Ramazon, Iqtisod, Shukr Risolalari

Badiuzzamon Said Nursiy

Ramazon Risolasi

Ramazoni Sharifning juda koʻp hikmatlaridan toʻqqizini bayon qilgan hikmatdan iborat.

Birinchi hikmat. Ramazoni Sharifdagi roʻza, Islomiyatning besh ruknining dastlabkilaridandir. Islomiy shiorlarning ham buyuklaridan hisoblanadi.

Ramazoni Sharifdagi roʻzaning ham Janobi Haqning rububiyatiga, ham insonning ijtimoiy hayotiga, ham shaxsiy hayotiga, ham nafsning tarbiyasiga, ham Allohning neʼmatlarining shukriga tegishli koʻp hikmatlari bor.

Janobi Haqning rububiyatiga tegishli roʻzaning koʻp hikmatlaridan bir hikmati quyidagicha:

Janobi Haq zamin yuzini bir neʼmat dasturxoni suratida yaratgan. Barcha neʼmat turlarini ushbu dasturxonga مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ bir tarzda tortib, bu holat orqali mukammal Rububiyatini, Rahmoniyatini va Rahimiyatini ifodalaydi.

Insonlar gʻaflat pardasi ortida va sabablar doirasida bu holat ifodalayotgan haqiqatni toʻliq koʻra olmaydi, baʼzan unutadi. Ramazoni Sharifda esa, iymon ahli birdan intizomli bir qoʻshinga aylanadi. Sultoni Azaliyning ziyofatiga taklif qilingandek shomga yaqin "Marhamat qilinglar" degan amrini kutayotganday, qullik holatida boʻlishadi. Allohning shafqatli, hashamatli va umumiy Rahmoniyatiga keng, buyuk va intizomli qullik bilan javob qaytarishadi. Bunday yuksak qullikka va sharafli vazifaga ishtirok etmagan insonlar, inson ismiga loyiqmi, ajabo?!

Ikkinchi hikmat. Ramazoni Muborakning roʻzasining Janobi Haqning neʼmatlariga shukr qilishga tegishli koʻp hikmatlaridan biri quyidagicha:

“Birinchi Soʻz”da aytilganidek, podshohning oshxonasidan bir vositachi dallol keltirgan taomlar haq talab qiladi. Vositachi dallolga xizmat xaqqi berilsa-yu, juda qiymatli neʼmatlarni qiymatsiz hisoblab, uni inʼom qilgan Zotni tanimaslik oʻta ahmoqlik boʻladi. Janobi Haq sanoqsiz neʼmat sinflarini insoniyatga zamin yuzida tarqatgan. Javoban neʼmatlarning haqqi sifatida shukr istaydi. Neʼmatlarning zohiriy sabablari va egalari vositachi dallol hisoblanadi. Biz vositachi dallollarga haq toʻlaymiz, ulardan minnatdor boʻlamiz. Hatto loyiq boʻlmasada koʻp hurmat qilib, tashakkur aytamiz. Holbuki, Haqiqiy Munʼim sabablardan koʻra kuproq darajada neʼmat vositasida shukrga loyiq. Demak, neʼmatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri Undan deb bilib, ularning qiymatini taqdirlash va ularga oʻz ehtiyojini his etish orqali Unga tashakkur bildiriladi.

Ramazoni Sharifdagi roʻza, haqiqiy va xolis, buyuk va umumiy shukrning kalitidir. Chunki boshqa vaqtlarda insonlarning koʻpi, majbur boʻlmagani uchun haqiqiy ochlikni his qilmagani uchun, koʻp neʼmatning qiymatini idrok eta olmaydi. Toʻq odam, ayniqsa boy boʻlsa, ozgina qotgan nonning neʼmat ekanini tushunmaydi. Lekin, taʼm sezish tuygʻusi iftor vaqtida qotgan nonning moʻmin uchun juda qiymatli Ilohiy neʼmat ekaniga guvohlik qiladi. Ramazoni Sharifda podshohdan tortib eng kambagʻal odamgacha barcha, neʼmatlarning qiymatini anglab, maʼnaviy shukrga noil boʻladi. Kunduzgi yeyishdan ham man qilinib, "Bu neʼmatlar mening mulkim emas. Ularning tanovul qilishda hur emasman. Demak, boshqa Zotning moli va inʼomidir. Uning amrini kutyapman", deb neʼmatni neʼmat deb biladi, maʼnaviy shukr qiladi. Bu suratda roʻza koʻp jihatlari bilan haqiqiy insoniy vazifa boʻlgan shukrning kalitiga aylanadi.

Uchinchi hikmat. Roʻzaning ijtimoiy hayotga taʼalluqli koʻp hikmatlaridan biri quyidagicha:

Insonlar tirikchilik jihatidan farqli suratda yaratilgan. Janobi Haq boylarni kambagʻallarga yordam berishga chaqiradi. Chunki roʻzadagi ochlik orqali boylar kambagʻallarning achinarli holatlarini va ochligini toʻliq his qiladi. Agar roʻza boʻlmasa, ochlik va kambagʻallik qanchalik achchiq, kambagʻallar shafqatga qanchalar muhtoj ekanini idrok qilmaydigan koʻp nafsparast boylar topilishi mumkin. Bu jihatdan, insonlarning bir-biriga shafqat qilishi, haqiqiy shukrning asosidir. Kim boʻlsa boʻlsin, oʻzidan bir jihatda kambagʻalroq odamni topa oladi. Unga nisbatan shafqat qilish vazifasi yuklangan. Agar nafsiga ochlik tattirish majburiyati boʻlmaganida shafqat bilan yordam berish vazifasi yuklangan ehson va yordamni qilmas, qilsa ham, toʻliq boʻlmas edi. Chunki haqiqiy holatni oʻz nafsida his qilmas edi.

Toʻrtinchi hikmat. Ramazoni Sharifdagi roʻza nafsni tarbiyalashdagi koʻp hikmatlaridan bir hikmati quyidagicha:

Nafs oʻzini hur va erkin boʻlishini istaydi va shunday deb oʻylaydi. Hatto tabiiy shaklda mavhum bir roblik va oʻzi istagan harakatni qilishni istaydi. Son-sanoqsiz neʼmatlar bilan tarbiya qilinayotganini oʻylashni istamaydi. Xususan, dunyoda boylik va iqtidori boʻlsa, ustiga ustak gʻaflatda boʻlsa, Allohning neʼmatini oʻgʻri kabi butunlay tortib olib hayvondek eydi.

Demak Ramazoni Sharifda eng boydan eng kambagʻalgacha hammaning nafsi oʻzi molik emasligini, qulligini, hur emas, banda ekanini biladi. Amr qilinmasa, eng oddiy va eng yengil narsani ham qila olmasligini, qoʻlini suvga uzata olmasligini bilib, mavhum robligi sinadi, qullikni boʻyniga oladi, haqiqiy shukr vazifasini qila boshlaydi.

Beshinchi hikmat. Ramazoni Sharifning roʻzasi, nafsning axloqini toʻgʻrilashga va sarkash muomalalaridan voz kechishi jihatiga tegishli koʻp hikmatlaridan biri quyidagicha:

Inson nafsi gʻaflat tufayli oʻzini unutadi. Oʻz mohiyatidagi cheksiz ojizligini, cheksiz faqirligini, nihoyatsiz darajadagi kamchiligini koʻrmaydi, koʻrishni ham istamaydi. Qanchalik zaif, zavol topishga duchor va musibatlarga nishon ekanini, tez buzilib maydalanadigan goʻsht va suyakdan iborat ekanini oʻylamaydi. Xuddi poʻlatdan vujudi borday, oʻlmaydigandek oʻzini abadiy degan hayolda dunyoga tashlanadi. Dunyoga shiddatli hirs va tamaʼ bilan, qattiq aloqa va muhabbat bilan beriladi. Xar qanday lazzatli va manfaatli narsalarga bogʻlanadi. Oʻzini mukammal shafqat bilan tarbiya qilgan Xoliqini unutadi. Hayotining natijasini va oxirat hayotini ham oʻylamaydi, yomon axloq ichida tubanlashadi.

Ramazoni Sharifdagi roʻza eng gʻofil va qaysar kishilarga ham zaifligini, ojizligini va faqirligini his ettiradi. Ochlik vositasida oshqozonini oʻylaydi. Oshqozonidagi ehtiyojini tushunadi. Zaif vujudi qay daraja chirik ekanini eslaydi. Qay daraja marhamat va shafqatga muhtoj ekanini idrok etadi. Nafsning firʼavnligini tashlab, mukammal ojizlik va faqirlik bilan Allohning dargohiga iltijo qilishga istak paydo boʻladi va maʼnaviy shukr qoʻli bilan rahmat eshigini qoqishga tayyorlanadi. Agar gʻaflat qalbini buzmagan boʻlsa!

Oltinchi hikmat. Ramazoni Sharifning roʻzasi, Qurʼoni Hakimning nozil boʻlishiga tegishli jihati va Ramazoni Sharif Qurʼoni Hakim eng muhim nozil boʻlgan vaqtidir. Bu jihatidagi koʻp hikmatlaridan biri quyidagicha:

Qurʼoni Hakiym Ramazon oyida nozil boʻlgan. Inson bu vaqtni tayyorgarlik bilan, samoviy xitobni goʻzal kutib olish uchun Ramazoni Sharifda nafsning past hojatlaridan va foydasiz holatlardan uzoqlashadi, eb-ichishni tark etadi. Farishtaga oʻxshab, Qurʼonni yangi nozil boʻlayotganday oʻqib, tinglaydi. Natijada Allohning xitoblarini goʻyo nozil boʻlgan onda tinglash va bu xitobni Rasuli Akramdan (S.A.V.), balki Hazrati Jabroil (A.S.)dan, balki Mutakallimi Azaliydan (J.J.) tinglayotganday muqaddas holatga noil boʻladi. Oʻzi tarjimonlik qilib boshqasiga eshittirish va Qurʼonning nozil boʻlish hikmatini bir daraja koʻrsatishga kiradi.

Ha, Ramazoni Sharifda goʻyo Islom olami bir masjidga aylanadi. Shunday bir masjidki, millionlab qorilar bu katta masjidning burchaklarida Qurʼonni, samoviy xitobni erliklarga eshittiradi. Xar Ramazon شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذٖٓى اُنْزِلَ فٖيهِ الْقُرْاٰنُ oyatini nuroniy, porloq shaklda koʻrsatadi. Ramazon Qurʼon oyi ekanini isbotlaydi. Oʻsha ulkan jamoatning boshqa aʼzolari, baʼzilari xushuʼ bilan qorilarni tinglaydi. Boshqalari oʻzlariga oʻzlari oʻqiydi. Shunday muqaddas masjidda tuban nafsning hoyu-havaslariga tobe boʻlib, yeb-ichish orqali ushbu nuroniy holatdan chiqish qanchalik xunuk, masjiddagi jamoatning maʼnaviy nafratiga qanchalik nishon boʻlsa, shuning kabi, Ramazoni Sharifda roʻzadorlarga muxolif boʻlganlar ham oʻsha daraja Islom olamining maʼnaviy nafratiga va haqoratiga nishon boʻladi.

Yettinchi hikmat. Ramazonning roʻzasi, dunyoda oxirat uchun dehqonchilik va tijorat qilishga kelgan insonning daromad olishiga bogʻliq koʻp hikmatlaridan biri quyidagicha:

Ramazoni Sharifda amallarning savobi birga ming boʻladi. Qurʼoni Hakimning va hadisning ochiq ifodasi bilan, xar bir harfining oʻn savobi bor, oʻn hasana hisoblanadi, oʻn Jannat mevasi keltiradi. Ramazoni Sharifda xar bir harfning oʻn emas, ming va Oyatul Kursiy kabi oyatlarning xar bir harfi minglab va Ramazoni Sharifning Jumalarida yanada koʻp boʻladi. Laylatul Qadrda oʻttiz ming hasana yoziladi. Ha, xar bir harfi oʻttiz ming boqiy mevalar bergan Qurʼoni Hakiym nuroniy Tubo daraxti hisoblanib, Ramazoni Sharifda moʻminlarga millionlab boqiy mevalarni qozontiradi. Xullas kel, ushbu muqaddas, abadiy, foydali tijoratga qara, tomosha qil va bu harflarning qiymatini bilmaganlar qay daraja katta zararda ekanligini anglagin!

Ramazoni Sharif goʻyo oxirat tijorati uchun juda foydali bir koʻrgazma, bozordir. Oxirat daromadi uchun oʻta unumdor erdir. Amallarning koʻkarishi uchun bahordagi aprel oyidir. Allohning rububiyat saltanatiga qarata insoniyat qullikning namoyish qilishiga eng porloq, muqaddas bayram hisoblanadi. Shunday boʻlgani uchun, yeb-ichish singari nafsning gʻaflat bilan hayvoniy ehtiyojlariga va foydasiz orzu-istaklar asiri boʻlib ishtahali narsalarga berilmasligi uchun, roʻza vazifasi yuklangan. Goʻyo inson vaqtincha hayvonlikdan chiqib, farishtalik holatiga chiqadi. Yoki oxirat tijoratiga kirgani uchun, dunyoviy ehtiyojlarini vaqtinchalik tashlab, oxirat odami va jasadni tark etgan ruhoniy holatiga kirib, roʻzasi bilan Allohning Samadiyatiga bir jihatdan oynalik qiladi.

Ha, Ramazoni Sharif bu foniy dunyoda, foniy umr ichida va qisqa hayotda boqiy umr va uzun abadiy hayotni ichiga oladi, qozontiradi. Birgina Ramazon sakson yillik umr mevalarini qozontirishi mumkin. Qurʼonning ochiq ifodasi bilan, Laylatul Qadr ming oydanda xayrliroq ekani bu sirga qatʼiy hujjatdir. Masalan bir podshoh, saltanati muddatida, balki xar yili yo taxtga oʻtirish marosimida yoki baʼzi muhim kunlarni bayram qiladi. Oʻsha kuni xalqini umumiy qonunlar doirasida emas, balki xususiy ehsonlariga, pardasiz huzuriga, xos iltifotiga, hayratomuz ijrootlariga va toʻgʻridan-toʻgʻri loyiq va sodiq millatini xos eʼtiboriga sazovor qiladi. Xuddi shuning kabi, Azal va Abad Sultoni boʻlgan oʻn sakkiz ming olamning Podshohi Zuljaloli, oʻn sakkiz ming olamga, yuzlangan farmoni oliyshoni – Qurʼoni Hakiymni Ramazoni Sharifda nozil qilgan. Albatta, Ramazon maxsus Ilohiy bayram va Rabboniy koʻrgazma va Ruhiy majlisga aylanishi, Alohning hikmatining taqozosidir.

Modomiki Ramazon bayram ekan, albatta bir jihatdan past va hayvoniy ishlardan insonlarni uzoqlashtirish uchun roʻzaga buyuriladi. Oshqozon singari barcha tuygʻularni, koʻz, quloq, qalb, hayol, fikr kabi insoniy jihozlarga ham bir jihatdan roʻza tuttirish mukammal roʻza hisoblanadi. Yaʼni, xaromlardan, foydasiz narsalardan uzoqlashtirib, xar birini maxsus qullikka yoʻnaltirishdan iborat. Masalan, tilni yolgʻondan, gʻiybatdan va xunuk soʻzlardan qaytarib roʻza tuttirish. Uni Qurʼon tilovati, zikr, tasbeh, salovot va istigʻfor kabi narsalar bilan mashgʻul qilish. Koʻzni nomahramga qarashdan va qulogʻini yomon narsalarni eshitishdan man qilib, koʻzini ibratga va qulogʻini haq soʻz va Qurʼon eshitishga sarflash kabi, boshqa aʼzolarga ham roʻza tuttirishdir. Zotan, oshqozon eng katta fabrika boʻlgani uchun, roʻza bilan ishi toʻxtatilsa, boshqa kichik dastgohlar unga oson boʻysundirilishi mumkin.

Sakkizinchi hikmat. Ramazoni Sharif insonning shaxsiy hayotiga taʼalluqli boʻlgan koʻp hikmatlaridan bir hikmati quyidagicha:

Insonga eng muhim dori moddiy, maʼnaviy tiyilish, tib jihatidan parhez boʻlib, insonning nafsi yeb-ichish xususida oʻzi istagandek harakat qilgani sari, ham insonning moddiy hayotiga tibbiy tomondan zarari tegadi. Yana, halol-xarom demasdan duch kelgan narsaga hujum qilish, maʼnaviy hayotni zaxarlaydi. Keyin esa u nafsga qalb va ruhga itoat qilish ogʻir keladi. Isyon qilib tizginni qoʻliga oladi. Inson qaytib unga mina olmaydi, u insonga minadi. Ramazoni Sharifda esa roʻza vositasida parhezga koʻnikadi, riyozatga intiladi va buyruq tinglashni oʻrganadi. Bechora zaif oshqozonni ham hazmdan avval ovqat ustiga ovqat bilan toʻldirib, hastaliklarni chaqirmaydi. Buyruq bilan halolni tark etgani kabi, haromdan saqlanish uchun aql va shariatdan kelgan amrni tinglashga qobiliyat paydo qiladi. Maʼnaviy hayotini buzmaslikka harakat qiladi.

Aksar insonlar koʻp marta ochlikka yoʻliqadi. Sabr va bardosh uchun mashq hisoblangan ochlik riyozatga muhtojdir. Ramazoni Sharifdagi roʻza oʻn besh soat, saharliksiz esa yigirma toʻrt soat davom etadigan ochlikka sabr va bardosh qilish riyozat va mashqdir. Demak, insonning musibatini ikki baravarga oshirgan sabrsizlik va chidamsizlikning bir dorisi ham roʻzadir.

Oshqozon fabrikasining xodimlari koʻp. Unga aloqador koʻp insoniy jihozlar ham bor. Nafs agar bir oyning kunduz vaqtida ishini vaqtinchalik toʻxtatmasa, fabrika xodimlarining va jihozlarining xususiy ibodatlarini ularga unuttiradi, oʻzi bilan mashgʻul qiladi, tazyigʻi ostiga oladi. Boshqa insoniy jihozlarni ham, maʼnaviy fabrika charxlarining shovqini va tutunlari bilan chalkashtiradi. Eʼtiborni doim oʻziga tortadi. Yuksak vazifalarini vaqtinchalik unuttiradi. Shuning uchun eski davrda koʻp valiylar kamolga yetish uchun riyozatga, kam yeyish va ichishga oʻzlarini koʻniktirishgan. Ramazoni Sharif roʻzasi orqali fabrikaning xodimlari tushunadiki, faqatgina u fabrika uchun yaratilmagan. Boshqa jihozlar, fabrikaning tuban ermaklari oʻrniga, Ramazoni Sharifda malakiy va ruhoniy zavqlar bilan lazzatlanadi, eʼtiborini ularga qaratadi. Shuning uchun Ramazoni Sharifda moʻminlar, darajalariga koʻra turli tuman nurlarga, fayzlarga, maʼnaviy sururlarga sazovor boʻladi. Qalb va ruh, aql, sir kabi latifalarning bu muborak oyda roʻza vositasida koʻp taraqqiy topadi va fayz oladi. Oshqozonning yigʻisiga qaramay, ular maʼsumlik bilan kulishadi.

Toʻqqizinchi hikmat. Ramazoni Sharifning roʻzasi, toʻgʻridan-toʻgʻri nafsning mavhum rabligigni ketkazish va ojizligini koʻrsatib, qulligini bildirgan koʻp hikmatlaridan biri quyidagicha:

Nafs oʻz Rabbini tanishni istamaydi, firʼavn kabi Rab boʻlishni istaydi. Qancha azoblansa ham, unda oʻsha his saqlanib qoladi. Lekin ochlik bilan u hissi ketadi. Ramazoni Sharifdagi roʻza esa toʻgʻridan-toʻgʻri nafsning firʼavnligiga zarba uradi, sindiradi. Ojizligi, zaifligi, faqirligini koʻrsatadi. Qul ekanini bildiradi.

Hadis rivoyatlarida aytiladiki, Janobi Haq nafsdan, "Men kimman, sen kimsan?" deb soʻragan. Shunda nafs, "Men menman, sen sensan", degan. Azob bergan, Jahannamga tashlagan, yana soʻragan. Yana, "Ana ana, anta anta", degan. Xar qanday azob bermasin, “men”ligidan voz kechmagan. Soʻng ochlik bilan azob bergan, yaʼni och qoldirgan. "Man ana va ma anta?" deb soʻraganida nafs, اَنْتَ رَبِّى الرَّحٖيمُ § وَاَنَا عَبْدُكَ الْعَاجِزُ Yaʼni, "Sen mening Rabbi Rahimimsan, men sening ojiz bir qulingman", degan.

Uzr bayoni. Bu ikkinchi qism, qirq daqiqada tez yozilganligi uchun, men va ilk nusxani yozgan kotib ikkovimiz ham xasta boʻlganimiz sabab, albatta ichida chalkashlik va kamchilik boʻlishi mumkin. Doʻstlarimizdan avf nazari bilan qarashlarini kutamiz. Munosib topganlarini tahrir qilishlari mumkin.