Ahli iymon oxiratli opa-singillarim hicoblangan ayollar toifasi bilan suhbat.
Baʼzi viloyatlarda ayollar toifasidan samimiy va qizgʻin suratda Nurlarga boʻlgan aloqalarini koʻrganimda va haddimdan ortiq Nurlarga oid darslarimga ishonchlarini bilganimda, muborak Ispartaga va maʼnaviy Madrasatuz Zahroga uchinchi marta kelgan vaqtim eshitdimki, muborak oxiratli opa-singillarim hisoblangan ayollar toifasi mendan masjidlarda ularga vaʼz suratida dars qilib berishimni kutayotgan ekanlar.
Lekin toʻrt-besh jihatdan kasal, hamda abgor, hatto gapirishga va oʻylashga iqtidorsiz boʻlganim uchun, bu kecha shiddatli bir eslatma bilan qalbimga, “Oʻn besh yil avval yoshlarning xohishi bilan ularga "Yoshlarga Rahnamo"ni yozdingiz va juda koʻp istifoda qilindi. Hozirgi davrda ayollar toifasi ham oʻshanday rahnamoga yoshlardan koʻra koʻproq muhtojlar”, degan fikr keldi.
Bu eslatmaga binoan juda abgor, zaif va ojizligim bilan birga "Uch Hikmat" bilan baʼzi kerakli moddalarni muborak opa-singillarimga va maʼnaviy yosh avlodlarimga oʻta muxtasar tarzda bayon qilaman.
Birinchi hikmat. Modomiki Risola-i Nurning eng muhim asosi shafqat boʻlgani uchun va ayollar toifasi shafqat qahramonlari ekan, ular Risola-i Nur bilan tabiatan koʻp aloqadordir. Va Allohga hamd boʻlsin, bu tabiiy aloqadorlik koʻp joylarda his qilinmoqda. Bu shafqatdagi fidokorlik haqiqiy ixlosni va evazsiz fidokorlik maʼnosini ifodalagani uchun, bu davrda juda katta ahamiyatga ega.
Bir volida bolasini tahlikadan qutqarish uchun, oʻzini hech qanday evazsiz fido qilishi va haqiqiy ixlos bilan fitriy vazifasi eʼtibori bilan oʻzini farzandiga qurbon qilishi koʻrsatadiki, ayollarda gʻoyat yuksak qahramonlik bor. Bu qahramonligini rivojlantirsa dunyoviy hayotini ham, abadiy hayotini ham u orqali qutqaradi.
Lekin baʼzi yomon jarayonlar sababli quvvatli va qiymatdor xislat rivojlanmaydi yoki suiisteʼmol qilinadi. Yuzlab namunalaridan bir kichik namunasi shuki, shafqatli ona bolasining dunyoviy hayotda tahlikaga tushmasligi, foyda koʻrishi va manfaat uchun xar qanday fidokorlikni hisobga olib tarbiya qiladi. "Oʻgʻlim amaldor boʻlsin", deb bor bisotini beradi. Qorilik maktabidan oladi, Yevropaga joʻnatadi. Lekin bolaning abadiy hayoti tahlikaga tushganini oʻylamaydi va dunyo qamoqxonasidan qutqarishga harakat qiladi. Jahannam qamoqxonasiga tushishini hisobga olmaydi. Fitriy shafqatning tamoman aksiga begunoh bolasini, oxiratda shafoatchi boʻlishi oʻrniga, daʼvogar qiladi. Mahsharda u bola, "Nima uchun iymonimni quvvatlamasdan, halok boʻlishimga sabab boʻldingiz?" deb shikoyat qiladi. Dunyoda ham Islomiy tarbiyani toʻliq olmagani uchun, onasining hayratlanarli shafqatining haqqi evaziga loyigʻicha javob bermaydi, balki koʻp xatolarga yoʻl qoʻyadi.
Agar haqiqiy shafqat suiisteʼmol qilinmasdan, bechora bolasini abadiy qamoqxona boʻlgan Jahannamdan va abadiy yoʻqlik boʻlgan zalolat ichida oʻlishdan qutqarishga, shafqat sirri bilan harakat qilsa, bola qilgan barcha savoblarining oʻshancha miqdori onasining amallar daftariga oʻtadi. Volidasining vafotidan soʻng xar doim savoblari bilan ruhiga nur etkazgani kabi, oxiratda ham daʼvogar emas, butun ruhu joni bilan shafoatchi boʻlib, abadiy hayotda unga muborak farzand boʻladi.
Darhaqiqat, insonning eng birinchi ustozi va taʼsirli muallimi, uning onasidir. Bu munosabat bilan men oʻz shaxsimda qatʼiy va doim his qilgan ushbu maʼnoni bayon qilaman:
Sakson yillik umrimda, sakson ming zotlardan dars olganimga qaramay, qasam ichamanki, marhum volidamdan olgan eng asosli, mustahkam oʻgitlar va maʼnaviy darslarim goʻyo moddiy vujudimda xar doim yangilanayotgandek urugʻlar boʻlib joylashgan. Boshqa darslarim oʻsha urugʻlar ustiga bino qilinganini aynan koʻrmoqdaman. Demak, marhum volidamning bir yoshimda fitratimga va ruhimga yozgan dars va oʻgitlarini, hozir sakson yoshimda koʻrgan buyuk haqiqatlar ichida asosiy urugʻ sifatida koʻryapman.
Jumladan, yoʻl va yoʻnalishimning toʻrt asosidan eng muhimi shafqat va Risola-i Nurning eng buyuk haqiqati boʻlgan achinish va marhamat koʻrsatishni, volidamning shafqatli feʼl va holidan, maʼnaviy darslaridan olganimni tushunyapman. Ha, haqiqiy ixlos bilan haqiqiy fidokorlikka ega onalik shafqati suiisteʼmol qilinib, begunoh bolasining olmos xazinasi hisoblangan oxiratini oʻylamay, maʼsum bolani vaqtinchalik foniy shishalar hisoblangan dunyoga yoʻnaltirish va unga shafqat koʻrsatish, shafqatni suiisteʼmol qilishga kiradi.
Ayollarning shafqatidan qahramonliklarini hech qanday haq va evaz istamasdan, hech qanday shaxsiy foyda, xoʻjakoʻrsinlik uchun boʻlmasdan oʻzini fido qilishiga, shafqatning kichik bir namunasi – tovuq bolasini qutqarish uchun arslonga tashlanishi va oʻzini fido qilishi isbotlaydi.
Hozir Islomiy tarbiyada va oxirat ishlarida eng qiymatli va eng kerakli asos, ixlosdir. Bunday shafqatdagi qahramonlikda oʻsha haqiqiy ixlos mavjud.
Agar ushbu ikki nuqta u muborak toifada yuzaga chiqishni boshlasa, Islomiyat doirasida juda buyuk saodatga sabab boʻladi. Xolbuki erkaklarning qahramonliklari evazsiz boʻlmaydi, balki yuz jihatdan evaz istaydi. Hech boʻlmasa shon-sharaf istaydi. Lekin afsuski, bechora muborak ayollar toifasi zolim erkaklarning yomonliklaridan va zoʻravonliklaridan qutulish uchun, boshqa tarzda, zaiflikdan va ojizlikdan kelgan boshqa turdagi riyokorlik qilishyapti.
Ikkinchi hikmat. Bu yil yolgʻizlikda va ijtimoiy hayotdan chekingan holimda, baʼzi Nurchi qardoshlarimning va opa-singillarimning xurmatlari uchun dunyoga qaradim. Men bilan koʻrishgan aksar doʻstlardan oʻz oilaviy hayotlaridan shikoyatlar eshitdim. "Ey voh!" dedim. Insonning, xususan musulmonning panohgohi, bir Jannati va kichik dunyosi, oila hayotidir. Bu ham buzilishni boshlabdimi, dedim. Sababini qidirdim. Islomiyatning ijtimoiy hayotiga va bu orqali Islom diniga zarar berish uchun yoshlarni yoʻldan urish va yoshlik havaslari bilan yoʻnaltirish uchun bir-ikkita qoʻmita ishlayotganini tushundim.
Aynan shuning kabi, bechora ayollar toifasining gʻofil qismini ham xato yoʻllarga yoʻllash uchun bir-ikkita qoʻmitaning parda ostida taʼsirli suratda ishlaganini his qildim. Shunda bildimki, Islom millatiga dahshatli zarba oʻsha tomondan kelmoqda.
Men siz opa-singillarimga va yoshlaringiz boʻlgan maʼnaviy avlodlarimga qatʼiyan bayon qilamanki, ayollarning oxirat saodati kabi, dunyoviy saodatlarining ham va fitratlaridagi oliy xislatlarini buzilishdan qutulishining yagona chorasi, Islom doirasidagi diniy tarbiyadir. Bundan boshqa chora yoʻq!.. Rossiyada bechora ayollar qay holga tushganini eshityapsiz. Risola-i Nurning bir boʻlimida, “Aqli joyida boʻlgan odam rafiqasiga muhabbati va sevgisini besh-oʻn yillik foniy, zohiriy jamolining goʻzalligiga bino qilmaydi. Keksaygani sari, erining muhabbati davom etishi uchun erkak kishi ayolning eng chiroyli va doimiy goʻzalligi, shafqati va ayollikka maxsus axloq goʻzalligiga sevgisini bino qilishi kerak. Chunki uning rafiqasi, faqat dunyo hayotidagi vaqtinchalik yordamchi rafiqa emas, balki abadiy hayotida abadiy va sevimli turmush oʻrtogʻi boʻlgani uchun, keksaygan sari yanada koʻproq hurmat va marhamat bilan bir-birini sevishi kerak boʻladi. Hozirgi madaniyat pardasi ostidagi hayvonlarcha vaqtinchalik birgalikdan soʻng abadiy ayriliqqa uchragan oila hayoti asosidan buzilmoqda”, deyilgan.
Risola-i Nurning yana bir qismida, “Abadiy rafiqasini yoʻqotmaslik uchun soliha xotiniga taqlid qilib, oʻzi ham ham solih boʻlgan odam qanday ham baxtiyordir! Erini dindorligi uchun, abadiy doʻsti va oʻrtogʻini yoʻqotmaslik uchun u ham toʻliq dindor boʻlgan, bu orqali dunyoviy saodati ichida oxirat saodatini qozongan ayol qanday ham baxtiyordir.
Xarom kayfga berilgan xotiniga ergashgan, voz kechirishga harakat qilmay, oʻzi ham ishtirok etgan erkak qanday ham badbaxtdir! Erining fisq-fujuriga qarab, taqlid qiladigan ayol qanday ham badbaxt ayoldir.
Bir-birini olovga tushishiga yordam bergan, bir-birini zamonaviy madaniyatning buzuq tomonlariga tashviq qiladidan er-xotinning holiga voy boʻlsin!” deyilgan.
Risola-i Nurning bu mazmundagi jumlalarining maʼnosi shuki, bu davrda faqat shariat doirasidagi Islomiyat odobi orqali oila hayoti baxtiga erishiladi, dunyoviy va oxirat saodati topiladi hamda ayollarda oliy xislatlar rivojlanadi.
Hozir oila hayotidagi eng muhim narsa shuki, ayol erida yomonlik va sadoqatsizlik koʻrsa, u ham eriga oʻchakishib, oʻzining oilaviy vazifasi boʻlgan sadoqat va ishonchni buzsa, aynan askarlikdagi boʻysunishning buzilishi kabi, oila hayotining fabrikasi chil-parchin boʻladi. Balki ayol qoʻlidan kelganicha erining kamchiligini isloh qilishga intilishi kerakki, abadiy sherigini qutqarsin. Agar u ham oʻzini ochiq-sochiqlik bilan boshqalarga koʻrsatishga va sevdirishga harakat qilsa, xar tomonlama zarar koʻradi. Chunki haqiqiy sadoqatni tashlagan kimsa bu dunyoda ham jazosini oladi. Chunki fitrati nomahramlarning nazaridan qoʻrqadi, siqiladi, chekinadi. Yigirmata nomahram erkakning oʻn sakkiztasining nazarini yoqtirmaydi. Erkak esa, yuzta nomahram ayoldan faqat bittasini yoqtirmaydi, qarashidan siqiladi. Ayol azob chekkani kabi, sadoqatsizlik tuhmatiga ham qoladi. Zaifligi bilan birga, huquqini muhofaza qila olmaydi.
Xullas kalom. Ayollar qahramonlikda, ixlosda shafqati bilan erkaklarga oʻxshamagani kabi, erkaklar ham qahramonlikda ularga eta olmaydi. Xuddi shuning kabi, maʼsum ayollar ham, nosharʼiy kayf safoga mukkasidan ketishda hech bir jihatdan erkaklarga eta olmaydi. Shuning uchun fitratlari va zaif xilqatlari bilan nomahramlardan qattiq qoʻrqadi va yopinchiq ostida saqlanishga oʻzlarini majbur deb biladilar. Chunki erkak sakkiz daqiqa zavq va lazzat uchun xarom ish qilsa, faqat sakkiz soʻmchalik zarar koʻradi. Lekin ayol sakkiz daqiqa xarom kayfining jazosi sifatida dunyoda sakkiz oy ogʻir yukni qornida koʻtarib yuradi va sakkiz yil homiysiz bola tarbiyasidan mashaqqat chekadi. Ayol safohatda erkaklarga eta olmaydi, yuz marta koʻproq jazosini koʻradi. Kam boʻlmagan bunday hodisalar koʻrsatadiki, muborak ayollar toifasi, fitratan yuksak axloqqa manba boʻlgani kabi, fisq va safohatda dunyo zavqi uchun qobiliyatlari yoʻq hisobida! Demak, ular bir jihatdan Islomiyat tarbiyasi ichida baxtiyor oila hayotini kechirishga maxsus muborak maxluqdir. Bu muborak xilqatlarni buzgan qoʻmitalarga laʼnat!.. Alloh bu opa-singillarimni bu sayoqlarning yomonliklaridan muhofaza qilsin, omin.
Singillarim! Sizga mahram tarzdagi bu soʻzimni aytaman. Tirikchilik dardi uchun sayoq, axloqsiz, gʻarbni taqlid qiladigan erning zoʻravonligi ostiga kirishdan koʻra, tabiatingizdagi tejamkorlik va qanoat bilan, qishloqlik maʼsum ayollarning tirikchilik xarajatlarini oʻzlari qoplash uchun ishlagani singari oʻzingizni taʼminlashga harakat qilinglar, sotishga urinmanglar. Agar sizga munosib boʻlmagan erkak qismat boʻlsa, qismatingizga rozi boʻling va qanoat qiling. Inshoalloh, rizoingiz va qanoatingiz bilan u ham isloh boʻladi. Boʻlmasa, eshitayotganim kabi, ajrashish uchun mahkamalarga murojaat qilasiz. Bu esa Islomiy obroʻ va milliy sharafimizga yarashmaydi!
Uchinchi hikmat. Aziz opa-singillarim! Qatʼiyan bilinglar. Risola-i Nur, shariatda halol doira tashqarisidagi zavq va lazzatlarda ulardan oʻn marta koʻproq azob va zahmatlar borligini yuzlab quvvatli dalillar, hodisalar bilan isbotlagan. Uzun tafsilotni Risola-i Nurda topishingiz mumkin.
Jumladan, mening oʻrnimga sizlarga “Kichik Soʻzlar”dan, Oltinchi, Yettinchi, Sakkizinchi Soʻzlar va “Yoshlarga Rahnamo” bu haqiqatni toʻliq koʻrsatadi. Shuning uchun, sharʼiy halol doiradagi lazzat bilan kifoyalaninglar va qanoat qilinglar. Uyingizdagi maʼsum farzandlaringiz bilan maʼsum suhbat, yuzlab kinofilmlardan lazzatliroq. Yana qatʼiyan bilingki, dunyoviy hayotda haqiqiy lazzat, iymon doirasida va iymondadir. Solih amallarning xar birida esa maʼnaviy lazzat bor. Zalolat va kayf-safoda esa bu dunyoda ham juda achchiq va xunuk azoblar borligini Risola-i Nur yuzlab qatʼiy dalillar bilan isbotlagan. Iymonda Jannatning bir urugʻi hamda zalolat va xarom kayf safoda Jahannamning bir urugʻi borligini, men oʻzim koʻp tajribalar va hodisalar bilan aniq koʻrganman. Risola-i Nurda bu haqiqat takror batakror yozilgan. Eng shiddatli qaysar va eʼtiroz bildiruvchilarning qoʻliga tushgan. Hatto rasmiy ekspertlar va mahkamalar ham bu haqiqatni rad qila olmagan. Siz kabi muborak va maʼsum singillarimga va avlodlarim hisoblangan kichiklaringizga, boshda Tasattur Risolasi, Yoshlarga Rahnamo va Kichik Soʻzlar mening oʻrnimga sizlarga dars bersin.
Eshitdimki, men sizga masjidda dars berishimni istayotgan ekansiz. Lekin mening holsizligim bilan kasalligim va koʻp sabablar bunga izn bermaydi. Siz uchun yozgan bu darsimni oʻqigan va qabul qilgan barcha opa-singillarimni Nur shogirdlari kabi barcha maʼnaviy yutuq va duolarimga sherik qilishga qaror qildim. Agar siz mening oʻrnimga Risola-i Nurni qisman qoʻlga kiritib oʻqisangiz yoki tinglasangiz, qoidamizga koʻra, barcha qardoshlaringiz hisoblangan Nur shogirdlarining maʼnaviy yutuqlariga va duolariga ham hissador boʻlasiz.
Koʻproq yozgan boʻlar edim, lekin qattiq kasal, juda zaif, juda keksa va tahrir qilish kabi koʻp vazifalarim boʻlgani uchun hozircha shu bilan kifoyalandim.
Duoingizga muhtoj qardoshingiz Said Nursiy
MAHRAM
(Hozircha Madrasatuz Zahro etakchilariga maxsus)
(Keksa ayollarga ahamiyatli hushxabar hamda turmushga chiqmay, yolgʻiz qolishni istagan yosh qizlarga ogohlantirish)
Hadisi sharifda عَلَيْكُمْ بِدٖينِ الْعَجَائِزِ deyilgan. Bu, oxirzamonda quvvatli iymon keksa ayollarda boʻlishini koʻrsatadi. Shuning uchun hadisda, "Dindor keksa ayollarning diniga ergashinglar", deb farmon qilingan. Risola-i Nurning toʻrt asosidan biri shafqatdir. Ayollar esa shafqat qahramoni boʻlgani uchun, hatto eng qoʻrqoq ayol xam oʻzini bolasiga qahramonlarcha fido qiladi.
Bu davrda qiymatli onalar va opa-singillar katta bir hodisa bilan roʻbaroʻ boʻlmoqdalar. Menga, “Mahram tarzda va ochilishi munosib boʻlmagan bir tabiiy xaqiqatini Nur shogirdlaridan uylanmay qolishni istagan yoki majbur boʻlgan qizlarga bayon qilish kerak”, deb eslatildi. Men aytamanki:
Qizlarim, opa-singillarim! Bu davr eski zamonga oʻxshamaydi. Islomiy tarbiya oʻrniga madaniy tarbiya yarim asrga yaqin ijtimoiy hayotimizga oʻrnashgani, erkak ayolni bitta turmush oʻrtogʻi, dunyoviy hayot saodatiga vosita va boshqa gunohlardan oʻzini saqlash uchun olishi kerak boʻlsada, bechora zaifaga doim zoʻravonlik qiladi, dunyoviy hayot uchun faqat yoshligida sevadi. Unga bergan rohati evaziga baʼzan oʻn barobarlik qiyinchilik chektiradi. Agar shariatga koʻra bir-biriga teng boʻlmasa, shariat huquqlari nazarga olinmagani uchun, hayoti doimo azob ichida oʻtadi. Oraga rashk kirsa, yanada barbod boʻladi. Xullas, uylanishga yoʻl ochgan uch sabab bor:
Birinchisi. Naslning davom etishi uchun, Allohning hikmati fitriy xizmatga haq sifatida tabiiy mayl va shavq bergan. Erkakda zavq oʻn daqiqalik lazzat bersada, agar sharʼiy boʻlsa, erkak bir soat mashaqqat tortishi mumkin. Ammo ayol, oʻn daqiqalik lazzat uchun bolani oʻz vujudida oʻn oy koʻtarib yurib qiynaladi, oʻn yil bolaga yordam berib mashaqqat chekadi. Demak oʻn daqiqalik tabiiy mayl, uzun mashaqqatlarga sabab boʻlgani uchun, ahamiyati qolmaydi. His va nafs uni turmush qurishga turtki boʻlmasligi kerak.