YIGIRMA YETTINCHI SOʻZ
Ijtihod Risolasi
Besh-olti yil muqaddam arabiy risolada ijtihodga doir bir masala yozgan edim. Ikki qardoshimning istagi bilan bu masalada haddidan oshganlarning haddini bildirish uchun bu soʻz oʻsha ijtihodiy masalaga doir yozildi.
Ijtihod eshigi ochiqdir. Lekin hozirgi zamonda unga kirishga "Olti toʻsiq" bor.
Birinchisi. Qishda, boʻronlar qattiq kuchaygan vaqtda kichik teshiklar ham berkitiladi. Yangi eshiklar ochish esa hech bir jihatda kori aql emas. Katta sel hujum qilgan paytda, taʼmirlash uchun devorlarda teshik ochish gʻarq boʻlishga sabab boʻladi. Xuddi shuning kabi, bizning munkirot (Allohni inkor qilgan) davrda, ajnabiy odatlari hamma tomonni bosib olgan onda, bidʼatlar koʻpaygan vaqtda va zalolat buzgʻunchiliklari hangomida ijtihod nomi ostida Islomiyat qasridan yangi eshiklar ochib, buzgʻunchilarning devordan kirishiga sabab boʻluvchi darchalar ochish Islomiyatga qilingan jinoyatdir.
Ikkinchisi. Dinning zaruriy asoslari bor, ularning ichiga ijtihod kirmaydi. Chunki qatʼiy va muayyandir. Bu zaruriy asoslar qut va ozuqa hisoblanadi. Hozirgi davrda ular tark qilina boshlangan, qatʼiy ishonilmay qoʻyilgan, butun himmat va gʻayratni ularning qayta tiklanishiga hamda qayta tiriltirilishiga sarflash lozim boʻlib turgan paytda, Islomiyatning nazariyot qismida va salaflarning sof, xolis ijtihodlari bilan barcha davrlarning ehtiyojlariga javob bera oladigan fikrlari borligiga qaramasdan ularni tashlab, oʻtkinchi hissiyotga berilib yangi ijtihod qilish bidʼatli xiyonatdir.
Uchinchisi. Bu bamisoli, bozorda mavsumlarga koʻra bir matoning savdosi chaqqon boʻladi. Vaqti-vaqti bilan bir mol rivoj topadi. Bular kabi olam koʻrgazmasida ham insonlarning ijtimoiy va madaniy bozorida xar asrda bir mato talab qilinib rivoj topadi. Bozorda koʻrsatiladi, unga ragʻbat jalb qilinadi, eʼtibor unga qaratiladi, fikrlar u bilan mashgʻul boʻladi.
Masalan, hozir siyosat matosi, dunyoviy hayotni taʼminlash hamda falsafaning rivojlangani kabi... Salafi solihiyn asrida va u zamon bozorida eng talab qilingan mato yeru osmonlar Yaratuvchisi rozi boʻladigan ishlarini va bizdan xohishlarini kalomidan anglab yetish hamda Qurʼon va paygʻambarlik nuri bilan, berkitilmaydigan darajada ochilgan oxirat olamidagi abadiy saodatni qozontiradigan vositalarni qoʻlga kiritish edi.
U davrda fikrlar, qalblar, ruhlar bor kuchi bilan yerlar va osmonlar Rabbining rozi boʻladigan amallarini anglashga qaratilgan, insonlarning ijtimoiy suhbatlari, hodisalari, holatlari ham unga bogʻliq edi. Unga koʻra jarayon etgani uchun, xar kimning goʻzal bir isteʼdodi boʻlsa, uning qalbi va fitrati oʻzi sezmagan holda hamma narsadan maʼrifat darsini olar edi. Oʻsha davrda jarayon etgan voqeʼalardan, hodisalardan va suhbatlardan taʼlim olar edi. Goʻyo xar bir narsa unga muallim hisoblanib, uning fitrat va isteʼdodiga – ijtihodga tayyorgarlik fikri tarbiyalanar edi. Hatto oʻsha fitriy dars shu daraja bilimli qilar ediki, kasbsiz ijtihodga qobiliyatli, olovsiz nurlantirar edi.
Bu tarzda tabiiy dars olgan isteʼdod egasi ijtihodni oʻrganishga kirishganda gugurtga oʻxshagan isteʼdodi “nurun ala nur” siriga sazovor boʻlar, tez va qisqa muddatda mujtahid boʻlar edi.
Ammo hozirgi davrda Ovrupa madaniyatining bosimi, tabiatparastlik falsafasining hamma tomonga yoyilishi, dunyoviy hayot sharoitining ogʻirlashishi sababli fikrlar va qalblar abgor boʻlgan, himmat va inoyat boʻlinib ketgan. Zehnlar maʼnaviyatga begonalashgan. Shuning uchun, hozir bir kishi toʻrt yoshida Qurʼonni yod olib olimlar bilan bahslashgan Sufyon ibn Uyaynadek mujtahidning zakovatiga ega boʻlsa ham, u zotning ijtihodni oʻrgangan vaqtga nisbatan oʻn barobar koʻproq vaqtga muhtojdir. Sufyon (rh.a.) oʻn yilda ijtihodni tahsil olgan boʻlsalar, bu odam tahsil olish uchun yuz yilga muhtoj. Chunki Sufyon (rh.a.)ning tabiiy tahsili esini taniganidan boshlanadi. Asta sekin isteʼdodi tayyor boʻladi, nurlanadi, hamma narsadan dars oladi, gugurtga oʻxshaydi.
Ammo u zotga oʻxshash masalasida, hozirgi davr insoni zehni falsafada bugʻilgani, aqli siyosatga shoʻngʻigani va qalbi dunyoviy hayotda oʻzini yoʻqotgani uchun isteʼdodi ijtihoddan uzoqlashgan. Albatta hozirgi fanlarda chuqurlashish nisbatida isteʼdodi sharʼiy ijtihod qobiliyatidan uzoqlashgan va dunyoviy fanlarda bilimi oshgani sayin ijtihodni qabul qilishda ortda qolgan. Shuning uchun "Men ham u kabi zakovatliman, nima uchun u zotga yeta olmayman?" deya olmaydi va aytishga haqqi yoʻq va yeta olmaydi ham.
Toʻrtinchisi. Jismda koʻkarish uchun kengayish mayli boʻladi. Kengayish mayli (ichida boʻlgani tufayli) vujud va jism uchun rivojlanish boʻladi. Agar kengaytirish istagi tashqaridan boʻlsa, kengayish emas vujudning jildini yirtish, buzish boʻladi. Xuddi shuningdek Islomiyat doirasiga salafi solihiyn kabi komil taqvo eshigi orqali va dinning zaruriy asoslariga boʻysunish yoʻli bilan kirganlarda kengayish mayli va ijtihod qilish xohishi boʻlsa, kamol topish va rivojlanish boʻladi. Yoʻqsa, zaruriy asoslarni tark etgan, dunyoviy hayotni oxirat hayotidan ustun qoʻygan va moddaparastlik falsafasi bilan bulgʻangan kimsada kengayish mayli va ijtihod xohishi boʻlsa, Islomiyat vujudini xarob qilishga va boʻynidagi sharʼiy zanjirni chiqarishga sabab boʻladi.
Beshinchisi. Uch nuqtai nazar hozirgi davr (arziy) yerga oid ijtihod qiladi, samoviylikdan chiqaradi. Lekin shariat samoviy va sharʼiy ijtihod uning yashirin hukmlarini izhor qilgani uchun samoviydir.
Birinchisi: Bir hukmning hikmati boshqa, maqsadi boshqadir. Hikmat va maqsad esa ustun qoʻyilishiga sababdir. Ehtiyojga, ijodga sabab emas. Maqsad esa vujudga kelishiga sababdir. Masalan safarda namoz qasr qilinadi, (toʻrt rakaʼat farz oʻrniga) ikki rakat oʻqiladi. Bu sharʼiy ruxsatning maqsadi safardir, hikmati esa mashaqqatdir. Safar boʻlsayu, mashaqqati umuman boʻlmasa ham namoz qasr qilinadi. Chunki maqsad bor. Lekin safar boʻlmasa, yuz mashaqqat boʻlsa ham, namozning qasr qilinishiga asos boʻla olmaydi. Bu haqiqatning aksiga, hozirgi davr nazari – maqsadning oʻrniga foyda va hikmatni qoʻyib, unga koʻra hukm qiladi. Albatta bunday ijtihodlar arziy, yerga oiddir, samoviy emas.
Ikkinchisi: Hozirgi davr nazari avvalo va faqat dunyoviy farogʻatga qaraydi va hukmlari unga yoʻnalgan. Holbuki Shariatning avvalo va faqatgina oxirat saodatiga yuzlangan, ikkinchi darajada (oxiratga vasila boʻlgani tufayli) dunyoning saodatiga nazar soladi. Demak, bu davr nazari shariat ruhidan begonalashgan. Shunday ekan, Shariat nomidan ijtihod qila olmaydi.
Uchinchisi: اِنَّ الضَّرُورَاتِ تُبِيحُ الْمَحْظُورَاتِ yaʼni "Zarurat xaromni halol darajasiga keltiradi", qoidasi umumiy emas. Zarurat agar xarom yoʻli bilan kelmagan boʻlsa, xaromni halol qilishga sabab boʻladi. Suiisteʼmol qilib, zarurat nosharʼiy sabablar bilan kelgan boʻlsa xaromni halol qilmaydi, ruxsat qilingan hukmlarga sabab boʻla olmaydi, uzr tashkil qilmaydi.
Masalan, bir odam suiisteʼmol orqali xarom tarzda oʻzini sarxush qilsa, sodir qilgan ishlari, Shariat ulamolarining fikricha, oʻz zarariga ishaydi, uzrli hisoblanmaydi. Taloq qilsa, talogʻi haqiqiy boʻladi. Jinoyat qilsa, jazo oladi. Biroq ixtiyorini yomon yoʻlda qoʻllanmasa, taloq haqiqiy boʻlmaydi, jazo olmaydi. Masalan, bir odam ichkilikka zarurat darajasida mukkasidan mubtalo boʻlsa ham, "Zarurat, men uchun halol", deya olmaydi.
Bu davrda zarurat darajasiga kelgan va insonlarni mubtalo qilgan, ommaviy balo suratiga kirgan koʻp ishlar borki, sui ixtiyordan, nosharʼiy mayllar va harom muomalalardan kelib chiqqani uchun, ruxsatli hukmlarga sabab boʻlib, xaromni halol qilishga asos boʻla olmaydi. Bu davr mujtahidlari oʻsha turdagi zaruratlarni Sharʼiy hukmlarga asos qilgani uchun ijtihodlari arziy, yerga oid, havasga, falsafaga oid boʻlib, samoviy boʻla olmaydi, sharʼiy emas.
Holbuki, Samovot va Yerning Xoliqining ilohiy hukmlarida tasarruf va bandalarining ibodatiga aralashish Uning maʼnaviy izni boʻlmasa, qabul qilinmaydi. Masalan, baʼzi gʻofillar xutba kabi baʼzi islom shiorlarini arab tilidan chiqarib, xar bir millatning oʻz tilida oʻqilishini ikki sababga binoan maʼqullashadi.
Birinchisi: "Hozirgi siyosatni avom musulmonlarga bu yoʻl orqali tushuntirish". Lekin hozirgi siyosat ichiga shunchalik koʻp yolgʻon, hiyla va shaytonlik kirganki, shaytonlar vasvasasi hisoblanadi. Holbuki, minbar Ilohiy vahiyning tabligʻ joyi boʻlgani uchun, siyosiy vasvasalar oliy maqomga chiqishga haqqi yoʻq.
Ikkinchi sabab: "Xutba baʼzi Qurʼon suralarining nasihatlarining tushunilishi uchun". Agar Islom millati Islomiyatning zaruriyati, shubhasiz qoidalari va maʼlum hukmlarini aksariyat odamlar rioya qilib bajarganida, shariat nazariyasi, nozik masalalar va maxfiy nasihatlarni tushunish uchun bilgan tilida xutba oʻqishi va Qurʼon suralarining, agar tarjima qilish mumkin boʻlganida balki mustahsan, xush kutib olinar edi. Biroq namoz, zakot, roʻzaning vojibligi va qotillik, zino va sharobning xaromligi kabi Islomning maʼlum qatʼiy hukmlari eʼtibordan chetda qolmoqda. Avom insonlar ularning vojibligi va xaromligi haqida dars olishga muhtoj emas. Balki tashviq va eslatma bilan muqaddas hukmlarni eslatib, Islomiyat tuygʻusi va iymon hissini harakatga keltirib ergashishlari uchun tashviq, eslatma va xotirlatib turishga muhtojdir. Xolbuki, bir omi qanchalik johil boʻlsa ham, Qurʼondan va Arabiy xutbadan quyidagi umumiy mazmunlarni tushunadi, "Barchaga va menga maʼlum boʻlgan iymon ruknlarini va Islomiyatning asoslarini xatib va imom xotirlatadi, dars beradi, oʻqiydi", deydi. Qalbida ularga nisbatan ishtiyoq hosil boʻladi. Ajabo, koinotda, Arshi Aʼzamdan kelgan Qurʼoni Hakiymning iʼjozli, anglatuvchi eslatmalariga, zikrlariga, tashviqlariga teng kela oladigan qanday iboralar bor?
Oltinchisi. Salafi solihiynning buyuk mujtahidlari nur va haqiqat asri boʻlgan sahobalar asriga yaqin boʻlganlari uchun, sof nur olib, xolis ijtihod qila olar edi. Bu davr mujtahidlari esa haqiqat kitobiga qanchalab pardalar orqasida va uzoq masofada qaraydi. Eng yaqqol bir harfini ham zoʻrgʻa koʻra oladilar.
Agar, "Sahobalar ham insondir. Xatodan, xilofdan xoli emas. Xolbuki, ijtihod va Islom hukmlarining asosi sahobalarning adolati va toʻgʻriligi hisoblanadi. Ummat hatto "Sahobalar toʻliq adolatli, toʻgʻri gapiradi", deya ittifoq qilishgan desang,
Javob. Ha, sahobalar mutlaq aksariyati haqqa oshiq, toʻgʻrilikka ishtiyoqmand, adolatga xohishli boʻlishgan. Chunki u asrda yolgʻonning va kizbning xunukligi butun chirkinligi bilan, sidq va toʻgʻrilikning goʻzalligi butun chiroyi bilan koʻrsatilganki, ikkisining oʻrtasidagi masofa Arshdan yergacha ochilgan. Oʻrtadagi farq Asfali sofiliyndagi Musaylimai Kazzobning tubanligidan Aʼloyi Illiyindagi Hazrati Paygʻambar Alayhissalotu Vassalomning sidq darajasigacha boʻlgan. Ha, Musaylimani Asfali Sofiliynga tushirgan kizb boʻlgani kabi, Muhammadul Amin Alayhissalotu Vassalomni Aʼloyi illiyinga chiqargan narsa sidq va toʻgʻrilikdir.
Demak, oliy hislarni harakatga keltirgan, goʻzal xulqlarga mahliyo qilgan va Paygʻambarlik Quyoshining suhbat ziyosi bilan nurlangan sahobalar shu daraja xunuk va tubanlikka sabab boʻlgan va Musaylimaning masxara boʻlgan soxta uydirmalar doʻkonidagi yolgʻonga ixtiyori bilan qoʻllarini uzatishmagan. Kufrdan chekingandek kufrning doʻsti boʻlgan yolgʻondan chekinishgan. Goʻzal, faxrlanish, mubohlarga sabab, taraqqiy va saodatning eng yuksak darajasi, Faxri Risolatning oliy xazinasida eng qiymatli boʻlgan va goʻzalligining dabdabasi bilan insoniyat jamoatlarini nurlantirgan sidqqa, toʻgʻrilikka, haqqa, va ayniqsa shariat hukmlarini rivoyat qilish va yetkazishga, albatta qoʻllaridan kelgancha tolib, muvofiq va oshiq boʻlganlari qatʼi, zaruriy, shubhasizdir.
Lekin hozirgi davrda yolgʻon va sidqning oʻrtasidagi masofa shunchalik qisqarganki, goʻyo yelkama-elka holiga kelgan. Sidqdan yolgʻonga (oʻtmoq) juda oson boʻlib qolgan. Hatto siyosat targʻiboti vositasida yolgʻonchilik toʻgʻrilikdan ustun qoʻyilmoqda. Agar eng xunuk narsa eng goʻzal narsalar bilan birga bir doʻkonda bir narxga sotilsa, albatta juda oliy va haqiqat javhariga aylangan sidq va haq olmosi doʻkon sohibining ilmiga va soʻziga ishonib, koʻr-koʻrona olinmaydi.
Xotima
Asrlarga koʻra shariatlar oʻzgaradi. Balki bir asrda qavmlarga koʻra boshqa-boshqa shariatlar, paygʻambarlar kelishi mumkin va kelgan ham. Xotamul Anbiyodan soʻng Shariati Kubrosi xar asrda xar qavmga kifoya qilgani uchun, hilma-hil shariatlarga ehtiyoj qolmagan. Biroq tafsilotda bir daraja turli turli mazhablarga ehtiyoj mavjud.
Mavsumlarning oʻzgarishi orqali liboslar almashadi, mijozlarga koʻra dorilar oʻzgaradi. Shuning kabi, asrlarga koʻra shariatlar oʻzgaradi, millatlarning isteʼdodiga koʻra hukmlar oʻzgaradi. Chunki, sharʼiy hukmlarning tafsilot qismi insonlarning holatlariga bogʻliq. Bunga koʻra muvofiq, darmon boʻladi.
Avvalgi paygʻambarlar davrida inson tabaqalari bir-biridan juda uzoq, feʼl-atvorlari bir daraja qoʻpol, dagʻal, fikran ibtidoiy va badaviylikka yaqin boʻlgani sabab, u davrdagi shariatlar ularning holatiga muvofiq tarzda turlicha kelgan. Hatto bir qitʼada bir asrda boshqa-boshqa paygʻambarlar va shariatlar boʻlgan.
Soʻng, oxirzamon Paygʻambarining kelishi orqali insonlar goʻyo ibtidoiy darajadan oʻrta maktab darajasiga taraqqiy etgani uchun koʻp inqiloblar va oʻzgarishlar orqali insoniyat qavmlari bir xil dars oladigan, bitta muallimni tinglaydigan, birgina shariatga amal qiladigan darajaga kelgani uchun, turli shariatlarga ehtiyoj qolmadi, boshqa-boshqa muallimning ham keragi boʻlmay qoldi. Biroq tamoman bir saviyaga kelmagani uchun mazhablar koʻpaydi.
Agar insoniyatning aksariyati bitta oliy maktabning talabasi kabi bir hil ijtimoiy hayot kechirsa, bir saviyaga kelsa, shunda mazhablar ham birlashtirilishi mumkin. Lekin olamning hozirgi holati bunga yoʻl qoʻymagani bois mazhablar ham bir emas.
Agar, “Haq bitta boʻladi, qanday qilib toʻrt va oʻn ikki mazhabning xar hil hukmlari haq boʻlishi mumkin?” desang,
Javob. Bitta suv besh hil mijozli xastalarga koʻra besh xil hukm oladi. Biriga xastaligining mijoziga koʻra suv davodir, tibban vojib. Boshqa odamga hastaligi uchun zaxardek zararlidir, tibban xarom. Boshqa birovga oz zarar qiladi, unga tibban makrux. Keyingi odamga zararsiz, manfaati bor, tibban sunnat. Boshqa birovga esa na zarar, na manfaatdir, salomatlik bilan ichsin, unga tibban muboh. Bu yerda haq koʻpaydi. Beshi ham haq. Sen, "Suv faqat davo, faqat vojib, boshqa hukmi yoʻq", deya olasanmi?!
Shuning kabi, Ilohiy hukmlar, Allohning hikmatining mazhablarga chorlashi bilan ergashuvchilariga koʻra oʻzgaradi. Haq holda oʻzgarar va xar biri haq, foydali boʻladi. Masalan, Alloh hikmatining munosib koʻrishi bilan Imom Shofeʼiyga ergashganlarning aksariyat qismi Hanafiylarga nisbatan qishloqlarga va sahrolarga yaqinroq yashagani uchun jamoatni bir vujudga aylantiradigan ijtimoiy hayot noqis boʻlgani sabab, xar biri shaxsan oʻzi Qoziyul Hojatning dargohida oʻz dardini aytishi va xususiy talabini istashi uchun imomning orqasida Fotihani yakka yakka oʻqiydi.
Bu ayni haq va hikmatning oʻzidir. Imomi Aʼzamga ergashganlarning aksariyat qismi esa, Islomiy hukumatlarning aksariyati bu mazhabni tanlagani uchun, madaniyatga, shaharlarga yaqinroq va ijtimoiy hayotga isteʼdodi borligi uchun, bir jamoat bir shaxs hukmiga kirib, bir odam barchasining nomidan aytadi. Qolganlar qalban uni tasdiqlab va qalbini unga bogʻlaydi. Uning soʻzi barchaning soʻzi hukmiga oʻtgani uchun, Hanafiy Mazhabiga koʻra imomning orqasidan Fotiha oʻqilmaydi. Oʻqilmasligi ayni haq va hikmatning oʻzidir.