Kastamonu Ilovasi
Aziz, siddiq, muborak qardoshlarim, Qurʼon va iymon xizmatida ixlosli, kuchli va sharafli qardoshlarim!
Janobi Haqqa hadsiz shukr va hamd aytamanki, Keksalar Risolasidagi umidimni va Mudofaalar Risolasidagi daʼvoimni siz orqali tasdiqlatdi. Azaldan to abadgacha cheksiz zarralar miqdoricha Allohga hamdlar boʻlsinki, Risolai Nurga siz orqali oʻttiz ming Abdurrahmonga teng keladigan oʻttizta Abdurrahmonni, balki bir yuz oʻttiz, balki bir ming bir yuz oʻttizta Abdurrahmonni ehson qildi. Oʻzimning oʻrnimda hech qachon unutilmagan, xar doim yonimda boʻlgan qardoshlarim, Risolai Nurga siz kabi juda jiddiy sohib, himoya qiluvchi, haqiqiy voris, haqiqatni koʻra oladigan va qadrni biladigan kishilarni kuchliroq va ixlosliroq tarzda Qurʼon va iymon xizmatida harakat qilayotganlarini koʻrganim uchun, mukammal sevinch, xotirjamlik, ishonch va qalb hotirjamligi bilan ajalimni, oʻlimimni va qabrimni qarshilayapman, kutyapman. Men sizni yozgan xatlaringizda va xotiramdan chiqmagan xizmatlaringizda xar kuni koʻp martalab koʻryapman va sizga boʻlgan sogʻinch hissimni qondiryapman. Siz ham bu bechora qardoshingizni risolalarda koʻrib, u bilan suhbatlashishingiz mumkin. Haqiqat ahlining suhbatiga zamon, makon toʻsiq boʻla olmaydi. Risolalar maʼnaviy radio kabi, biri sharqda, biri gʻarbda, biri dunyoda, biri barzohda boʻlsa ham, Qurʼon va iymon rishtasi orqali ularni oʻzaro suhbatlashtiradi.
Mashaalloh, barakalloh! Hazrati Ali (r.a.) karomatlari Risolai Nurni tasdiqlashi hozirgi davrda toʻliq tasdiqlatgan Ali (r.a.)ning qalamining karomatlari, Qurʼonga juda qadrli xizmati, Paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.) alayhissalomning Moʻjizalarining gʻaroyib karomatini insonlar koʻziga koʻrsatgan va Qurʼonning oltin kaliti hisoblangan Xusravning qalami, faqat bizlarni emas, balki ruhiy borliqlarni va farishtalarni ham quvontiradi.
Bu safar olmos qalam sohiblari boʻlgan Muborak kishilar tomonidan bir savol keldi. Hozircha uning javobi qoʻlimda yoʻq. Agar qoʻlimga tushsa, albatta sizga ham yetkazaman. Xar kun xotiramda boʻlgan Rushdu, Raʼfat, Sulaymon, B.M., H.K., Abdulloh va ismlarini alohida tilga olmagan qadrli qardoshlarim bilan alohida gaplashmaganim uchun ranjimasinlar. Chunki xizmatingizning buyukligi va ahamiyati, shuningdek, qarshilik qiluvchilarning kuchi va shaytoniy hiylalari sababli ehtiyot va diqqat bilan ish tutishga majburmiz.
Hofiz Ali bilan Xusravning bir-biriga nisbatan samimiy kamtarinlik bilan qilgan qardoshlik aloqalari, sizlar Ixlos Risolasining haqiqiy siriga toʻliq sazovor boʻlganingizni menga bildirdi, umidlarimni yanada kuchaytirdi.
Yana koʻproq yozmoqchi edim, ammo hozir bir kishining pochtaga ketishi uchun shoshayotgani soʻzimni shu joyda toʻxtatdi.
Duolaringizga muhtoj
Said Nursiy
Aziz, siddiq qardoshlarim va Qurʼon xizmatida kuchli, iqtidorli doʻstlarim!
Bu davr – jamoat davridir. Ahamiyat va qiymat shaxsga emas, balki maʼnaviy shaxsiyatga koʻra baholanadi. Moddiy, yakka va oʻtkinchi insonning shaxsiyati nazarga olinmaydi. Xususan, bir botmon yukni koʻtara olmaydigan zaif yelkasiga ming botmon yuk yuklanganda ezilgani kabi, men kabi bir bechoraning qiymatidan ming daraja ortiq ahamiyat berayapsiz.
Lillahilhamd, Risolai Nur nafaqat bu asrni, balki kelgusi zamonlarni ham nurlantira oladigan Qurʼoniy moʻjiza ekanini koʻplab tajribalar va voqeʼalar bilan hatto koʻrlarga ham koʻrsatdi. Shuning uchun, unga aytgan maqtovingiz juda oʻrinlidir. Ammo menga nisbatan maqtovingizning mingdan biriga ham oʻzimni loyiq koʻra olmayman. Faqat, siz kabi haqiqiy shogirdlarimning ishtirok va saʼy-harakatlari bilan, juda buyuk bir neʼmat va muvaffaqiyatga erishganim uchun Risolai Nur nomi bilan abadiy faxrlanaman.
Nur bandargohi xodimi qardoshim Sabri! Sabri, Sulaymon va Xusrav – uchovingizning suhbatingizda men ham ikki jihatdan, balki uch jihatdan ishtirok etaman.
Nur fabrikasi nomi bilan tanilgan qardoshim Hofiz Ali! Sening gʻaroyib maktubing, mening ahamiyatsiz shaxsiyatimni hisobga olmaganda, menga hayratlanarli koʻrindi. U sening xolis va yuksak darajadagi zakovatingning yanada taraqqiy etayotganini koʻrsatdi. Maktubing menga, “Koʻp Abdurrahmonlarni oʻz ichiga oladigan Ali”, degan xulosa keltirdi.
Mustafolar, Kichik Ali, muborak va munavvar qardoshlar! Maktubingiz Katta Alining maktubi kabi ajoyib haqiqatni ifoda qiladi. U haqiqat Risolai Nur borasida haq boʻlib, u hududga kirishga mening haddim sigʻmaydi.
deb marhamat qilingan.
Gʻavsi Aʼzam Shohi Jiyloniy, Imom Gʻazzoliy, Imom Rabboniy kabi ham shaxsan, ham vazifa jihatidan buyuk gʻaroyib zotlar bu hadisni oʻzlarining qimmatli irshodlari va asarlari bilan amalda tasdiqlaganlar. Oʻsha zamonlar bir jihatdan fardiyat (shaxsiyat) zamoni boʻlgani uchun, Rabboniy hikmat ular kabi bemisl va tabarruk daholarni ummatning yordamiga yuborgan. Hozir esa ayni vazifaga, juda ogʻir va dahshatli sharoitda, maʼnaviy shaxs hisoblangan Risolai Nur va hamjihatlik sirri bilan bemisl shaxsga (fardi farid) oʻxshagan shogirdlari ushbu jamoat davridagi bu muhim vazifaga yoʻnaltirildi. Bu sirga binoan, men kabi bir oddiy askarning, ogʻirlashgan marshallik maqomida faqatgina bir xizmatkorlik vazifasi bor.
Raʼfat qardosh! Sen bilan hech boʻlmasa xar toʻrt kunda bir marta koʻrishishga ehtiyoj va ishtiyoqim boʻla turib, toʻrt yildan keyingina maxsus ravishda koʻrisha oldik. Sen kabi ham qimmatli va taʼsirli tili, ham quvvatli va latofatli qalami bilan Risolai Nurga juda muhim xizmat qilayotganlar, xar doim xotiramda maʼnaviy suhbatdoshlarim va doʻstlarim hayolan yonimda hozir boʻlishadi. Risolai Nurning favqulodda taʼsirli tarzdagi tarqalishi eʼtiborni oʻziga jalb qilayotgani sababli, hozircha yanada koʻproq ehtiyotkor boʻlish lozim.
Iqtisod Risolasi va Bolalar Taʼziyanomasi risolalari yuborilsa, munosib boʻladi.
Barcha qardoshlarimga, ayniqsa xoslariga, alohida-alohida salom va duo yoʻllayman. Oʻsha muborak va qimmatli doʻstlarimning hurmat uchun ham ularning qarindoshlarini ham qishloqlarini oʻz qarindoshlarim va qishlogʻim qatoriga qoʻshib, shu tarzda duo qilgan holda, maʼnaviy yutuqlarimga ularni ham sherik qilaman.
Aziz, siddiq, fidokor vafodor qardoshlarim!
Men favqulodda nazorat va bosim ostida va yakka holatda boʻlganim uchun siz bilan xabarlasha olmayapman. Mehribon Xoliqimga cheksiz shukrlar boʻlsinki, menga kuchli sabr va bardoshni ato qilib, suiqasdlarini barbod qildi. Bu yerda ayriliqning xar bir oyi bir yil yakka qamoq kabi ezuvchi boʻlib tuyulgan boʻlsada, duolaringiz barakasi va Allohning inoyati xar bir kunimni bir oychalik saodatli bir umrga aylantirdi. Mening istirohatim haqida xavotir olmang, Allohning rahmatning inoyati davom etmoqda.
Sabri qardosh! Sabrli boʻl, ahamiyatsiz va zararsiz boʻlgan vahimali va asabiy kasalligingga ahamiyat berma! Shifo uchun duo qilish bilan birga, zararsiz va xavfsizdir. Zero, hayolga kelgan yomonlik boʻlsa, oynada aks etgan ifloslik harom qilmagani, ilonning surati chaqmagani, olovning aksi kuydirmagani kabi, qalb va hayol oynalarida roziliksiz va beixtiyor keladigan yomon, xunuk va kufrga oid xotiralar ham zarar bermaydi. Chunki Usul Ilmida kufrni tasavvur qilish – kufr emas va yomonlikni hayol qilish – yomonlik boʻlmaydi.
Yaxshilik esa nuroniy boʻlgani uchun, uni tasavvur va hayol qilinishi ham yaxshilikdir. Chunki oynadagi nurning timsoli yorugʻlik beradi, taʼsirli boʻladi, ammo qattiq va qorongʻu narsaning timsoli esa jonsiz va taʼsirsiz boʻladi. Agar boshqa ruhiy azoblar boʻlsa, ular insonni sabr va kurashga oʻrgatish uchun Rabboniy qamchidir. Chunki, xotirjamlik va umidsizlikning xatariga tushib qolmaslik uchun, qoʻrquv bilan umid oʻrtasidagi muvozanatni saqlab, sabr va shukr holatida boʻlish uchun siqilish va xursandchilik holatlari Allohning Jaloliy va Jamoliy tajalliylaridan ogoh bandalarga keladi. Bu hol esa haqiqat ahli nazdida kamolotga yetaklaydigan mashhur qoida hisoblanadi.
Shomli Tavfiqning ehtiyotkorligini qadrlagan holda, uning oldingi qimmatli xizmatlari amallar daftariga doimiy ravishda yozilib borishi uchun, oʻzi ham doimiy ravishda xizmatda boʻlishi lozimligini bildiraman. Shukrki, u yana olmos qalami bilan oʻz vazifasiga kirishgani ruhimni umid va ishtiyoqlar bilan shod etdi. Barla hayotini sogʻinch bilan yodga soldi.
Sabri qardosh! Imomlik vazifasida boʻlishing Risolai Nurga zarari yoʻq. Ruxsat bilan amal qilish niyatida, hozircha chekinishing shart emas.
Xusrav qardosh! Beshinchi Shuʼlaning qiymatini toʻliq bayon qilib, qadrlaganing meni juda xursand qildi. Ikkinchi marta zar yozuvli Qurʼonni yozganing esa meni haddan ziyod quvontirdi. Shuningdek, muborak qalaming bilan men uchun ham yangi risolalarni nusxa koʻchirganing, meni minnatdorlik hissi bilan xursandlikdan yigʻlatdi.
Rushdu va Raʼfatning salomatligi hamda sadoqat va matonatlari qaygʻuli xavotirlarimni bartaraf qildi. Isparta talabalarining xotiri uchun men Ispartani oʻz qishlogʻim Nurs bilan birga duomlarimga qoʻshaman. Hatto u yerdan vafot etganlarga ham, Nursning vafot etganlari kabi duo qilaman. Isparta viloyatiga haqiqiy vatanim va mamlakatim deb qarayman.
Uskunasi kuchli Ali qardosh! Sizlarning xolis va samimiy faoliyatingiz sabab, Risolai Nurga sizlar kabi matonatli koʻplab talabalarning chiqishini va xizmat uzluksiz davom etishini umid qilardim. Men tanigan Abdulloh kabi va tanimagan barcha qardoshlarimga salomimni va barcha maʼnaviy yutuqlarimga ularni sherik qilayotganimni ham bildiring. Yozgan maktublarimda ismlari zikr etilmagan, ammo xotiramda yozgan qimmatli qardoshlarim bilan juda ham aloqadorman.
Qardoshlarim! Qattiq ehtiyot boʻlinglar, munofiqlar koʻp. Risolai Nur xizmatiga zarar yetmasligi uchun, iloji boricha risolalarning bu yerdan yuborilayotganini aytmanglar. Afsuski, men bu yerda butunlay yolgʻiz qolganim sababli, juda muhim haqiqatlar yozilmasdan, qayd etilmasdan qolib ketdi. Kuleoʻnu qishlogʻining xolis, samimiy va muborak mehnatkashlariga hamda Islomkoʻy qishlogʻining koʻplab sodiq va gʻayratli shogirdlariga, Barladagi vafodor va qimmatli doʻstlarimga, ayniqsa Egʻirdirdagi fidokor va vafodor Haqqiy va Mahmud kabi qardoshlarimga va boshqa barcha qardoshlarimga minglab salom aytaman va duolar qilaman.
Duolaringizga qattiq ishonadigan va unga
juda muhtoj boʻlgan qardoshingiz
Said Nursiy
Aziz, siddiq, fidokor va vafodor qardoshlarim, Qurʼon va iymon xizmatida kuchli qimmatli, mehnatsevar va iqtidorli qardoshlarim!
Bu dunyoda men uchun yurakka tasalli manbaʼi sizlarsiz va siz haqingizdagi katta umidlarimni roʻyobga chiqardingiz. Janobi Haq sizdan abadiy rozi boʻlsin, omin!
Yuborganlaringiz, ayniqsa Oʻninchi Soʻz bu yerda shunchalik foyda berdiki, agar qoʻlimdan kelganida, xar bir sahifasi uchun katta bir hadya berar edim. Ancha vaqtdan beri koʻrmaganim bois, qay birini oʻqisam “Eng afzali shu ekan”, dedim. Boshqasiga qarasam, “Bu afzalroq”, dedim. Yana boshqasiga qaragan sari hayratim ortib, qatʼiy qanoat hosil qildimki, Risolai Nurning kitoblarini bir-biridan afzal koʻrib boʻlmaydi. Xar birining oʻz oʻrnida yetakchilik maqomi bor. Va ular Qurʼonning bu zamonni nurlantiruvchi maʼnaviy moʻjizasidir.
Ha, bu asrning eng muhim maʼnaviy va ilmiy murshidi boʻlgan Risolai Nurning butun majmualari boshqa shaxsiy katta murshidlar kabi oʻziga mos va ilmiy haqiqatga munosib tarzda bir necha yoʻnalishlarda, ayniqsa iymon haqiqatlarini bayon etish va tarqatishda ulkan karomatlarga ega. Shuningdek, zoxiriy uchta karomati mavjud boʻlgan Moʻjizoti Ahmadiya, Oʻninchi Soʻz, Yigirma Toʻqqizinchi Soʻz va Oyatul Kubro kabi koʻplab risolalarning xar biri oʻziga xos karomatlarga ega ekanligi haqida koʻp belgilar va voqeʼalar menga qatʼiy ishonch bergan. Hatto sakarotda (jon berish holati) boʻlgan talabalariga iymonini saqlab qolish uchun bir murshid kabi yetib kelib, yordam bergani haqida koʻplab voqeʼalar hech qanday shubhaga oʻrin qoldirmaydi.
“Bir soat tafakkur qilish, bir yil nafl ibodat qilishga teng...” degan haqiqatning bir namunasini “Nurning Hizbi Akbari” ekanini koʻrdim va shunga ishonch hosil qildim.
Sizga Risolati Nurning Hizbi Akbarini va Qurʼonning Hizbi Aʼzamini yuborishni istar edim. Ammo Hizbi Aʼzam juda uzun boʻlgani uchun hali yozdira olmadim. Hizbi Akbarni tarjima qilmoqchi boʻldim, lekin hozircha bu fikrimdan qaytdim. Chunki siz kabi qardoshlarning tarjimaga muhtoj emasligini oʻylab, faqat arabcha nusxasini yuboraman, inshaalloh.
Sizlarga oldin yuborgan Oyatul Kubroning Birinchi Maqomining xulosasi boʻlgan qismi, oʻsha hizbning asosidir. Oʻsha asosga kichik jumla va baʼzi izohlar qoʻshilgan vaqtda, beixtiyor birdan u boshqa bir shaklga kirdi, ochilib va kengayib Oyatul Kubroning kichik namunasi kabi tavhidga oid guvohligi yorqin namoyon boʻldi, maʼnolari nurlandi. Shunda ruhimga, qalbimga, fikrimga buyuk bir rohat bera boshladi. Men juda charchagan va zerikkan paytimda uni tafakkur bilan oʻqidim, buyuk zavq va shavqni his qildim.
Bir savolga javob sifatida yozgan bir jumlani, sizlarga ham foydasi tegishi extimoli bilan bayon qilayapman:
Avliyolar devonlarini va ulamoning kitoblarini koʻp oʻqigan baʼzi zotlar tomonidan, “Risolai Nur bergan zavq va shavq, iymon va qatʼiy ishonch nima sababdan ularnikidan ancha kuchli?”, deb soʻraldi.
Javob. Qadimgi muborak zotlarning devonlaring aksariyati va ulamolarning baʼzi risolalari iymon va maʼrifatning natijalari, samaralari va fayzlari haqida soʻzlaydi. Ularning davrida iymon asoslariga va ildizlariga hujum boʻlmagan va iymon ruknlari mustahkam edi. Hozir esa, iymonning ildizlari va asoslariga juda qattiq va ommaviy hujum mavjud. Oʻsha devonlar va risolalarning koʻpchiligi faqat xos moʻminlarga va yakka shaxslarga murojaat qiladi, shu bois hozirgi zamonning dahshatli hujumlarini daf eta olmaydi.
Risolai Nur esa, Qurʼonning bir maʼnaviy moʻjizasi sifatida iymonning asoslarini qutqaradi va mavjud iymondan foydalanishga emas, balki koʻplab dalillar va yorqin burhonlar bilan iymonni isbotlashga, tahqiq etishga, muhofaza qilishga va shubhalardan qutqarishga xizmat qilayotgani uchun, hozirgi zamonda hammaga non va dori kabi zarurligini diqqat bilan qaraganlar tan olmoqdalar.
Devonlar, “Avliyo boʻl, koʻr, maqomlarga chiq, nazar sol, nurlar va fayzlaridan bahramand boʻl”, deydi.
Risolai Nur esa, “Kim boʻlishingdan qatʼiy nazar, qara, nazar sol, koʻr, faqat koʻzingni och, haqiqatni mushohada qil, abadiy saodatning kaliti boʻlgan iymoningni saqlab qol”, deydi.
Yana, Risolai Nur eng avval oʻz tarjimonining nafsini qanoatlantirishga harakat qiladi, keyin boshqalarga yuzlanadi. Albatta, nafsi ammorasini toʻliq qanoatlantirgan hamda vasvasalarni butunlay yoʻqotgan bir dars, juda kuchli va xolis boʻladiki, bu zamonda jamoa shakliga kirgan dahshatli zalolatning maʼnaviy shaxsiyati qarshisida yakka oʻzi gʻolibona qarshilik qila oladi.
Shuningdek, Risolai Nur boshqa ulamolarning asarlari kabi faqat aqlning qadami va nazari bilan dars bermaydi yoki avliyolar kabi faqat qalbni kashf va zavqi bilan harakat qilmaydi. Balki aql va qalbning birligi va uygʻunligi, ruhning va boshqa latif his-tuygʻularning yordami va tayanchi bilan harakat qilib, eng yuksak choʻqqilarga parvoz qiladi. Hujum qilayotgan falsafaning qadami hatto koʻzi ham yeta olmaydigan joylarga chiqadi, iymon haqiqatlarini xatto koʻr koʻzlarga ham koʻrsatib beradi.