Meʼroj va Shaqqi Qamar Risolalari

Badiuzzamon Said Nursiy

Oʻttiz Birinchi Soʻz

Meʼroji Nabaviyaga doir (S.A.V.)

Eslatma. Meʼroj masalasi iymoniy ruknlarning asoslaridan soʻng keladigan natijadir. Va iymon ruknlarining nurlaridan madad oladigan nurdir. Iymon ruknlarini qabul qilmagan dinsizlarga qarshi albatta bu masalaning oʻzi isbot etilmaydi. Chunki Allohni bilmagan, Paygʻambarni tanimagan va farishtalarni qabul qilmagan yoki samovotning vujudini inkor qilgan kimsaga Meʼroj gapirilmaydi. Avvalo, bu ruknlarni isbotlash kerak boʻladi. Modomiki shunday ekan, biz Meʼrojni aqlga sigʻdira olmaslik orqali vasvasaga tushgan moʻminni tinglovchi sifatida qabul qilib, unga bayon qilamiz. Ora-sira tinglash maqomidagi boʻlgan mulhidni nazarga olib bayon qilamiz.

Baʼzi soʻzlarda Meʼroj haqiqatininig bir qancha yogʻdulari zikr qilingan edi. Qardoshlarimning qattiq iltimoslari va u yogʻdularni alohida-alohida haqiqatning asli bilan birlashtirish va Ahmadiy (S.A.V.) kamolotning jamoliga oyna qilish uchun inoyatni Allohdan istadik.

Avvalgi azim oyatning buyuk xazinasining birgina اِنَّهُ olmoshida bir balogʻat dasturiga tayangan ikki ramzning mavzuimizga munosabati boʻlgani uchun, iʼjoz bahsida bayon qilingan tarzda yozamiz.

Qurʼoni Hakiym, Habibi Akram Alayhi Afzalussolatu va Akmalussalamning Meʼrojining boshi boʻlgan Masjidi Haromdan Masjidi Aqsoga qilgan sayrini zikr etgach davomida, اِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ (17:1) deydi.

Bu kalom orqali وَالنَّجْمِ اِذَا هَوٰى (53:1) surasida ishora qilingan Meʼrojning natijalariga ramz qilgan اِنَّهُdagi olmosh yo Janobi Haqqa yoki Paygʻambarga (S.A.V.) taalluqlidir.

Paygʻambarga taalluqli boʻlsa, balogʻat qonuni va soʻzning kelishiga koʻra quyidagicha ifoda qiladi:

Bu kichik sayohatda umumiy sayr va kulliy yuksalish bor. Sidratul Muntahoga, Qobi Qavsaynga qadar Allohning Asmolarining kulliy martabalarida koʻziga, qulogʻiga kelgan Rabboniy oyatlarni va Ilohiy gʻaroyib sanʼatlarni eshitgan, koʻrgan, deydi. Kichik juzʼiy sayohatni, ham umumiy, ham ajoyib narsalar boʻlgan joyga sayohatning kaliti sifatida koʻrsatadi.

Agar olmosh Janobi Haqqa oid boʻlsa:

Bir qulini bir sayohatda huzuriga chaqirib, bir vazifa yuklash uchun Masjidi Haromdan Paygʻambarlar jam boʻlgan Masjidi Aqsoga yuborib, anbiyolar bilan uchrashtirib, butun anbiyolarning usuli dinlariga mutlaq voris ekanini koʻrsatgandan soʻng, Sidratul Muntahoga, Qobi Qavsayngacha mulk va malakutida sayr ettirdi.

U kishi bir qul boʻlsalar va mazkur sayohat kichik Meʼroj boʻlsada, bu qul bilan birga butun koinotga aloqador boʻlgan omonat, koinotning rangini oʻzgartiradigan nur, abadiy saodatning eshigini ochadigan kalit ekani, oʻsha omonat, nur va kalitning olamshumul, keng, umum koinotga oid va butun maxluqotni qamragan hikmatlarini koʻrsatishi uchun Janobi Haq oʻzini "Butun narsalarni eshitguvchi va koʻrguvchi" sifati bilan vasf qiladi.

Bu buyuk sirning "Toʻrt Asos"i bor.

Birinchi asos. Meʼroj nima uchun kerak?

Ikkinchi asos. Meʼrojning haqiqati nima?

Uchinchi asos. Meʼroj hikmati nima?

Toʻrtinchi asos. Meʼrojning samaralari va foydasi qanday?

BIRINCHI ASOS

Meʼroj kerakligining sirri:

Masalan, Janobi Haqni اَقْرَبُ اِلَيْهِ مِنْ حَبْلِ الْوَرِيدِ (50:16) dir, deyiladi. Hamma narsaga hamma narsadan ham yaqin. Jismdan, makondan munazzah. Xar bir valiy qalbi ichida U bilan koʻrisha oladi. Nima sababdan Paygʻambarimizning (S.A.V.) Valiyligiga xar bir valiy oʻz qalbida erishgan munojatga Meʼroj kabi uzun bir sayohatning natijasidan soʻnggina muvaffaq boʻladi?

Javob. Bu nozik masala sirini “ikki misol” bilan tushunishga yaqinlashtiramiz. Oʻn Ikkinchi Soʻzning Qurʼon Iʼjozining sirlari va Meʼroj siri haqidagi ushbu ikki misolga quloq sol:

Birinchi misol. Bir Sultonning ikki hil tarzda xitobi qiladi, suhbati quradi, koʻrishadi. Ikki tarzda xitobi, iltifoti bor. Biri, kichik ish yuzasidan omi odam bilan xususiy ehtiyojga doir xos telefonda gaplashish. Ikkinchisi, eng buyuk sultonlik unvonidan, eng buyuk xalifalik nomidan, umumiy hokimlik martabasidan va amrlarini atrofga yoyish va namoyish qilish maqsadida ishlarga aloqador elchisi orqali yoki buyruqlarga bogʻliq katta xodimi bilan gaplashish, suhbat qilishi. Va haybatini izhor qilgan oliy bir farmon bilan xitob qilish.

وَ ِللهِ الْمَثَلُ اْلاَعْلٰى (16:60) bu misol kabi koinot Xoliqining, Malikul Mulk va Malakutning, Azal va Abad Hokimining ikki xil xitobi, suhbati, iltifoti mavjud. Biri kichik va xos, keyigisi kulliy va umumiy. Meʼroj – Paygʻambarimizning (S.A.V.) Valiyligining butun valiyliklardan ustun umumiy, ulugʻ suratda koʻrinishi boʻlib, butun koinotning Rabbi Ismi va butun mavjudotning Xoliqi unvoni bilan Janobi Haqning suhbatiga va munojotiga musharraflik hisoblanadi.

Ikkinchi misol. Bir odam qoʻlidagi oynani quyoshga qaratganda, oyna quyoshdan nur va yetti rangni oʻz miqyosida jamlagan ziyo, aks oladi. Buning nisbatida quyosh bilan munosabatda boʻladi, suhbatlashadi. Bir kishi nurli oynani qorongʻu uy va yoki usti tom bilan yopilgan kichik, xususiy bogʻga qaratsa, quyosh qiymati nisbatida emas, balki oyna qobiliyati miqdoricha foydalanishi mumkin. Boshqa odam esa oynani qoʻyib, toʻgʻridan-toʻgʻri quyoshga qaraydi, hashamatini koʻradi, azamatini tushunadi. Soʻng juda yuksak toqqa chiqib, quyoshning juda keng porloq hokimiyatini koʻradi va u bilan shaxsan, pardasiz koʻrishadi. Soʻng qaytib, uyi yoki bogʻining tomidan keng derazalar ochadi, osmondagi quyoshga yoʻllar qiladi, haqiqiy quyoshning doimiy ziyosi bilan suhbatlashadi, gaplashadi. Shunday qilib minnatdor suhbat quradi va, "Ey yer yuzini nuri bilan charogʻon etgan, zamin yuzini va butun gullarning yuzlarini kuldirgan dunyo goʻzali, osmon nozdori boʻlgan nozanin quyosh! Butun dunyoni charogʻon etganing va yer yuzini isitganing kabi mening uychamni, bogʻchamni isitding va charogʻon etding", deydi. Lekin avvalgi oyna sohibi bunday deya olmaydi. Undagi quyoshning aksi oyna chegarasida chegaralangan, oʻsha qaydga koʻra koʻrinadi.

Shamsi Azal va Abad Sultoni boʻlgan Zoti Ahad va Samadning tajalliyi insoniy mohiyatga cheksiz martabalarni ichiga olgan ikki suratda namoyon boʻladi:

Birinchisi. Shamsi Azaliyning nuriga, suhbatiga va munojotiga qalb oynasiga uzangan Rabboniy aloqa va tazohur boʻlib, xar kim isteʼdodiga hamda martabalar oshishda sayri sulukida Allohning Asmo va Sifatlarining tajalliylariga nisbatan juzʼiy va kulliy sazovorlik. Aksar Asmo va Sifatlarning soyasida yurgan valiyliklarning darajalari bu qismdan kelib chiqadi.

Ikkinchisi. Insonning qamrovli mohiyati va koinot daraxtining eng munavvar mevasi boʻlgani sabab butun koinotda jilvalari namoyon boʻlgan Asmoi Husnani ruhining oynasida birdan koʻrsata oladi. Bu jihatdan Janobi Haqning Zotining tajalliyi bilan va Asmoi Husnaning aʼzamiy martabada inson sinfining maʼnan eng buyuk aʼzosiga muazzam tajalliy koʻrinadiki, bu koʻrinish va tajalliy Hz.Muhammad (S.A.V.) Meʼrojining siridir.

U kishining valiyligi risolatiga boʻshlangʻich boʻladi. Bu valiylik, soyadan oʻtadi, ikkinchi misolning birinchi odamiga oʻxshaydi. Risolatda soya yoʻq, toʻgʻridan-toʻgʻri Zoti Zuljalolning Ahadiyatiga qaraydi, ikkinchi misoldagi odamga oʻxshaydi. Meʼroj esa Paygʻambarimiz (S.A.V.) Valiyligining eng buyuk karomati, eng yuksak darajasi boʻlgani uchun, risolat martabasiga aylangan.

Meʼrojning botini valiylikdir, xalqdan Haqqa boradi. Meʼrojning zohiri risolat boʻlib, Haqdan xalqqa kelmoqda. Valiylik – qurbiyat martabalarida sulukdir. Inson koʻp martabalarni bosib oʻtishga va bir darajada vaqtga muhtoj boʻladi. Buyuk nur boʻlgan risolat esa Allohning qurbiyati, yaqinligining yuzaga kelishining siriga bogʻliq boʻlib, unga bir lahza kifoyadir. Shuning uchun hadisda, "Bir onda borib kelgan", deyilgan.

Endi, tinglayotgan dinsizga aytamiz:

Modomiki bu koinot oʻta intizomli bir mamlakat, juda muhtasham bir shahar, gʻoyat ziynatli bir saroy ekan, albatta, uning bir Hokimi, Sohibi, Ustasi boʻladi. Modomiki bunday hashamatli Maliki Zuljalol, Hakiymi Zulkamol, Soneʼi Zuljamol bor ekan, modomiki butun olamga, mamlakatga, shaharga, saroyga aloqasi bor ekan hamda his va tuygʻulari bilan barchasiga munosabati bor va nazari umumiy boʻlgan bir inson bor ekan, albatta Soneʼi Muhtasham shu umumiy nazarli va idrokli inson bilan yuksak, ulugʻ munosabati boʻladi, unga muqaddas xitobi va oliy eʼtibori boʻladi. Yana modomiki Odam Alayhissalomdan hozirgacha shu munosabatga noil boʻlganlar ichida belgilarining guvohligi bilan, yaʼni Yer kurrasining yarmini va insoniyatning beshdan birini tasarrufi doirasiga olgani va koinotning maʼnaviy shaklini oʻzgartirgani, nurlantirgani kabi, eng buyuk martabada ham Muhammadi Arabiy Sallallohu Alayhi Vasallam mazkur munosabatni namoyon qilganlar. Shunday ekan, u munosabatning eng ulugʻ martabasidan iborat boʻlgan Meʼroj unga eng loyiq va eng munosib boʻladi.

IKKINCHI ASOS

Meʼrojning haqiqati nima?

Javob. Paygʻambarimiz (S.A.V.) shaxsiyatining komil martabalarida sayri suluk qilishdan iborat. Yaʼni, Janobi Haqning maxluqotdagi tartibida tajalliy ettirgan turli tuman Asmosi va Unvonlari bilan Rububiyat saltanatida tashkil etgan tadbir va ijod doiralarida hamda u doiralarda Rububiyat arshlari va tasarruf markazlariga sabab boʻlgan osmon tabaqasida namoyon qilgan Rububiyat asarlarini xos quliga bir-bir koʻrsatib, uni butun insoniy kamolotni oʻzida jamlagan, butun Ilohiy tajalliylarga sazovor, butun koinot tabaqalariga nazoratchi, Rububiyat saltanatining jarchisi, Allohning roziligining yetkazuvchisi va koinot tilsimining kashf qilivchisi qilish uchun Buroqqa mindirib, samovotni yashin kabi sayr ettirib, martabalarni oshtirib, oy kabi manzildan manzilga, doiradan doiraga Alloh rububiyatini tomosha ettirib, maqomlari doiralarning samolarida boʻlgan va doʻstlari boʻlgan anbiyolarni birma-bir koʻrsatib, Qobi Qavsayn maqomiga chiqargan, Ahadiyat bilan kalomiga va ruʼyatga, koʻrishga musharraf qilgan. Bu yuksak haqiqatga “ikki misol” durbini orqali qarash mumkin.

Birinchisi. Yigirma Toʻrtinchi Soʻzda izohlanganidek, bir podshohning oʻz hukumati doiralarida turli tuman unvonlari, xalqining tabaqalarida boshqa-boshqa nom va vasflari, saltanatining martabalarida xar hil ism va nishonlari boʻladi. Misol uchun, adliya doirasida adolatli sudʼya, boshqaruvda sulton, harbiy doirada oliy bosh qoʻmondon va ilmiy doirada xalifa va hokazo... Ism va unvonlari boʻladi. Xar bir doirada bittadan maʼnaviy taxti hisoblangan maqomi va kursisi boʻladi.

Birgina podshoh saltanat doiralarida va hukumat tabaqalari martabalarida ming hil ism va unvon sohibi boʻladi. Bir-birining ichida minglab saltanat tahti boʻladi. Goʻyo hokimning xar bir doirada maʼnaviy shaxsiyat eʼtibori va telefoni bilan mavjud va hozir boʻladi, biladi. Xar bir tabaqada qonuni, nizomi, vakili bilan koʻrinadi, koʻradi. Xar martabada parda ortida hukmi, ilmi, quvvati bilan boshqaradi, kuzatadi. Xar bir doiraning alohida markazi, manzili bor. Hukmlari bir-biridan farqli. Tabaqalari bir-biridan boshqa.

Shunday bir sulton oʻzi istagan zotni butun doiralarida aylantirib, xar doiraga maxsus shoxona saltanatini va hokimona amrlarini koʻrsatib, doiradan doiraga, tabaqadan tabaqaga sayr qildirib, huzurigacha keltiradi. Soʻng barcha doiralarga taʼalluqli baʼzi umumiy, kulliy amrlarni unga omonat qilib beradi, yuboradi.

Huddi bu misol kabi, Azal va Abad Sultoni boʻlgan Rabbul Olamiyn uchun Rububiyatining martabalarida boshqa-boshqa, faqat bir-biriga qaragan xususiyat va nomlari bor. Uluhiyatining doiralarida turlicha, lekin bir-biri ichida koʻrinadigan Ism va belgilari bor. Hashamatli ijrootida alohida-alohida, ammo bir-biriga oʻxshash tajalliy va jilvalari bor. Qudratining tasarruflarida farqli, faqat bir-birini his ettirgan unvonlari bor. Sifatlarining tajalliylarida turli tuman, lekin bir-birini koʻrsatadigan muqaddas zuhurlari bor. Ishlarining jilvalarida turli-tuman, faqat bir-birini mukammallashtiradigan tasarruflari bor. Rango-rang sanʼantida va sanʼatli asarlarida turli-tuman, ammo bir-birini tomosha etadigan hashamatli Rububiyati mavjud.

Bu buyuk sirga asosan koinotga hayratga soladigan, ajib tartib oʻrnatgan. Eng kichik maxluqot tabaqasi zarralardan samovotgacha, samovotning birinchi tabaqasidan Arshi Aʼzamgacha bir-biri ustida doiralar mavjud. Xar bir samo boshqa bir olamning tomi, Rububiyat-rablik uchun arsh va tasarruflari uchun markaz hisoblanadi. U doiralar va tabaqalarda Ahadiyat eʼtibori bilan jamiʼ Ismlar boʻlishi mumkin. Butun unvonlar bilan tajalliy etadi. Lekin adliyada odil sudʼya unvoni asosiydir, hokimdir, boshqa unvonlari u yerda uning amriga qaraydi, unga tobeʼdir.

Xuddi shuningdek, xar bir maxluqot tabaqalarida, xar bir samoda bir Asmo, bir Ilohiy unvon hokimdir. Boshqa unvonlar uning soyasidadir. Masalan, Qodiyr Ismiga sazovor boʻlgan Hazrati Iso Alayhissalom qaysi samoda Paygʻambar Alayhissolatu Vassalam bilan uchrashgan boʻlsa, demak oʻsha samo doirasida Janobi Haqning oʻzi u yerda Qodiyr unvoni bilan tajalliy etadi. Masalan, Hazrati Muso Alayhissalomning maqomi boʻlgan samo doirasida asosan hukm suradigan unvon Hazrat Muso Alayhissalom noil boʻlgan Mutakallim unvonidir va hokazo...

Paygʻambarimizning shaxsiyati Alayhissolatu Vassalom Ismi Aʼzamga noil, nubuvvati umumiy, barcha Ismlarga sazovor boʻlgani uchun, albatta barcha Rububiyat doiralari bilan aloqadordir. Albatta, oʻsha doiralarda maqom sohibi boʻlgan anbiyolar bilan koʻrishishva barcha tabaqalardan oʻtish Meʼroj haqiqatini taqozo qiladi.

Ikkinchi misol. Bir sultonning unvonlari orasida Qoʻmondani Aʼzam unvoni harbiy doiralarning qoʻshin qoʻmondoni kabi umumiy va keng doiradan serjant doirasiday kichik va xar bir xususiy doiragacha koʻrinishi, jilvasi boʻladi. Masalan, bir askar qoʻmodonlik oliy unvonining namunasini oʻn boshi shaxsida koʻradi, unga itoat qiladi, undan buyruq oladi. Askar serjant boʻlganida, katta serjant doirasidagi qoʻmondonlik doirasi ostiga kiradi, unga tobeʼ boʻladi. Katta serjant boʻlsa, qoʻmondonlik namunasini va jilvasini leytenant doirasida koʻradi. Oʻsha maqomda unga xos mansab kursisi boʻladi va hokazo... Mayor, polkovnik, general, marshal doiralarining xar birida ularning katta va kichikligi nisbatida qoʻmondonlik unvonini koʻradi.

Oliy bosh qoʻmondon bir askarga harbiy doiralarga aloqador boʻladigan vazifa yuklashni istasa, taftishchi kabi xar doirani koʻrib va koʻradigan maqom berishni istasa, albatta, qoʻmondoni aʼzam u askarni serjant koʻrishi, koʻrilishi uchun doirasidan boshlab eng katta doirasigacha bir-bir aylantiradi. Soʻng huzuriga qabul qilib suhbatiga musharraf qiladi. Nishon va farmon berib iltifot koʻrsatadi va kelgan joyigacha bir onda olib borib qoʻyadi.

Bu misolda bir tomonni eʼtiborga olish kerak. Agar podshoh ojiz boʻlmasa, zohirdagidek maʼnaviy jihatida ham iqtidori boʻlsa, general, marshal, mulozim kabi shaxslarni vakil qilmaydi. Hamma joyda shaxsan oʻzi hozir boʻladi. Lekin baʼzi pardalar ostida va mansabdor shaxslarning orqasida toʻgʻridan-toʻgʻri amrni u beradi. Baʼzi komil valiy boʻlgan podshohlar koʻp doiralarda baʼzi shaxslar suratida ijrootini bajargani rivoyat qilinadi.

Bu misol orqali koʻrgan haqiqatimiz, ojizlik uning ichida boʻlmagani uchun, toʻgʻridan-toʻgʻri xar bir doirada amr va hukm qoʻmondoni aʼzamdan keladi. Ishlar Uning amri, irodasi, quvvati bilan amalga oshadi.