TOʻRTINCHI SOʻZ
Namoz qanchalik qiymatli va muhim, ham qanchalik arzon va oz xarajat bilan qozonilishini yana namozsiz odam qanchalik telba va zararli ekanini ikki karra ikki toʻrt aniqligida qatʼiy anglashni istasang, quyidagi misoliy hikoyachaga qara, koʻr.
Bir kuni bir buyuk hokim ikki xizmatkorini, xar biriga yigirma toʻrt oltindan berib, ikki oylik masofa uzoqligidagi xos va goʻzal bir xoʻjaligiga istiqomat qilish uchun yuboradi. Ularga, "Bu pulni yoʻl va chipta xarajatiga ishlating. U yerdagi maskaningizga kerakli baʼzi narsalarni sotib oling. Bir kunlik masofada bir bekat bor. Ham mashina, ham kema, ham poyezd, ham samolyot bor. Sarmoyaga koʻra miniladi", deb amr qiladi.
Ikki xizmatkor dars olgandan soʻng ketadi. Biri baxtiyor edi, bekatgacha biroz pul xarajat qiladi. Lekin oʻsha xarajat ichida xoʻjayiniga yoqadigan shunday goʻzal tijorat qiladiki, sarmoyasi birdan mingga chiqadi. Ikkinchi xizmatkor badbaxt, sayoq boʻlgani uchun, bekatgacha yigirma uch oltinini sarf qiladi. Qimor-mimorga berib zoyeʼ qiladi, bir dona oltini qoladi. Sherigi unga, "Oʻrtoq! Bu uzun yoʻlda yayov va och qolmasliging uchun bu oltinni bir chiptaga ber. Yana hoʻjayinimiz karamlidir. Balki marhamat qilar, qilgan xatoingni kechirar. Seni samolyotga mindirishar. Bir kunda istiqomat joyimizga yetamiz. Boʻlmasa, ikki oylik choʻlda och, yayov, yolgʻiz ketishga majbur boʻlasan", deydi.
Ajabo, u odam qaysarlik qilib, yagona oltinini bir xazinaning kaliti boʻlgan chiptaga bermasdan, vaqtinchalik lazzat uchun kayf-safoga sarflasa, oʻta aqlsiz, zararli, badbaxt ekanini eng aqlsiz odam ham anglamaydimi?
Mana ey namozsiz odam va ey namozdan xushlanmagan nafsim! Hokim Rabbimiz, Xoliqimizdir. Ikki xizmatkor yoʻlovchi esa, biri dindor, namozini shavq bilan oʻqiydi. Keyingisi gʻofil, namozsiz insonlardir. Yigirma toʻrt oltin esa, yigirma toʻrt soat, xar kungi umrdir. Xos xoʻjalik – Jannatdir. Bekat – qabrdir. U sayohat esa qabrga, hashrga, abadga ketiladigan bashar yoʻlovchiligidir. Amalga koʻra, taqvo quvvatiga koʻra odamlar uzun yoʻlni farqli darajada bosib oʻtishadi. Bir qism ahli taqvo, yashin kabi, ming yillik yoʻlni bir kunda oʻtadi. Bir qismi esa, hayol kabi, ellik ming yillik masofani bir kunda bosib oʻtadi. Qurʼoni Azimushshon bu haqiqatga ikki oyati bilan ishorat qiladi. Chipta esa, namozdir. Birgina soat, besh vaqt namozga, tahorati bilan, kifoya qiladi.
Ajabo, yigirma uch soatini shu qisqagina dunyoviy hayotga sarflab, uzun abadiy hayotga birgina soatini sarflamagan odam qanchalik zarar qiladi, nafsiga qanchalik zulm qiladi, qanchalik aqlga xilof harakat qiladi. Ming odam ishtirok etgan lotoreya qimoriga yarim molini tikishni aql qabul qiladi. Holbuki yutuq ehtimoli mingdan bir. Yigirma toʻrtdan bir molini yuzdan toʻqson toʻqqiz ehtimol bilan yutishi tasdiqlangan abadiy xazinaga bermaslik, qanchalik aql va hikmatga teckari harakat ekanini, qanchalik aqldan uzoqligini, oʻzini aqlli hisoblagan odam tushunmaydimi?!
Holbuki namozda ruhning, qalbning va aqlning katta istirohati bor. Jismga ham unchalik ogʻir ish emas. Namoz oʻqigan odamning qolgan dunyoviy muboh amallari goʻzal niyat orqali ibodatga aylanadi. Bu suratda butun umr sarmoyasini oxiratga zahira qiladi. Foniy umrini bir jihatda boqiylashtiradi.
TOʻQQIZINCHI SOʻZ
Ey birodar! Mendan namozning muʼayyan besh vaqtga tayinlanganining hikmatini soʻrayapsan. Juda koʻp hikmatlaridan faqat bittasiga ishorat qilamiz.
Xar bir namozning vaqti, muhim bir inqilobning boshlanishi hisoblanadi. Shu bilan birga, Allohning azim tasarrufining oynasi va u tasarruf ichida Allohning butun ehsonlari aks etgan yeri boʻlgani uchun, shu vaqtlarda Qodiri Zuljalolga yanada koʻp tasbeh, taʼzim va sanoqsiz neʼmatlarining ikki vaqt oʻrtasida toʻplangan natijasiga shukr va hamd maʼnosidagi namozga amr qilingan. Bu nozik va chuqur maʼnoni bir oz tushunish uchun "Besh hikmat"ni nafsim bilan birga tinglash lozim...
Birinchi hikmat. Namozning maʼnosi, Janobi Haqqa tasbeh, taʼzim va shukr qilishdir. Yaʼni, Jaloliga qarata soʻz va amal bilan "Subhanalloh" deb poklash. Kamoliga lafz va amal bilan "Allohu Akbar" deb taʼzim qilish. Jamoliga qalb, til va badan bilan "Alhamdulilloh" deb shukr qilishdir. Demak, tasbeh, takbir va hamd namozning urugʻlari hisoblanadi. Shuning uchun, namozning harakat va zikrlarida bu uch narsa hamma joyida mavjuddir. Shuning uchun, namozdan soʻng namozning maʼnosini taʼkidlash va quvvatlash uchun bu muborak kalimalar oʻttiz uch martadan takror qilinadi. Namozning maʼnosi bu qisqa xulosalar bilan taʼkidlanadi.
Ikkinchi hikmat. Ibodatning maʼnosi – Allohning dargohida banda oʻz kamchiligi, ojizligi va faqirligini koʻrib, kamoli Rububiyatning, qudrati Samadoniyaning va Allohning rahmatiining qarshisida hayrat va muhabbat bilan sajda qilishdir. Yaʼni, rububiyatning saltanati qullikni va itoatni taqozo qilgani kabi, rububiyatning muqaddasligi, pokligi ham, bandaning oʻz kamchiligini koʻrib, istigʻfor bilan va Rabbini butun nuqsonlardan poklashini, mubarro qilishini va ahli zalolatning botil fikrlaridan munazzah va oliy etishini, koinotning butun nuqsonlaridan muqaddas va pok ekanini tasbeh bilan, "Subhanalloh" bilan eʼlon qilishini iqtizo qiladi.
Hamda rububiyatning kamoli qudrati, bandaning oʻz zaifligini va maxluqotning ojizligini koʻrib, Samadoniy qudrat asarlarining buyukligiga nisbatan tahsin va hayrat ichida "Allohu Akbar" deb xuzuʼ bilan rukuʼga borib, unga iltijo va tavakkal qilishini taqozo qiladi.
Rububiyatning nihoyatsiz rahmatining xazinasi, qulning oʻz ehtiyojini va barcha maxluqotning faqirlik va ehtiyojlarini soʻrashini, duo tili bilan izhor qilishni va Rabbining ehson va inʼomlarini shukr va sanosini "Alhamdulilloh" bilan eʼlon qilishini taqozo qiladi. Demak, namozning harakat va soʻzlari bu maʼnolarni ichiga oladi. Shu sabab Alloh tomonidan oʻrnatilgan.
Uchinchi hikmat. Inson bu katta olamning bir kichraytirilgan misoli va Fotihai Sharifa Qurʼoni Azimushshonning nurli timsoli boʻlgani kabi, namoz ham barcha ibodatlarning sinflarini ichiga olgan nuroniy mundarijadir. Va barcha maxluqot sinflarining ibodat turlarilariga ishorat qilgan muqaddas xaritadir.
Toʻrtinchi hikmat. Haftalik bir soatning soniya, daqiqa, soat va kunlarini sanaydigan millari bir-birlariga bogʻliq boʻlgani, bir-birining misoli va bir-birining oʻrnida boʻlgani kabi, Janobi Haqning juda ulkan soati boʻlgan
• bu dunyo olamining soniyasi hisoblangan kecha-kunduzning aylanishi,
• daqiqalarni sanagan yillarning oʻtishi,
• va soatlarni sanagan inson umrining bosqichlari,
• kunlarni sanagan olamning umri,
• dunyoning umr davrlari,
bir-biriga bogʻliq, bir-birining misoli, bir-birining oʻrnida va bir-birini eslatadi. Masalan, sahar vaqti, quyosh chiqqunga qadar, bahorning boshlanishiga ham insonning ona qorniga tushgan onlariga ham samovot va yerning olti kunda yaratilishining birinchi kuniga oʻxshaydi, xotirlatadi va ulardagi Allohning maqsadlarini eslatadi.
Peshin vaqti, yoz mavsumining oʻrtasiga ham yoshlikning kamoliga ham dunyo umridagi insonning yaratilish davriga oʻxshaydi, ishorat qiladi va ulardagi Allohning rahmatining aksini va neʼmatining fayzlarini xotirlatadi.
Asr vaqti, kuz mavsumiga ham keksalik davriga ham oxirzamon Paygʻambarining (alayhissalotu vassalom) saodat asriga oʻxshaydi va ulardagi Allohning maqsadlarini va Rahmoniy inʼomlarni xotirlatadi.
Shom vaqti, kuz mavsumining oxirida juda koʻp maxluqotning botishini, insonning vafotini ham dunyoning qiyomat ibtidosidagi xarob boʻlishini eslatish orqali, Allohning jaloliy akslarini bildiradi va inconni gʻaflat uyqusidan uygʻotadi, ogohlantiradi.
Xufton vaqti, zulmat olami kunduz dunyosining butun belgilarini qora kafani bilan berkitishini ham qishning oq kafani bilan oʻlgan yerning yuzini yopishini ham vafot etgan insonning qolgan ishlari ham vafot etib, unutilish pardasi ostiga kirishini ham bu imtihon joyi boʻlgan dunyoning batamom yopilishini eslatish orqali Qahhori Zuljalolning jalolli tasarruflarini eʼlon qiladi.
Tun vaqti ham qishni ham qabrni ham barzoh olamini tushuntirish orqali ruhi Rahmonning rahmatiga qay daraja muhtoj ekanini insonga xotirlatadi. Va tundagi tahajjud esa, qabr kechasida va barzoh qorongʻuligida qanchalik kerakli nur ekanini bildiradi, ogohlantiradi va butun bu oʻzgarishlar ichida Janobi Haqiqiy Munʼimning tuganmas neʼmatlarini eslatib, qay daraja hamd va sanoga haqdor ekanini eʼlon qiladi.
Ikkinchi tong esa, hashr tongini eslatadi. Ha, kechaning nahori va qishning bahori naqadar aqlga toʻgʻri muvofiq, kerak va qatʼiy boʻlsa, hashrning tongi ham, barzohning bahori ham oʻsha qatʼiyatdadir.
Demak, besh vaqtning xar biri muhim bir inqilobning boshlanishi boʻlgani va buyuk oʻzgarishlarni eslatgani kabi, Samadoniy Qudratning kundalik azim tasarruflarining ishorati bilan ham yillik ham asriy ham zamondagi Qudratining moʻjizalarini va Rahmatining hadyalarini xotirlatadi. Demak, insonnig asl fitratidagi vazifasi, qulligining asosi va qatʼiy qarz boʻlgan farz namozi ushbu vaqtlarda loyiqdir va juda munosibdir.
Beshinchi hikmat. Inson tabiatan juda zaifdir. Xolbuki hamma narsa unga tajovuz qiladi, uni ranjitadi va xafa qiladi. Ham gʻoyat ojizdir. Xolbuki balolari va dushmanlari juda koʻp. Gʻoyat faqirdir. Xolbuki ehtiyojlari juda koʻp. Tanbal va iqtidorsiz. Xolbuki hayotning javobgarliklari gʻoyat ogʻirdir. Insoniyat uni koinot bilan aloqador qilgan. Xolbuki sevgan, yaqinlik qilgan narsalarining zavol topishi va firogʻi uni doim ranjitadi. Ham aql unga yuksak maqsadlar va boqiy mevalar koʻrsatadi. Xolbuki qoʻli qisqa, umri qisqa, iqtidori qisqa, sabri qisqadir.
Demak, bu vaziyatdagi odam sahar vaqti bir Qodiyri Zuljalolning, Rahiymi Zuljamolning dargohiga niyoz bilan, namoz bilan murojaat qilib, holini bildirishi, tavfiq va madad istashi qanchalik kerakli va oldidagi kunduz olamida boshiga keladigan, uctiga yuklanadigan ishlarga, vazifalarga bardosh berish uchun qanchalik kerakli tayanch nuqtasi ekani ochiqchasiga anglashiladi.
Peshin vaqtida, kunduzning kamol topib, zavolga qarab ketishi va kundalik ishlarning bitish onlaridir. Mashgʻuliyatlarning tazyiqidan vaqtinchalik istirohat paytidir. Foniy dunyoning oʻtkinchi va ogʻir ishlar sababli gʻaflat va karaxtlikdan ruhning tanaffusga ehtiyoj vaqtidir. Va Allohning inʼomlarining namoyon boʻlgan onidir.
Inson ruhi u tazyiqdan qutulib, gʻaflatdan ayrilib, maʼnosiz va oʻtkinchi narsalardan chiqib, Qayyumi Boqiy boʻlgan Munʼimi Haqiqiyning dargohiga borib, qoʻl bogʻlab, yigʻilgan neʼmatlariga shukr va hamd aytib, yordam soʻrashi hamda Jalol va azamati qarshisida rukuʼ bilan ojizligini izhor etishi, zavolsiz Kamoliga va bemisol Jamoliga qarata sajda qilib, hayrat va muhabbat va ojizligini eʼlon qilish maʼnosidagi peshin namozini oʻqish, qanchalik goʻzal, qanchalik xush, qanchalik lozim va munosib ekanini anglamagan inson, inson emas...
Asr vaqti, kuzning gʻamgin mavsumini va keksalikning mahzun holatini va oxirzamonning azoblar toʻla mavsumini eslatadi va xotirlatadi. Ham kundalik ishlarning natijalanish vaqti ham u kunda noil boʻlgan sihat, tinchlik va xayrli xizmat kabi Allohning neʼmatlarining katta yigʻin topgan payti ham ulkan Quyoshning botishga mayl ishorati, inson musofir xodim va hamma narsa oʻtkinchi, beqaror ekanini eʼlon qilish vaqtidir.
Abadiyatni istagan va abad uchun yaratilgan va ehsonga topingan, firoqdan ranjigan inson ruhi turib, tahorat olib, asr vaqti namozini oʻqish uchun Qadiymi Boqiy va Qayyumi Sarmadiyning dargohi Samadoniyasiga duo arz qilib, tuganmas va chekciz rahmatining iltifotiga iltijo qilib, sanoqsiz neʼmatlariga shukr qilib, hamd aytib, izzati Rububiyatiga qarata xor tarzda rukuga borib, Sarmadiyati Uluhiyatiga kamtarinlik bilan sajda qilib, haqiqiy qalb tasallisi, ruh rohatini topib, huzuri kibriyosida kamarbastai ubudiyat bilan asr namozini oʻqish qanchalik yuksak bir vazifa, qanchalik munosib bir xizmat, fitrat qarzini qanchalik oʻrnida ado etish, balki oʻta hush saodatni qoʻlga kiritishligini inson boʻlgan kishi anglaydi.
Shom vaqtida, qishning boshlanishidan yoz va kuz olamining nozanin va goʻzal maxluqotining gʻamgin vidolashishini ichida botish vaqtini eslatadi. Ham insonning vafoti bilan barcha sevganlaridan azobli firoq ichida ayrilib, qabrga kirish paytini xotirlatadi. Ham dunyoning oʻlim onidagi zilzilasi ichida vafoti bilan, barcha yashovchilari boshqa olamlarga koʻchishi va bu imtihon joyi chirogʻining soʻndirilish vaqtini eslatadi, xotirlatadi va zavolda botgan mahbublarga topingan kimsalarni qattiq ogohlantiradigan paytdir.
Demak, shom namozi uchun bu vaqtda, fitratan yagona Jamoli Boqiyga mushtoq oyna boʻlgan inson ruhi bu aziym ishlarni qilgan va bu buyuk olamlarni aylantirgan, oʻzgartirgan Qadiymi Lamyazal va Boqiyi Loyazalning arshi azamatiga yuzini qaratib, bu foniylarning ustida اَللّٰهُ اَكْبَرُ deb, ulardan qoʻlini koʻtarib, Mavlosi xizmati uchun qoʻl bogʻlab, Doimi Boqiyning huzurida qiyom etib, اَلْحَمْدُ لِلّٰهِ deb, kamchilikciz kamoliga, mislsiz jamoliga, nihoyatsiz rahmatiga hamdu sano aytib اِيَّاكَ نَعْبُدُ وَ اِيَّاكَ نَسْتَعٖينُ deyish orqali, muovinsiz Rububiyatiga, sheriksiz Uluhiyatiga, vazirsiz Saltanatiga qullikni arz qilish va yordam soʻrash...
Shuningdek nihoyatsiz kibriyosiga, hadsiz qudratiga va ojiz boʻlmagan izzatiga qarata rukuʼga borib, butun koinot bilan birga zaiflik va ojizligini, faqirlik va xorligini izhor qilib, سُبْحَانَ رَبِّىَ الْعَظٖيمِ deb Rabbi Aziymiga tasbeh aytib, zavolsiz Jamoli Zotiga, oʻzgarmas Muqaddas Sifatiga, almashmas Kamoli Sarmadiyatiga sajda qilib, hayrat va kamtarinlik ichida yaratilganlarni tark qilib, muhabbat va qullikini eʼlon qilib, butun foniylar evaziga bir Jamili Boqiy, bir Rahimi Sarmadiy topib, سُبْحَانَ رَبِّىَ الْاَعْلٰى deb, zavoldan munazzah, nuqsondan mubarro Rabbi Aʼlosini taqdis etish...
Soʻng tashahhudda oʻtirib, butun maxluqotning tahiyyoti muborakalarini va salovoti toyyibalarini oʻz nomidan Jamili Lamyazal va Jalili Loyazalga hadya qilib, Rasuli Akramiga salom berib, bayʼatini yangilash va amrlariga itoatini izhor qilib, iymonini yangilab nurlantirish uchun koinot qasrining hakiymona intizomini mushohada qilib, Soneʼi Zuljalolning vahdoniyatiga guvohlik qilish...
Yana saltanati rububiyatning dalloli va tabligʻchisiga rozilik va koinot kitobi oyatlarining tarjimoni Muhammadi Arabiy alayhissalotu vassalomning risolatiga guvohlik maʼnosida shom namozini oʻqish naqadar latif, pok vazifa, naqadar aziz, laziz bir xizmat, naqadar xush va goʻzal qullik, naqadar jiddiy bir haqiqat va bu foniy musofirxonada boqiyona suhbat va doimiy saodat ekanini anglamagan odam qanday qilib odam boʻlishi mumkin!
Xufton vaqtida, kunduzning ufqda qolgan asarlari yoʻqolib, tun olami koinotni qoplaydi. مُقَلِّبُ الَّيْلِ وَ النَّهَارِ boʻlgan Qodiri Zuljalolning oq sahifani qora sahifaga aylantirishidagi Rabboniy tasarruflari bilan yozning bezalgan yashil sahifasini qishning sovuq, oq sahifasiga aylantirishidagi مُسَخِّرُ الشَّمْسِ وَ الْقَمَرِ boʻlgan Hakiymi Zulkamolning Ilohiy ijrootini xotirlatadi.
Davr oʻtishi bilan qabr ahlining qolgan izlari ham dunyodan uzilib, batamom boshqa olamga koʻchishidagi oʻlim va hayot Xoliqining Ilohiy maqsadlarni eslatadi.
Tor va foniy va xor dunyoning tamoman xarob boʻlib, azim oʻlim talvasasi bilan vafot etib, keng, boqiy va azamatli oxirat olamining yuzaga chiqishida Xoliqi Arz va Samovotning jaloliy tasarrufotini va jamoliy tajalliyotini eslatadigan, xotirlatadigan vaqtdir. Yana koinotning Molik va Mutasarrifi Haqiqiyi, Maʼbud va Mahbubi Haqiqiyi, kecha-kunduzni, qish va yozni, dunyo va oxiratni kitobning sahifalari kabi osonlik bilan aylantiradigan, yozib, oʻchirib, almashtiradigan zot boʻla oladi! Bularning barchaciga hukm qiladigan bir Qodiyri Mutlaq ekanini isbot qilgan vaziyatdir.