazgoʻylik bilan, firʼavnlashgan nafsi ammora uchun oʻzini koʻrsatish va shuhratparastlik tarzidagi fikrlar toʻqnashuvidan haqiqatning chaqmogʻi emas, balki fitna olovlari chiqadi. Chunki maqsadda birlashish kerak boʻlishiga qaramay, unday kimsalarning fikrlarining yer yuzida hatto uchrashish nuqtasi topilmaydi. Haq nomidan boʻlmagani uchun qattiq haddan oshadi. Davolab boʻlmaydigan boʻlinishlarga sabab boʻladi. Olamning holi bunga guvoh.
Natija. Oliy اَلْحُبُّ لِلّٰهِ وَالْبُغْضُ فِي اللّٰهِ وَالْحُكْمُ لِلّٰهِ dastur harakat qoidasi boʻlmasa, nifoq va boʻlinish yuzaga keladi. Agar اَلْبُغْضُ فِي اللّٰهِ وَالْحُكْمُ لِلّٰهِ demasa, u dasturlarni nazarga olmasa, adolat qilishni xohlab turib zulm qiladi.
Ibratli bir hodisa. Bir kuni Imom Ali raziyallohu anhu bir kofirni yerga yiqitadi. Qilichini chiqarib uradigan paytda kofir u kishining yuziga tupuradi. Shunda Imom Ali u kofirni qoʻyib yuboradi, oʻldirmaydi. Kofir u zotga, “Nega meni oʻldirmading?” deb soʻrayganida, “Seni Alloh uchun oʻldirayotgan edim. Lekin menga tupurding, gʻazabga keldim. Nafsimning hissasi aralashgani uchun ixlosim zaiflashdi. Shuning uchun seni oʻldirmadim”, deydilar. Shunda kofir u kishi, “Maqsadim, meni tezroq oʻldirishing uchun seni gʻazabga keltirish edi. Modomiki diningiz bu darajada sof va xolis ekan, u din haqdir”, deydi.