Yoshlarga Rahnamo

Badiuzzamon Said Nursiy

Soʻz boshi

Ushbu “Yoshlarga rahnamo” risolasi yangi harfda chop qilingani kabi, eski harf bilan Ispartada ham koʻpaytirilib, hukumat va ichki ishlar xodimlari qarshilik koʻrsatmagani va xar tarafda ishtiyoq bilan oʻqilishi va tarqalishi koʻrsatadiki, ushbu “Rahnamo”ning millatga, xususan yoshlarga koʻp manfaati bor.

Faqat Anqara Ichki Ishlar Boshligʻi 52-bet 5-qatoridagi “Diniy taʼlim berish uchun xususiy darsxonalar ochilishga izn berilishiga binoan…” jumlasini oʻqimasdan, 8-qatordagi “imkon qadar xar erda kichik kichik Nur darsxonalari ochish lozim” jumlasiga eʼtiroz bildirgan edi. Demak, keyinroq haqiqatini anglabdiki, yoyilishiga boshqa moneʼlik qilmadi.

“Huva Hikmati” garchi chuqur boʻlsada, xar kim birdaniga qamray olmaydi. Lekin, bu xikmat tabiatparastlar va axli kufrning poydevorini chilparchin qilgani kabi, qaysar faylasuflarni hayrat ichida qoldirib, koʻplarini iymonga keltirdi.

Ham bu hikmat kaliti bilan ochilgan misol olamidagi maʼnaviy sayohat kaliti bilan oxiratning bir kinosi “aynal-yaqiyn” koʻrildi. Lekin juda nozik boʻlgani uchun nashr qilinmadi.

Badiuzzamon

Said Nursiy

BIRINCHI SOʻZ

“Bismilloh” xar bir xayrning boshidir. Biz ham avvalo undan boshlaymiz. Ey nafsim bilginki, bu muborak kalima Islom nishoni boʻlgani kabi, butun mavjudotning holat tilidagi doimiy zikri, virdidir.

“Bismilloh” qanchalik buyuk, tuganmas quvvat, naqadar koʻp, bitmas baraka ekanini bilishni istasang, ushbu misoliy hikoyachaga boq, tingla:

Badaviy arab choʻllarida sayohat qiladigan odam uchun, qaroqchilarning yomonligidan qutulib, ehtiyojlarini taʼminlashi uchun bir qabila raisining ismini olib, himoyasiga kirishi kerak. Aksʼholda, bir oʻzi son-sanoqsiz dushman va ehtiyojlaridan abgor boʻladi.

Shunday bir sayohat uchun ikki odam sahroga chiqishadi. Ulardan biri kamtarin edi, ikkinchisi magʻrur... Kamtarini bir raisning ismini oldi. Magʻrur esa olmadi... Olgan kishi hamma erda sogʻ-salomat aylandi. Yoʻltoʻsarga duch kelganda, “Men falon raisning ismi bilan yuribman” derdi, qaroqchi daf boʻlar, teginmas edi. Biror chodirga kirsa, oʻsha nom tufayli hurmat koʻrdi. Narigi magʻrur esa, butun sayohati davomida shunday balolar chekdiki, taʼriflab boʻlmaydi. Doim titrar, doim tilanchilik qilar edi. Ham xor, ham sharmanda boʻldi.

Ey magʻrur nafsim! Sen oʻsha sayyohsan. Bu dunyo esa, bir choʻldir. Ojizliging va faqirligingning chegarasi yoʻq. Dushmaning, ehtiyojlaring nixoyatsizdir.

Modomiki shunday ekan, bu sahroning Abadiy Egasi va Azaliy Hokimining ismini olgin, butun koinotga tilanchilik qilishdan va xar duch kelgan hodisadan titrashdan xalos boʻl.

Darhaqiqat, busoʻz shunday muborak xazina boʻlib, sening nihoyasiz ojizliging va faqirligingni cheksiz qudratga, rahmatga bogʻlab, Qodiyri Rahiymning dargohida ojizlikni, faqirlikni eng maqbul bir shafoatchi qiladi.

Ha, bu soʻz bilan harakat qiladigan kishi shunday odamga oʻxshaydiki, askarlikka qayd qilinadi, davlat nomidan ish yuritadi. Hech kimga parvo qilmaydi. Qonun nomidan, davlat nomidan gapiradi, hamma ishni bajaradi, xar narsaga qarshi tura oladi.

Boshda, “Butun mavjudot holat tili bilan ‘Bismilloh’ deydi”, degan edik. Shundaymi? Albatta! Bir odam kelib, butun shahar aholisini majburan bir joyga olib borib, majburlab ishlatganini koʻrsang aniq bilasanki, u odam oʻz nomidan, oʻz kuchi bilan ish yuritmayapti. Aksincha, u bir askardir. Davlat nomidan ish yuritadi. Bir podshoxning quvvatiga suyanadi. Shunga oʻxshab, hamma narsa Janobi Haq nomidan harakat qiladi. Zarradek urugʻlar va danaklar, uctida ulkan daraxtlarni, togʻdek yuklarni koʻtarib turadi. Demak, xarbir daraxt “Bismilloh”, deydi. Allohning Rahmat xazinasining mevalaridan qoʻllarini toʻldiradi, bizlarga uzatadi. Xar bir bogʻ “Bismilloh”, deydi. Allohning Qudrat oshxonasidan bir qozon boʻladi, ichida turli-tuman juda koʻp, bir-biridan farqli, lazzatli taomlarni barobar pishiradi. Xar bir sigir, tuya, qoʻy, echki kabi muborak hayvonlar “Bismilloh”, deydi. Allohning Rahmat fayzidan bir sut chashmasi boʻladi. Bizlarga Razzoq nomidan eng latif, eng pokiza, obi hayot boʻlgan ozuqani taqdim qiladi.

Xar bir oʻcimlik, daraxt va oʻtlarning ipak kabi yumshoq va tomirlari “Bismilloh”, deydi. Qattiq tosh va tuproqni yorib oʻtadi. “Alloh nomidan, Rahmon nomidan” gapirgani uchun, hamma narsa unga boʻysundiriladi. Ha, havoda daraxt shoxlarining yoyilishi va meva berishiga oʻxshab, qattiq tosh va tuproqdagi ildizlarning oʻta osonlik bilan yoyilishi va er ostida hosil berishi... hamda shiddatli harorat ostida oylar davomida nozik, yashil yaproqlarning namli qolishi tabiatparastlarning ogʻziga shiddat bilan tarsaki tushiradi, koʻr boʻlgur koʻziga barmogʻini suqadi va aytadiki, “Sen eng ishongan qattiqlik va harorat ham Allohning buyrugʻiga boʻysunib amr ostida harakat qiladiki, ipak kabi yumshoq tomirlarning xar biri bir Muso (A.S.)ning asoci kabi Allohning فَقُلْنَا اضْرِبْ بِعَصَاكَ الْحَجَرَ (2:60) amriga boʻysunib, toshlarni yoradi. Va papiros qogʻozi kabi yupqagina nozanin yaproqlar xar biri bir Ibrohim (A.S.)ning tanasi kabi, olov sochgan haroratga qarshi يَا نَارُ كُونٖى بَرْدًا وَ سَلَامًا (21:69) oyatini oʻqiydi.

Modomiki, hamma narsa maʼnan “Bismilloh”, der ekan, Alloh nomidan Allohning neʼmatlarini keltirib bizlarga berayotgan ekan, biz ham “Bismilloh”, deyishimiz kerak. Alloh nomidan berishimiz, Alloh nomidan olishimiz kerak. Shunday ekan, Alloh nomidan bermagan gʻofil insonlardan olmasligimiz kerak.

Savol: Vositachi dallol insonlarga qandaydir bir haq toʻlaymiz. Ajabo, asl mol sohibi boʻlgan Alloh qanday haq istaydi?

Javob: Darhaqiqat, Munʼimi Haqiqiy bu qiymatli neʼmatlariga, mollari evaziga bizdan istagan haq, uch narsadir: Biri zikr, biri shukr, biri fikrdir. Boshida, Bismilloh – zikrdir. Oxirida, Alhamdulilloh – shukrdir. Oʻrtada, bu qiymatli sanʼat ajoyiboti boʻlgan neʼmatlar Ahadi Samadning qudratining moʻjizasi va rahmatining hadyasi ekanini tushunib, idrok etish – fikrdir.

Bir podshohning qiymatli hadyasini senga olib kelgan miskin odamning oyogʻini oʻpib, hadya sohibini tanimaslik qay daraja ablahlik boʻlsa, zohiriy inʼom qiluvchilarni madh etib, sevib, Munʼimi Haqiqiyni unutish, undan ming daraja ortiq ablahlikdir.

Ey nafs! Bu kabi ablah boʻlib qolishni istamasang, Alloh nomi bilan ber, Alloh nomi bilan ol, Alloh nomi bilan boshla, Alloh nomi bilan ishla! Vassalom!..

Oʻn Uchinchi Soʻzning Ikkinchi Maqomi

(Jozibador bir fitnaga giriftor boʻlgan va hali aqlini yoʻqotmagan baʼzi yoshlar bilan bir suhbat)

Bir guruh yoshlar tarafidan hozirgi aldamchi, jozibador kayfu-safo va hoyu-havaslarning hujumlari qarshisida “Oxiratimizni qanday qilib qutqaramiz?” deb, Risola-i Nurdan madad istadilar. Men Risola-i Nurning maʼnaviy shaxsi nomidan ularga aytdimki:

Qabr bor va uni hech kim inkor qilolmaydi. Xar kim xohlasa-xohlamasa, u erga kiradi. Kirish uchun esa uch tarzda uch yoʻldan boshqa yoʻl yoʻq.

Birinchi yoʻl. Qabr iymon ahli uchun bu dunyodan goʻzalroq bir olamning eshigidir.

Ikkinchi yoʻl. Oxiratni tasdiqlagan, lekin kayf safo va zalolat yoʻlini tanlaganlarga abadiy hibs va barcha doʻstlaridan ajralish ichida yakka qamoqdir, yolgʻiz qolinadigan qamoq eshigidir. Shu dunyoqarashda boʻlgani, eʼtiqod qilgani uchun va ishongani asosida yashamagani bois, shunga loyiq muomala koʻradi.

Uchinchi yoʻl. Oxiratga ishonmagan inkorchi va zalolatdagi kimsalar uchun abadiy yoʻqlik eshigidir. Yaʼni, ham oʻzini, ham barcha sevganlarini qatl qiladigan dordir. Shunday dunyoqarashda boʻlgani uchun, jazosi sifatida xuddi oʻshani topadi. Bu ikki qism ochiq oydin, dalil istamaydi, koʻz bilan koʻrish mumkin.

Modomiki ajal yashirilgan, oʻlim xar doim insonning boshini olish uchun kelishi mumkin va yoshu-qarining farqi yoʻq ekan, albatta, doim koʻz oʻngida ushbu buyuk daxshatli masala oldida bechora inson, oʻzi uchun abadiy qatl, tubsiz, nihoyatsiz yakka qamoqdan qutulish chorasini izlashi va qabr eshigini, boqiy olamga, abadiy saodatga va nur olamiga ochilgan eshikka aylantirishi hodisasi insonning dunyo qadar buyuk masalasidir.

Bu qatʼiy haqiqatni yuqoridagi uch yoʻl orqali amalga oshishi va bu uch yoʻlning ham mazkur uch haqiqat bilan boʻlishini bir yuz yigirma toʻrt ming sodiq xabarchilar hisoblangan, qoʻllarida tasdiq nishonasi boʻlmish moʻjizalari boʻlgan anbiyolar xabar bergan. Ular bergan ayni xabarlarni bir yuz yigirma toʻrt million valiylar kashf va zavq bilan koʻrib, ayni haqiqatga guvohliklari orqali tasdiqlagan va imzo bosganlar. Yana had-hisobsiz muhaqqiq allomalar qatʼiy dalillar bilan paygʻambarlar va valiylar bergan xabarlarni aqlan, ilmalyaqin ((*)Ulardan biri Risola-i Nurdir. Maydondadir) isbotlaganlar. Ular yuzda toʻqson toʻqqiz qatʼiy ehtimol bilan “Qatl etilish va abadiy zindondan qutulish va u yoʻlni abadiy saodatga aylantirish, faqat iymon va itoat bilan boʻladi”, deb ittifoqan xabar bermoqdalar.

Ajabo, yuzdan bir halokat ehtimoli boʻlgan tahlikali yoʻldan bormaslik uchun bitta xabarchining soʻzi eʼtiborga olinsa va soʻzini tinglamasdan, u yoʻldan yurgan odamning, halokat xavotiridan keladigan maʼnaviy azob uning eyish ishtahasini qochiradi. Ammo, yuz minglab sodiq va tasdiqlangan muxbirlarning yuzda yuz ehtimol bilan:

▫ zalolat va kayf-safo yoʻli insonning koʻz oʻngidagi qabr doriga va abadiy yakka qamoqqa tushishiga aniq sabab boʻlishini;

▫ hamda iymon va qullik kabr dorini olib tashlab, yakka qamoqni yopib, koʻz oʻngingdagi qabrni abadiy xazinaga, saodat saroyiga ochilgan eshikka aylantiradi, deb habar berib alomat va belgilarini koʻrsatib bersada, ajib, gʻarib, daxshatli va azamatli masala oldida turgan bechora inson va xususan musulmon agar iymoni va Allohga qulligi boʻlmasa, butun dunyo saltanati va lazzati birgina insonga berilsa ham, ajabo, koʻz oʻngidagi xar doim u erga chaqirilish uchun navbatini kutayotgan holatning insonga bergan xavotirdan kelgan azob beruvchi alamni yoʻqota oladimi? Sizlardan soʻrayman!

Modomiki keksalik, xastalik, musibat va xar tarafdagi vafotlar bu daxshatli azobni kuchaytirmoqda va eslatayotgan ekan, albatta zalolat va kayf-safo yoʻlini tanlaganlar yuz ming lazzat va zavq olsa ham, qalbida baribir yana oʻsha maʼnaviy bir jahannamda yashaydi va yonadi. Lekin azobini oʻta qalin gʻaflat karaxtligi vaqtinchalik his ettirmaydi.

Modomiki iymon va toat ahli, koʻz oʻngida koʻrgan qabrni bir abadiy xazinaga, tuganmas saodatga oʻzi uchun bir eshik boʻlib, iymon xujjati bilan u azaliy taqdir lotoreyasidan milliardlab oltin va olmoslarni qozontiradigan chiptaga aylanadi. Xar doim, “Kel, biletingni ol!”, deyilishini kutishdan chuqur, asosli, haqiqiy lazzat va maʼnaviy zavq oladi. U shunday lazzatki, agar jism holiga kelsa va u urugʻ bir daraxt boʻlsa, egasiga xususiy jannatga aylanadi. Zavq va buyuk lazzatni tark etib, yoshligi tufayli cheksiz alamlar bilan bulgʻangan zaharli asalga oʻxshagan kayf-safo va hoyu-havasga bandi boʻlib, vaqtinchalik xarom lazzatni tanlagan kimsa, hayvondan ham yuz daraja tubanlashadi.

Ajnabiy dinsizlar kabi ham boʻla olmaydi. Chunki ular paygʻambarni inkor qilsa ham, boshqalarini tanishadi. Paygʻambarlarni bilmasa ham Allohni taniydi. Allohni bilmasa ham, kamolotga asos boʻladigan baʼzi goʻzal xislatlari boʻlishi mumkin. Lekin bir musulmon ham paygʻambarlarni, ham Rabbini, ham butun kamolotni Muhammadi Arabiy alayhissolatu vassalam vositasida biladi. Uning tarbiyasini tashlagan va zanjiridan chiqqan kimsa boshqa hech bir Paygʻambarni (A.S.) ham Allohni ham tanimaydi. Va ruhida kamolotni saqlaydigan hech qanday asosi qolmaydi. Chunki paygʻambarlarning eng oxirgisi va eng buyugi hamda dini va daʼvati umum bashariyatga tegishli boʻlgani uchun, hamda moʻjizalar va din jihatidan barchadan ustun va butun insoniyatga bor haqiqatlarda ustozlik qilib, oʻn toʻrt asrda porloq suratda isbotlagan va bashariyatning faxri boʻlgan Zotning asos tarbiyasini va dinining usulini tark etgan kimsa, albatta hech qanday nur va kamol topolmaydi. Mutlaq qulashga mahkumdir.

Xullas, ey dunyoviy hayotning zavqiga mubtalo va kelajak andishasi bilan istiqbolini va hayotini taʼminlash uchun tirishgan bechoralar! Dunyoning lazzatini, zavqini, saodatini, rohatini istasangiz, dinga uygʻun halol doiradagi kayf bilan kifoyalaning. U kayfingizga kifoya qiladi. Undan tashqaridagi va xarom doiradagi bir lazzatning ichida ming alam borligini sobiq bayonlarda, albatta angladingiz.

Agar moziy, yaʼni oʻtgan zamonning hodisalarini kino orqali hozirgi vaqtda koʻrsatgani kabi, kelajakdagi holatlar ham, masalan ellik yil keyingi hollari kino orqali koʻrsatilganida edi, kayf-safo yoʻlini tanlagan kimsalar hozirgi kulganlariga yuzminglarcha laʼnat aytib, nafratlanib, yigʻlagan boʻlishar edi.

Dunyo va oxiratda abadiy va doimiy xursandchilikni istagan kishi, oʻziga iymon doirasidagi Muhammadiy (A.S.M.) tarbiyasini rahbar qilishi kerak.

Bir vaqt Eskishahar qamoqxonasining derazasida oʻtirgan edim

Oldidagi litsey maktabining katta qizlari, hovlisida kulib raqsga tushayotganida, ularni dunyo jannatida jahannam hurlari oʻrnida koʻrdim. Shunda menga ularning ellik yil keyingi holati koʻrindi. Ularning kulishi alamli yigʻi suratiga kirdi. Shunda undan kelgan haqiqat ochildi. Yaʼni, ellik yil keyingi holatlarini maʼnaviy va hayoliy kino orqali koʻrdim. Kulgan oltmish qizdan elliktasi qabrda azob chekmoqda, tuproqqa aylangan. Oʻntasi, etmish yoshda xunuklashgan, hammaning nafrat nazarini tortayapti. Men ham ular uchun yigʻladim.

Menga oxirzamon fitnasining mohiyati koʻrindi. Eng daxshatli va jozibador fitna, ayollarning hayosizligi natijasida chiqadi. Ixtiyorni tortib olib parvona kabi kayf-safo oloviga tashlaydi. Va bir daqiqa dunyoviy hayotni koʻp yillik boqiy hayotdan ustun tuttiradi.

Bir kun tashqariga qarab turib, oʻsha fitnaning taʼsirli bir namunasini his qildim. Yoshlarga juda ham achindim. “Bu bechoralar oʻzlarini, ohangrabo kabi oʻziga tortuvchi fitnaning olovidan qutqara olmaydi”, deb, oʻylar ekanman, birdan oldimda bu fitnani alangalatgan va taʼlim bergan, din tarbiyasidan qaytgan maʼnaviy shaxs gavdalandi. Men unga va undan dars olgan dinsizlarga aytdim:

– Ey jahannam hurlari bilan zavqlanish yoʻlida dinini fido qilgan,

• buzuq holda zalolatni sevib turib gunoh qilayotgan,

• nafsoniy hoyu-havaslar lazzati yoʻlida dinsizlik va inkorchilikni qabul qilgan,

• hayotga topinib, oʻlimdan qattiq qoʻrqqan,

• qabrni hotirlashni istamagan,

• va dindan qaytishga yuzlangan badbaxt!

Qatʼiyan bilginki, dinsizlik nuqtai nazaridan sening bu ulkan dunyoing bu soatdan avval va bu daqiqadan soʻng, sening butun koinoting va oʻtmishu kelajaking, oʻtgan toifang va sinfing, keladigan maxluqlar va nasllar, ketgan dunyolar va millatlar, kelgan insonlar va toifalar batamom yoʻq va oʻlikdir. Insoniylik va aql jihatidan sen aloqador boʻlgan oʻsha barcha sayyor dunyolar va oquvchi koinotlar, doim sening zalolatingning surati bilan, boshingga dunyo toʻla daxshatli va sanoqsiz oʻlimlarning shiddatli alamlarini yogʻdiradi. Aqling boʻlsa, qalbingni yoqadi. Ruhing boʻlsa, yondiradi. Aqling soʻnmagan boʻlsa, gʻamlar ichida boʻgʻadi.

Agar bir soat sarxushlarcha kayf-safo va iflos lazzating bu tuganmas gʻamlarga, qaygʻularga, azoblarga muqobil kela olsa, oʻsha kayf-safoda qol. Yoʻqsa esingni yigʻ! Maʼnaviy jahannamdan qutulish va iymonning bu dunyoda beradigan maʼnaviy jannatiga kirish va hayot saodatini totish uchun Qurʼonning darsini tingla! Juzʼiy, foniy bir daqiqa lazzatni kulliy, boqiy, doimiy, iymoniy lazzatlar bilan almashtir. ((*) Ha, iymon bu dunyoda ham maʼnan Jannat lazzatlarini beradi. Yuzlab lazatli nurlaridan ushbu bitta foydasiga qara. Masalan sen gʻoyat sevgan bir kishini, tahlikada oʻlayotganini koʻrgan vaqtingda Luqmoni Hakim va Hizr kabi bir tabib kelib tiriltirsa qanchalik sevinasan. Huddi shuning kabi, iymon – sen sevgan va aloqang boʻlgan vafot qilgan kishilar sanogʻicha sevinch va sururlarni beradi. Chunki moziy qabristonida senga mahbub millionlab kishilar yoʻq boʻlishdan va oʻlimdan iymon nuri bilan birdan oldingda tiriladi. “Biz oʻlmaganmiz va oʻlmaymiz”, deb jonlanadi. Iymon nuqtasidan bu dunyoda ham oʻsha hadsiz firoqlardan kelgan tuganmas azoblar oʻrniga visol va hayot topishlaridan nihoyatsiz lazzatlar va sevinchlar kelgani koʻrsatadiki, iymon shunday bir urugʻdirki, iymonga ahli Jannatni barcha lazzat va goʻzalliklari bilan koʻkartirib bermoqda va beradi.)