Munojot

Badiuzzamon Said Nursiy

Munojot

Ushbu Munojot Risolasi, ham Allohning mavjudligining vojibligi, ham Vahdati, ham Ahadiyati, ham Rububiyatining hashamati, ham Qudratining azamati, ham Rahmatning kengligi, ham Hokimiyatning umumiyligi, ham Ilmining qamrovi, ham Hikmatining umumiyligi kabi iymonning eng muhim asoslarini gʻaroyib iyjoz ichida favqulotda qatʼiyat, xolislik va aniqlik bilan isbotlaydi. Hashrga ishoralari va xususan oxiridagi shiddatli ishoralari juda kuchlidir.

Munojot

Yo Ilohiy va yo Rabbiy! Men iymonning koʻzi, Qurʼonning taʼlimi va nuri bilan, Rasuli Akram alayhissalotu vassalomning darsi va Hakiym Ismi orqali koʻryapmanki:

Osmonlarda intizomi bilan Sening borligingga ishora va dalolat qilmaydigan hech qanday aylanish va harakat yoʻq!

Sukuti bilan shovqinsiz vazifa bajarib, ustunsiz turishlari bilan Sening rububiyatingga va vahdatingga shahodat va ishora qilmagan hech bir samoviy jism yoʻq!

Oʻlchovli yaratilishi, intizomli holati va nuroniy tabassumi bilan, barcha yulduzlarga oʻxshashlik va monandlik tamgʻasi bilan Sening hashamati uluhiyatingga va vahdoniyatingga ishora va shahodat qilmaydigan hech bir yulduz yoʻq!

Va oʻn ikki sayyoradan hikmatli harakati bilan va itoatli boʻysunishi bilan va intizomli vazifasi bilan va ahamiyatli yoʻldoshlari bilan Sening borligingning vojibligiga shahodat va saltanati uluhiyatingga ishora qilmaydigan hech bir sayyora yulduz yoʻq!

Ey zamin va osmonlarni yaratgan Yaratuvchi va ey zarralarni intizomli tarkiblari bilan boshqarayotgan, idora qilayotgan va bu sayyora yulduzlarni tartibli yoʻldoshlari bilan aylantirayotgan, amriga itoat qildirayotgan Zot! Darhaqiqat, osmonlar aholisi bilan, xar biri oʻzi alohida shahodat qilgani kabi, butun hayʼati bilan birga ochiq darajada Sening borligingning vojibligiga ochiq oydin, yagonaligingga va birligingga shunday quvvatli shahodat qiladilarki, bu shahodatni osmondagi yulduzlar sanogʻicha nuroniy burhonlar va porloq dalillar tasdiqlaydi.

Hamda bu musaffo, pokiza, goʻzal osmonlar favqulotda buyuk va favqulotda tez suzayotgan jismlari bilan intizomli qoʻshin va elektr chiroqlari bilan bezalgan saltanat flotiga oʻxshab, Sening rububiyatingning hashamatiga va xar narsani yaratgan qudratingning azamatiga yaqqol dalolat qiladi. Cheksiz samolarni qamragan hokimiyatingning va xar bir jonzotni quchogʻiga olgan Rahmatingning cheksiz kengligiga kuchli ishora qiladi. Barcha samoviy maxluqotlarning barcha ishlariga va holatlariga taalluqli, qabzasiga olgan, intizomga solgan Ilmingning hamma narsani qamraganiga va Hikmatingning xar bir ishni qoplaganiga shubhasiz shahodat qiladi. Ushbu shahodat va dalolat shu qadar ochiq ravshanki, goʻyo yulduzlar guvoh boʻlgan osmonlarning guvohlik kalimalari va jismoniy nuroniy dalillaridir.

Hamda, samovot maydonida, dengizida, fazosidagi yulduzlar esa, itoatkor askarlar, intizomli kemalar, gʻaroyib tayyoralar, ajoyib chiroqlar kabi holati bilan Sening uluhiyating saltanatining dabdabasini koʻrsatadi. U qoʻshinning askarlaridan bir yulduz hisoblangan Quyoshimizning sayyoralar va zaminimizdagi vazifalarining dalolati va eslatmasiga koʻra, Quyoshning boshqa sheriklari boʻlgan yulduzlarning bir qismi oxirat olamlariga qaraydi va vazifasiz emas. Balki boqiy olamlarning quyoshlaridir.

Ey Vojibul Vujud! Ey Vohidi Ahad! Bu gʻaroyib yulduzlar, ajoyib quyoshlar, oylar Sening mulkingda, Sening samovotingda, Sening amring, qudrating va quvvating bilan, Sening boshqaruv va tadbiring bilan boʻysundirilgan, nizomga solingan va vazifa yuklangan. Barcha ulkan jismlar oʻzlarini yaratgan, aylantirayotgan va boshqarayotgan yakka Xoliqqa tasbeh aytadi, takbir aytadi, holat tili bilan "Subhanalloh, Allohu Akbar" deydi. Men ham ularning butun tasbehlari bilan Seni poklayman.

Ey shiddatli zuhuri sababli koʻrinmayotgan va ey azamati kibriyosi sababli yashiringan Qodiyri Zuljalol!

Ey Qodiyri Mutlaq! Qurʼoni Hakiymning darsi bilan va Rasuli Akram alayhissalotu vassalomning taʼlimi bilan Osmonlar va yulduzlar Sening borligingga va birligingga guvohlik berayotgani kabi, atmosfera, bulutlari bilan, chaqmoqlari, momaqaldiroqlari, shamollari va yomgʻirlari bilan Sening borligingning vojibligiga va vahdating, yagonaligingga shahodat qilishini tushundim.

Darhaqiqat, jonsiz, ongsiz bulut obi hayot boʻlgan yomgʻirni faqatgina Sening rahmating va hikmating bilan muhtoj boʻlgan hayot egalariga yordamga joʻnatadi. Chalkash tasodif aralasha olmaydi.

Yana, elektrning eng buyugi boʻlgan va yoritish foydalariga ishora qilib undan foydalanishga tashviq qilayotgan chaqmoq esa, Sening fazodagi qudratingni goʻzal ravishda oydinlatadi.

Yana, yomgʻirning kelishi xushxabarini berayotgan, ulkan fazoni gapirtirayotgan va tasbehotining shovqini bilan koʻklarni larzaga keltirayotgan momoqaldiroqlar ham oʻz tili bilan gapirib, Seni poklab, Rububiyatingga shahodat qiladi.

Yana, jonzotlarning hayotiga eng kerakli rizqni va foydalanishi uchun eng osonini va nafaslarni berish va ularni rohatlatish kabi koʻp vazifalar yuklangan shamollar ham, havo boʻshligʻini goʻyo bir hikmatga binoan "Lavhi mahv va isbot" va "Yozib, ifodalab, oʻchiradigan taxtasi" suratiga aylantirib Sening qudratingning faoliyatiga ishora va Sening borligingga shahodat qilgani kabi, Sening marhamating bilan bulutlardan sogʻilib jonzotlarga yuborilayotgan rahmat ham, vaznli, intizomli tomchilari soʻzlari bilan Sening bepoyon rahmatingga va keng shafqatingga shahodat qiladi.

Ey Mutasarrifi Faʼol va ey Fayyozi Mutaʼol! Sening borligingning vojibligiga shahodat qilayotgan bulut, chaqmoq, momaqaldiroq, shamol, yomgʻirlarning xar biri alohida-alohida guvohlik qilgani kabi, butun hayʼati bilan, xususiyatlari bir-biridan uzoq, mohiyatlari bir-biridan farqli boʻlishiga qaramay, birlik, barobarlik, bir-biri ichiga kirish va bir-birining vazifasiga yordam berish xususiyatlari bilan ham Sening vahdating, yagonaliginga va birligingga juda quvvatli ishora qiladi.

Yana, ulkan fazoni ajoyib bir mahshar qilayotgan va baʼzi kunlari bir necha marta toʻldirib-boʻshatayotgan Rububiyatingning hashamatiga va keng osmonni yozib-oʻchiradigan lavha kabi va siqib u bilan zamin bogʻini sugʻoradigan suv purkagich kabi tasarruf qilayotgan qudratingning azamatiga va hamma narsani qamraganiga guvohlik qilgani kabi, butun yer yuziga va maxluqotga osmon pardasi orqasidan qarab turgan va boshqarayotgan rahmatingning va hokimiyatingning cheksiz kengligiga va hamma narsaga yetishishiga dalolat qiladi.

Yana, fazodagi havo shunchalik hikmatli vazifalarda xizmat qildirilmoqda. Bulut va yomgʻir shunchalik ilm bilan foydalarda ishlatilmoqda. Hamma narsani qamragan ilm va barcha narsani qoplagan hikmat boʻlmasa, u foydalanish, ishlatish mumkin emas.

Ey, Faʼolun limo yuriyd! Atmosferadagi faoliyating bilan xar doim hashr va qiyomat namunasini koʻrsatish, bir soatda yozni qishga va qishni yozga aylantirish, bir olamni keltirish va bir olamni gʻaybga joʻnatish singari ishlarni qilayotgan qudrating, dunyoni oxiratga aylantirish va oxiratda sarmadiy, abadiy ishlarni koʻrsatishidan darak bermoqda.

Ey Qodiyri Zuljalol! Atmosferadagi havo, bulut va yomgʻir, chaqmoq va momaqaldiroq Sening mulkingda, Sening amring va kuching bilan, Sening quvvat va qudrating bilan Senga boʻysundilirgan va vazifa yuklangan. Mohiyatan bir-biridan uzoq boʻlgan bu fazo maxluqlarni, oʻta tez va oniy amrlarga, tez va shoshilinch buyruqlarga itoat qildirayotgan Qoʻmondon va Hokimlarini poklab, rahmatini madhu sano qiladi.

Ey Yer va samovotning Xoliqi Zuljaloli! Sening Qurʼoni Hakimingning taʼlimi bilan va Rasuli Akram alayhissalotu vassalomning darsi bilan Samovot yulduzlari bilan va atmosfera ichidagi maxluqlari bilan Sening borligingning vojibligiga, Sening birligingga va vahdatingga shahodat qilayotgani kabi, er butun maxluqoti va holatlari bilan Sening borliging va birligingga mavjudoti sanogʻicha guvohlik va ishoralar qilayotganiga iymon keltirdim va bildim.

Darhaqiqat, zaminda kichik boʻlsin, katta boʻlsin, intizomi bilan Sening borliging va birligingga ishora qilmaydigan hech bir oʻzgarish, daraxt va hayvonlarida xar yili liboslarini oʻzgartirishdek biror bir almashish yoʻq!

Yana, zaifligi va ehtiyoji darajasiga koʻra berilayotgan rahimona rizqi bilan va hayoti uchun kerakli jihozlarining hikmatli berilishi orqali Sening borligingga va birligingga guvohlik qilmaydigan hech bir hayvon yoʻq!

Yana, ajoyib sanʼati bilan, latif ziynati bilan, butunlay ajralib turishi bilan, intizomi bilan va oʻlchovli boʻlishi bilan xar bahorda koʻz oʻngimizda yaratilyotgan nabotot va hayvonotning Seni bildirmaydigan hech bir donasi yoʻq!

Zamin yuzini toʻldirib turgan va nabotot va hayvonot deb atalgan qudratingning gʻaroyib namunalari va moʻjizalari, cheklangan va bir xil moddalardan, bir-biriga oʻxshagan tuxum va tuxumchalardan, tomchilardan, don va donchalardan va urugʻlardan xatosiz, mukammal, chiroyli, oʻziga xos farqli alomatlari bilan yaratilishlari Soneʼi Hakimlarining borligiga, birligiga, hikmatiga va cheksiz qudratiga shunday shahodat hisoblanadiki, ziyoning quyoshga shahodatidan koʻra kuchliroq va porloqdir.

Yana, ongsiz boʻlishiga qaramay, onglilar kabi, mukammal vazifalarni bajarishi orqali oddiy va istilo qiluvchi, intizomsiz, hamma joyga tarqalgan boʻlishiga qaramay, juda ham intizomli va hilma-hil mevalarni va mahsullarni gʻayb xazinasidan keltirishi orqali Sening birligingga va borligingga guvohligi boʻlmagan havo, suv, nur, olov va tuproq kabi hech bir unsur yoʻq!

Ey Fotiri Qodiyr! Ey Fattohi Allom! Ey Faʼoli Xalloq! Er yuzi butun aholisi bilan Xoliqining Vojibul Vujud ekaniga guvohlik qilayotganidek, Sening ey Vohidi Ahad! Ey Hannoni Mannon! Ey Vahhobi Razzoq! Yuzidagi muhri bilan va aholisining yuzidagi muhrlari bilan va birlik, barobarlik va bir-birining ichiga kirish, bir-biriga yordam berish, ularga qaratilgan rububiyat Ismlarining va ishlarining yakkaligidan, ochiq oshkor Sening vahdatingga va ahadiyatingga shahodat qiladi. Balki mavjudotlar sanogʻicha shahodat qiladi.

Yana, goʻyo, zamin bir lashkargoh, koʻrgazma, taʼlim joyi hisoblangani uchun, nabotot va hayvonot toifalaridagi toʻrt yuz ming turdagi farqli millatlarning bir-biridan farqli jihozlari intizomli ravishda berilishi orqali Sening rububiyatingning hashamatiga va qudratingning hamma narsaga yetishiga qanday dalolat qilayotganidek barcha son-sanoqsiz hayotdorlarning alohida-alohida rizqlari oʻz vaqtida, quruq va oddiy tuproqdan rahimona, karimona berilishi va son-sanoqsiz jonzotlarning mukammal boʻysunishi, Rabboniy amrlarga itoati Sening rahmating hamma narsani qoplaganiga va hokimiyating hamma narsani qamrab olganini koʻrsatadi.

Yana, zaminda tinimsiz almashib turgan maxluqot karvonlarining kelib-ketishi va boshqarilishi, navbat bilan oʻlim va hayotning almashib turishi, hayvon va nabototning boshqarilishi va tadbirlari, hamma narsaga taalluqli ilm bilan va hamma narsada joriy boʻlgan tuganmas hikmat bilangina amalga oshadi. Bu esa Sening Ilming va Hikmatingning qamroviga dalolat qiladi.

Yana, zaminda qisqa vaqtda cheksiz vazifalar bajaradigan, cheksiz yashaydigandek isteʼdod va maʼnaviy jihozlar bilan jihozlangan va zamin mavjudotini tasarruf qiladigan inson uchun bu dunyo taʼlimgohida, bu vaqtinchalik zamin lashkargohida va bu muvaqqat koʻrgazmada buncha ahamiyat, cheksiz xarajat, tuganmas Rububiyat tajalliylari, cheksiz Subhoniy xitoblar va tuganmas Ilohiy ehsonlar, albatta va xar holda bu qisqa va huznli umrga va qorishiq alamli hayotga, baloli va foniy dunyoga sigʻmaydi. Balki faqatgina boshqa va abadiy umr va boqiy saodat diyori uchungina boʻlishi mumkin. Shu jihatdan, boqiy olamdagi uxroviy ehsonlarga ishora, balki shahodat qiladi.

Ey Xoliqi Kulli Shay! Zaminning barcha maxluqoti Sening mulkingda, Sening eringda, Sening kuch-quvvating bilan va Sening qudrating, irodang, ilming va hikmating bilan boshqarilmoqda va boʻysundirilgan. Zamin yuzida faoliyati koʻrinib turgan Rububiyat shunday ihota va qamrov koʻrsatmoqda, uning boshqaruvi, tadbiri va tarbiyasi shunday mukammal va shunday hassos hamda xar tarafdagi faoliyatlari shunday birlik, barobarlik va oʻxshashlik ichidaki, boʻlinishni qabul qilmaydigan yaxlit, parchalanishi imkonsiz boʻlgan butun singari tasarruf va rububiyat ostida ekanini bildiradi. Yana, zamin butun aholisi bilan birga, soʻzlashish tilidan ham oshkor cheksiz tillar bilan Xoliqini poklaydi va tasbeh aytadi, son-sanoqsiz neʼmatlarining holat tili bilan Razzoqi Zuljaloliga hamd va madhu sano aytadi.

Ey zuhurining shiddatidan koʻrinmayotgan va ey azamati kibriyosi sababli Oʻzini berkitgan Zoti Aqdas! Zaminning butun poklashlari va tasbehlari bilan Seni kamchilikdan, ojizlikdan, sherikdan poklayman va butun hamd va sanolar bilan Senga hamd va shukr aytaman.

Ey Rabbul barri val bahr! Qurʼonning darsi va Rasuli Akram alayhissalotu vassalomning taʼlimi bilan osmon, fazo, va zamin Sening birliging va borligingga shahodat qilayotganidek, dengizlar, daryolar va chashmalar va irmoqlar ham Sening borligingning vojibligiga va vahdatingga ochiq ravshan shahodat qilishini tushundim.

Darhaqiqat, bu dunyomizning ajoyib manbaʼi boʻlgan bugʻ qozonlari hisoblangan dengizlarda borligi bilan, intizomi bilan, manfaati bilan va holati bilan Xoliqini bildirmaydigan hech bir mavjud, hatto bir tomchi suv ham yoʻq!

Oddiy bir qum va suvda rizqi mukammal shaklda berilayotgan, yaratilishi va vazifasi bilan, boshqarilishi va oziqlantirilishi bilan, idorasi va tarbiyasi bilan gʻaroyib maxluqlardan va yaratilishi oʻta intizomli dengiz hayvonlaridan, xususan, donasi bir millionta tuxum qoʻyib dengizlarni toʻldiradigan baliqlardan Yaratganiga ishora va Razzoqiga shahodat qilmaydigan biror maxluq yoʻq!

Yana, dengizda goʻzal yaratilishi, jozibador fitrati va manfaatli xosiyati bilan Seni tanimaydigan va bildirmaydigan biror qiymatli, xosiyatli va ziynatli javhar yoʻq!

Darhaqiqat, ularning xar biri alohida-alohida guvohlik qilgani kabi, umum hayʼati bilan, birgaligi va bir-biri ichiga aralashib ketgani bilan, xilqat tamgʻasining bir hilligi bilan, yaratilishning juda osonligi bilan va son jihatidan juda ham koʻpligi nuqtai nazaridan, Sening vahdatingga shahodat qiladi.

Shuningdek, tuprogʻi bilan birga erni oʻrab olgan dengizlarni muallaq turgizgan, va toʻkmasdan, sochmasdan quyosh atrofida aylantirgani va tuproqqa toshirib yubormagani hamda oddiy qumidan va suvidan hilma-hil, intizomli hayvonot va javharlarini yaratilgani, rizqlarini va boshqa ishlarini umumiy va mukammal suratda boshqarilgani va chora-tadbirlarini koʻrilgani, ustida koʻrinishi kerak boʻlgan behisob murdalardan hech birining koʻrinmasligi Sening borligingga va Vojibul Vujud ekaningga mavjudoti sanogʻicha ishoralar qilib, shahodat qiladi.

Sening rububiyat saltanatingning hashamatiga va hamma narsani qamrab olgan qudratingning azamatiga juda ochiq tarzda dalolat qilgani kabi, osmonlar ustidagi juda buyuk va tartibli yulduzlardan dengizlar tubidagi juda kichik va intizom bilan rizqlantirilayotgan baliqlargacha hamma narsaga yetgan va hukm qilayotgan Rahmating va Hokimiyatingning cheksiz kengligiga dalolat qiladi. Intizomlari, foydalari, hikmatlari, mezon va oʻlchangani bilan Sening hamma narsani qamrab olgan ilmingga va barcha narsani qoplagan hikmatingga ishora qiladi.