HASHR BAHSI
ESLATMA
Bu risolalarda tashbeh va misollarni hikoyalar suratida yozganimning sababi ham osonlashtirish, ham Islom haqiqatlarining naqadar maʼqul, mutanosib, mahkam ekanini va bir-birini quvvatlashini koʻrsatishdan iborat. Hikoyalarning maʼnolari, oxirlaridagi haqiqatlarda koʻrsatilgan. Kinoyalar navʼidan faqat ularga dalolat qiladi. Demak, ular hayoliy hikoyalar emas, toʻgʻri haqiqatlardir.
Birodar, hashr va oxiratni oddiy, avom tilida va ochiq tarzda bayonini istasang, quyidagi misoliy hikoyachaga nafsim bilan birga qara, tingla.
Bir kuni ikki odam Jannat kabi goʻzal bir mamlakatga (bu dunyoga ishorat) boradi. Qarasalar, hamma uy, xona, doʻkon eshiklarini ochiq qoldirib, muhofaza qilishga eʼtibor bermayapti. Mol va pul ochiq, sohibsiz qolgan. Ikkisidan biri xohlagan narsasiga qoʻlini uzatib yo oʻgʻirladi, yo oʻzlashtirdi. Nafsining orzulariga tobeʼ boʻlib xar qanday zulmni, xarom ishni qildi. Aholi esa unga koʻp gapirmadi. Narigi oʻrtogʻi unga:
- Nima qilyapsan? Jazo olasan, meni ham baloga qoʻyasan. Bu mollar davlatga tegishli mol. Aholi bola-chaqasi bilan yo askar boʻlgan yoki xodim. Bu ishlarda fuqarolar kiyimida jalb qilinishyapti. Shuning uchun sen bilan ishi boʻlmayapti. Lekin intizom qattiq. Podshohning hamma joyda telefoni bor va xodimlari hozir. Tezda borib, omonlik tila, dedi. Lekin u tentak qaysarlik qilib:
- Yoʻq, davlat mulki emas, balki vaqf molidir, egasi yoʻq. Hamma istagani kabi tasarruf qila oladi. Bu goʻzal narsalardan foydalanishimni man qiladigan hech qanday sabab koʻrmayapman. Koʻzim bilan koʻrmasam ishonmayman, dedi. Yana, faylasuflarga oʻxshab koʻp safsata sotdi. Ikkilovi orasida jiddiy tortishuv boshlandi. Avval u tentak:
- Podshoh kimdir? Uni tanimayman, dedi.
Oʻrtogʻi unga javoban: Bir qishloq raissiz boʻlmaydi. Bir igna ustasiz boʻlmaydi, sohibsiz emas. Bir harf kotibsiz boʻlmaydi, bilasan. Qanday qilib, ushbu oʻta muntazam mamlakat hokimsiz boʻlsin? Bu qadar koʻp boylik, xar soatda bir poyezd gʻaybdan kelayotganday qiymatli, sanʼat bilan yaratilgan mollar bilan toʻla keladi. Bu yerga boʻshaladi, ketadi. Bular qanday qilib egasiz boʻlishi mumkin? Hamma joyda koʻrinayotgan eʼlonnomalar, bayonnomalar va xar bir mol ustida koʻringan muxr va tamgʻalar, belgilar va xar burchagida hilpirayotgan bayroqlar qanday qilib moliksiz boʻlishi mumkin? Koʻrinib turibdiki, sen bir oz farang fani oʻqigansan. Islom yozuvlarini oʻqiy olmayapsan. Boz ustiga, biladigan kishidan ham soʻramayapsan. Qani kel, eng buyuk farmonni senga oʻqib beraman, dedi.
Shunda u tentak:
- Xoʻp, mayli, podshoh bor. Lekin mening kichik foydalanishim unga qanday zarar beradi. Xazinasidan nima kamayadi? Bu yerda qamoq-mamoq ham yoʻq, jazo koʻrinmayapti, dedi.
Oʻrtogʻi unga javoban:
- Shu koʻrinib turgan mamlakat bir mashq maydonidir. Ham saltanatga oid antiqa sanʼatlarning koʻrgazmasidir. Yana vaqtinchalik sobit boʻlmagan musofirxonalaridir. Xar kuni bir karvon kelayotgani, biri ketayotgani, gʻoyib boʻlayotganini koʻrmayapsanmi?! Doimo toʻladi, boʻshaladi. Bir oz vaqtdan soʻng bu yurt almashtiriladi. Bu aholi boshqa va doimiy mamlakatga oʻtkaziladi. U yerda hamma xizmati evaziga yo jazo, yo mukofot oladi, dedi.
Xoin tentak yana oʻjarlik qilib:
- Ishonmayman. Bu mamlakatning harob etilishi, boshqa mamlakatga koʻchishi hech mumkinmi, dedi. Bunga javoban amin oʻrtogʻi:
- Modomiki bu daraja qaysarlik va oʻjarlik qilayotgan ekansan kel, son-sanoqsiz dalillar ichida Oʻn Ikki Surat orqali, bir buyuk mahkama borligini, mukofot va ehson yurtini, jazo va zindon joyi mavjudligini, bu mamlakat xar kuni bir daraja boʻshalgani kabi, bir kun kelib, batamom boʻshalib xarob qilinishini senga koʻrsataman, dedi.
BIRINCHI SURAT.
Bir saltanat, xususan bunday muhtasham saltanat, yaxshi xizmat qilgan tobeʼlariga mukofoti va isyon qilganlarga jazosi boʻlmasligi hech mumkinmi?! Bu yerda yoʻqdek koʻrinmoqda. Demak, boshqa yerda bir buyuk mahkama bor.
IKKINCHI SURAT.
Boʻlayotgan jarayon va ijrootlarga qara! Eng faqir va eng zaiflargacha hammaga mukammal, belgilangan rizq berilyapti. Hech kimi boʻlmagan xastalarga juda goʻzal qaralayapti. Oʻta qiymatli va shohona taomlar, idishlar, qiymatli toshlar bilan ziynatlangan nishonlar, ziynatlangan liboslar, muhtasham ziyofatlar bor. Qara, senga oʻxshagan tentaklardan boshqa hamma oʻz vazifasiga qattiq eʼtibor berib bajaryapti. Hech kim haddidan zarracha oshmayapti. Eng buyuk shaxs eng buyuk itoat bilan kamtarona xavf va haybat ostida xizmat qilayapti. Demak, bu saltanat sohibining juda buyuk bir karami, juda keng marhamati bor. Yana juda buyuk izzati, gʻoyat jalolli bir sharafi, nomusi bordir.
Karam esa, inʼom qilishni taqozo qiladi. Marhamat, ehsonsiz boʻlmaydi. Izzat, gʻayrat istaydi. Sharaf va nomus esa, adabsizlarga adabini berishni taqozo qiladi. Lekin bu mamlakatda marhamat, nomusga loyiq mingdan bir ish ham qilinmayapti. Zolim izzatida, mazlum xorlik holatida bu yerdan koʻchib ketyapti. Demak, bir mahkama-i kubroga qoldirilyapti.
UCHINCHI SURAT.
Qara, naqadar oliy bir hikmat va intizom bilan ishlar ketyapti. Yana qanchalik haqiqiy adolat va mezon bilan muomala qilinyapti. Hukumatning hikmati, saltanatning himoyasiga iltijo qilgan kishilarga lutf qilishni taqozo qiladi. Adolat esa, hukumatning eʼtibori, saltanatning haybati saqlanishi uchun qoʻl ostidagilar huquqining muhofaza qilinishini iqtizo qiladi.
Lekin, bu yerda mazkur hikmatga, oʻsha adolatga loyiq mingdan bir ish ijro qilinmayapti. Sen kabi tentaklarning koʻpchiligi jazo olmasdan bu yerdan koʻchib ketyapti.
Demak, bir buyuk mahkamaga qoldirilyapti...
TOʻRTINCHI SURAT.
Qara, shu koʻrgazmalarda son-sanoqsiz tengsiz javharlar, dasturxonlardagi mislsiz taomlar, bu yerlarning podshohining cheksiz sahovati, hisobsiz toʻla xazinalari borligini koʻrsatyapti. Xolbuki bunday bir sahovat va tuganmas xazinalar zavol topish va ayrilish orqali azoblanmasligi uchun u ziyofatdan lazzat olganlar u yerda bardavom boʻlishi uchun doimiy va kerakli, hamma narsa ichida boʻlgan ziyofat diyorini taqozo qiladi. Chunki azobning zavol topishi lazzat boʻlgani kabi, lazzatning zavol topishi ham azobdir.
Mana bu koʻrgazmalarga qara! Shu eʼlonlarga eʼtibor ber va bu dallollarga quloq sol! Ular moʻjizaviy bir podshohning antiqa sanʼatlarini tashkil qilayapti va tanitayapti. Kamolotini koʻrsatayapti. Tengsiz maʼnaviy jamolini bayon etayapti. Maxfiy husnining latif tomonlaridan bahs yuritayapti. Demak, uning juda hayrat beruvchi muhim kamoloti va maʼnaviy jamoli bor. Yashirin, qusursiz kamol esa, taqdir etuvchi, sevuvchi, “Mashaalloh” deb, tamosho qiluvchilarga tanitishni taqozo qiladi.
Maxfiy, nozirsiz jamol esa, koʻrinishni va koʻrishni taqozo qiladi. Yaʼni, oʻz jamolini ikki tomonlama koʻrish. Biri, turli tuman oynalarda shaxsan koʻrish. Keyingisi, ishtiyoqmand tomoshabin va hayratga tushgan maqtovchilarning koʻzi orqali koʻrinishni taqozo qiladi. Koʻrish, ham koʻrinish, ham doimiy koʻrish, ham abadiy guvoh boʻlishni iqtizo qiladi. Doimiy jamol ishtiyoqmand tomoshabin va sevuvchilarning bardavom mavjud boʻlishini taqozo qiladi. Chunki doimiy jamol zavol topuvchi ishtiyoqmandga rozi boʻlmaydi. Chunki, qaytib kelmaslik sharti bilan zavol topishga mahkum boʻlgan tomoshabin zavol topishni tasavvur qilsa muhabbati adovatga aylanadi, hayrat va hurmati tahqirga mayl etadi. Chunki inson bilmagan va yetishmagan narsasiga dushmandir. Xolbuki, hamma bu musofirxonalardan tezda ketib gʻoyib boʻlayapti. Oʻsha kamol va jamolning bir nuriga, balki zaif bir soyasiga bir dam qarab, toʻymasdan ketayapti.
Demak, bir doimiy sayr joyiga ketilyapti...
BESHINCHI SURAT.
Qara, bu ishlar ichida mislsiz Zotning juda buyuk bir shafqati borligi koʻrinayapti. Chunki xar bir jabrdiydaga yordam berdirilayapti. Xar bir orzu va istakka javob berayapti. Hatto, eng kichik ehtiyoj eng past bir odamdan kelsa ham, shafqat bilan taʼminlanayapti. Choʻponning bir qoʻyining oyogʻi ogʻrisa, yo malham, yo veterinar yuborayapti.
Kel, boraylik, shu orolda katta bir yigʻin bor. Butun mamlakatning sharafli kishilari u yerda toʻplangan. Qara, juda buyuk bir nishoni bor bir yovari akram (yuksak rutbali xodim) nutq aytmoqda. U, shafqatli podshohidan bir narsalar istayapti. Butun aholi, "Ha, ha, biz ham istaymiz" deyishyapti. Uni tasdiqlashyapti va dastaklamoqda. Endi tingla, bu podshohning sevgili quli,
"Ey bizni neʼmatlari bilan parvarish etgan Sultonimiz! Bizga koʻrsatgan namunalaringning va soyalarining asllarini, manbaʼlarini koʻrsat. Bizni saltanating markaziga ol. Bizni bu choʻllarda yoʻq etma. Bizni huzuringga ol. Bizga marhamat qil. Bizga bu yerda tattirgan laziz neʼmatlaringni u yerda yedir. Bizni zavol toptirib, uzoqlashtirib azoblama. Senga ishtiyoqmand va mutashakkir ushbu muteʼ xalqingni bebosh qoldirib yoʻq qilma!" deyapti va juda koʻp yolvoryapti. Buni sen ham eshityapsan.
Ajabo, bu qadar shafqatli va qudratli bir podshoh, eng oddiy odamning eng kichik istagini ahamiyat bilan amalga oshirib, eng sevgili bir elchisining eng goʻzal istagini amalga oshirmasligi mumkinmi hech? Xolbuki, sevgilining istagi, barchaning ham istagidir ham podshohning roziligi ham marhamat va adolatining iqtizosidir. Ham unga oson, ogʻir emas. Bu musofirxonalardagi vaqtincha tanaffus joyi qadar ogʻir emas. Modomiki namunalarini koʻrsatish uchun besh-olti kunlik sayr joylariga bu qadar xarajat qilayotgan Zot bu mamlakatni bunyod etgan ekan, albatta haqiqiy xazinalarini, kamolotini, hunarlarini saltanati markazida shunday tarzda koʻrsatadi, shunday sayrongohlar ochadiki, aqllarni hayratga soladi!
Demak, bu imtihon maydonida turganlar bebosh emas, saodat saroylari va zindonlar ularni kutyapti...
OLTINCHI SURAT.
Kel, koʻr, bu muhtasham poyezdlar, tayyoralar, jihozlar, omborxonalar, koʻrgazmalar, ijrootlar parda orqasida juda muhtasham bir saltanat borligini (Xoshiya. Masalan, bizda mashq maydonida harbiy usulda, "Qurol ol, nayza os!" amriga boʻysunib ulkan bir qoʻshin boshdan oxir tikanli changalzorga oʻxshab qoladi. Xar bir bayram kuni namoyish qilish uchun "Kiyimlaringizni kiyib, nishonlaringizni osinglar" amriga lashkar boshdan oyoq rang-barang gullar ochgan ziynatli bir bogʻga oʻxshab qoladi. Shuning kabi roʻyi zamin maydonida Sultoni Azaliyning cheksiz turdagi qoʻshinining farishta, jin, ins va hayvonlar kabi shuursiz nabotot toifasi ham hayotni saqlash jihodida Allohning كُنْ فَيَكُونُ (2:117) amri bilan "Mudofaa uchun qurollaringizni va jihozotingizni osinglar!" buyrugʻini olgan vaqti, zamin boshdan-oyoq oʻzidagi butun tikanli daraxtlar va nabotlar nayzachalarini taqqan payt, aynan nayzalarini osgan muhtasham bir lashkargohga oʻxshaydi.
Bahorning xar bir kuni ham, xar bir haftasi bir-bir nabotot toifasining bayrami boʻlgani uchun, xar bir toifasi oʻz Sultonining oʻz toifasiga ehson qilgan goʻzal hadyalarni koʻrsatish uchun unga qoʻygan ziynatli nishonlarni namoyish qilib, Azaliy Sultonning nazarida koʻrish va koʻrsatishga taqdim qilgani va shunday bir holatda boʻlgani uchun butun nabotot va daraxtlar goʻyo, "Rabboniy sanʼatlar ziynatli narsalarini, gul va meva deb atalgan Allohning yaratish qonunlarining nishonlarini osinglar, gullar ochinglar!" degan Rabboniy amrni tinglayaptiki roʻyi zamin ham oʻta muhtasham bir bayram kuni, shohona namoyishda surma surgan va ziynatlangan nishonlari porlagan lashkargohni koʻrsatadi.
Demak, bu daraja hikmatli va intizomli jihozlanish va ziynatlanish, albatta cheksiz Qodir bir Sultonning, oʻta hukm qilgan bir Hokimning amri bilan bajarilganini koʻr boʻlmaganlarga koʻrsatadi.) hukm surayotganini koʻrsatyapti. Bunday bir saltanat oʻziga loyiq xalq istaydi. Xolbuki, butun xalq bu musofirxonada toʻplanganini koʻryapsan. Musofirxona esa xar kuni toʻladi, boʻshaladi. Butun xalq esa mashq uchun ushbu imtihon maydonida hozir. Maydon esa, xar soat almashtirilyapti. Butun xalq koʻrgazmalarda podshohning qiymatli ehsonlarining namunalarini va gʻaroyib sanʼatlarining antiqa narsalarini tomosha qilish uchun bu namoyishgohda bir necha daqiqa toʻxtab tomosha qilayapti. Koʻrgazma esa xar daqiqa oʻzgaryapti. Ketgan kelmaydi, kelgan ketadi.
Bu holat va shu vaziyat bu musofirxona, shu maydon va koʻrgazmalarning orqasida doimiy saroylar, abadiy maskanlar, bu namunalar va suratlarning xolis va yuksak asllariga toʻla bogʻ va xazinalar borligini qatʼiy koʻrsatyapti.
Demak, bu yerdagi harakat ular uchun. Bu yerda ishlatadi, u yerda haqini beradi. U yerda hammaning isteʼdodiga koʻra bir bahtiyorligi bor...
YETTINCHI SURAT.
Kel, bir oz aylanaylik. Bu madaniy aholi ichida nima bor, nima yoʻqligini koʻraylik. Mana, qara! Hamma joyda, xar burchakda koʻp sonli fotoapparatlar oʻrnatilgan, suratga olayapti. Qara, xar joyda koʻp sonli kotiblar oʻtiribdi, bir narsalar yozyapti. Hamma narsani qayd etyapti. Eng ahamiyatsiz bir xizmatni, eng oddiy bir voqeʼani ham qayd etyapti. Anavi yuksak togʻda podshohga maxsus katta fotoapparat oʻrnatilgan Bu yerlarda nima jarayon etayotgan boʻlsa, suratini olayapti. Demak, U Zot mulkida jarayon etayotgan butun muomala va ishlar qayd etilishini amr qilgan. Demak, U muazzam Zot butun hodisalarni qayd ettiradi, suratini oladi. Bu diqqatli hifz va muhofaza, albatta bir hisob uchundir.
Endi, eng oddiy odamning eng oddiy muomalalarini ahamiyatsiz qoldirmagan Hokimi Hafiz, odamlarining eng kattalaridan eng katta amallarini muhofaza qilmasligi, hisobga tortmasligi, mukofot va jazo bermasligi hech mumkinmi?! Xolbuki, oʻsha kattalar u Zotning izzatiga va gʻayratiga botadigan va marhamatining shaʼni umuman qabul qilmaydigan muomalalar sodir boʻlyapti. Bu yerda jazolamayapti.
Demak, bir mahkama-i kubroga qoldirilyapti...
SAKKIZINCHI SURAT.
Kel, Undan kelgan bu farmonlarni senga oʻqib beraman. Qara, takror batakror, "Sizlarni u yerdan olib saltanatim markaziga keltiraman va boʻysunganlarni baxtiyor, osiylarni mahkum etaman. Vaqtinchalik yerni harob qilib, abadiy saroylarni, zindonlarni ichiga olgan boshqa bir mamlakat barpo etaman" deb, vaʼda berayapti va shiddatli tahdid qilayapti. Vaʼda bergan narsalari Unga oʻta oson. Xalqi uchun oʻta muhim. Vaʼdasida xilof qilish, iqtidorining izzatiga gʻoyat ziddir. Qara, ey tentak! Sen yolgʻonchi tasavvuringni, safsatachi aqlingni, aldovchi nafsingni tasdiqlayapsan. Hech bir tomondan xulf va xilofga majburiyati boʻlmagan, hech bir jihatdan hurmatiga xilof qilish yarashmagan va koʻringan butun ishlar sidqiga guvohlik qilgan Zotni yolgʻonga chiqaryapsan. Albatta buyuk bir jazoga loyiq boʻlasan. Misoling bir yoʻlovchi quyoshning ziyosidan koʻzini berkitib, hayoliga nazar solgan kimsaga oʻxshaydi. Tasavvuri tilla qoʻngiz kabi, bosh chirogʻining yorugʻligi bilan dahshatli yoʻlini yoritishni istagan kabi.
Modomiki vaʼda bergan ekan, qiladi. Xolbuki, bajo keltirish Unga juda yengil, bizga, hamma narsaga, Unga va saltanatiga juda lozim.
Demak, bir buyuk mahkama, bir azim saodati bor.
TOʻQQIZINCHI SURAT.
Endi kel! Bu uylar va jamoatlarning baʼzi raislariga, xar birida shaxsan Podshoh bilan gaplashadigan xususiy telefon bor. Baʼzilar uning huzuriga chiqishgan. Qara, ular ittifoq bilan, “U zot mukofot va jazo uchun juda muhtasham va dahshatli bir joy tayyorlagan. Oʻta qattiq vaʼda berayapti va shiddatli tahdid qilayapti. Uning izzati va oʻta buyukligi hech bir jihatdan vaʼdasiga xilof qilish darajasiga tushib, xorlikni qabul qilmaydi”, deb xabar berishyapti.