Kichik Soʻzlar
Ey qardosh! Mendan bir nechta nasihat istading. Sen bir askar boʻlganing uchun, askarlik misollari boʻlgan, sakkiz hikoyachalar orqali bir nechta haqiqatni nafsim bilan birga tingla. Chunki men nafsimni hammadan koʻra koʻproq nasihatga muhtoj deb bilaman. Bir vaqtlar nafsimga sakkiz oyatdan foydalanib "Sakkiz Soʻz"ni biroz uzunroq tarzda aytgan edim. Hozir qisqacha va avom tili bilan nafsimga aytaman. Kim istasa, birga tinglasin.
BIRINCHI SOʻZ
“Bismilloh” xar bir xayrning boshidir. Biz ham avvalo undan boshlaymiz. Ey nafsim bilginki! Bu muborak soʻz Islom nishoni boʻlgani kabi, butun mavjudotning holat tilidagi doimiy zikri, virdidir.
“Bismilloh” qanchalik buyuk, tuganmas quvvat, naqadar koʻp, bitmas baraka ekanini bilishni istasang, ushbu misoliy hikoyachaga qara, quloq sol.
Badaviy arab choʻllarida sayohat qiladigan odam uchun, qaroqchilarning yomonligidan qutulib, ehtiyojlarini taʼminlashi uchun bir qabila raisining ismini olib, himoyasiga kirishi kerak. Aks holda, bir oʻzi son-sanoqsiz dushman va ehtiyojlaridan abgor boʻladi.
Shunday bir sayohat uchun ikki odam saxroga chiqishadi. Ulardan biri kamtarin edi, ikkinchisi magʻrur... Kamtarini bir raisning ismini oldi. Magʻrur esa olmadi... Olgan kishi hamma erda sogʻ-salomat yurdi. Yoʻltoʻsarga duch kelsa, “Men falon raisning ismi bilan yuribman” derdi, qaroqchi daf boʻlar, teginmas edi. Bir chodirga kirsa, oʻsha nom tufayli hurmat koʻrdi. Narigi magʻrur esa, butun sayohatida shunday balolar chekdiki, taʼriflab boʻlmaydi. Doim titrar, doim tilanchilik qilar edi. Ham xor, ham sharmanda boʻldi. Ey magʻrur nafsim! Sen oʻsha sayyohsan. Bu dunyo esa, bir choʻldir. Ojizliging va faqirligingning chegarasi yoʻq. Dushmaning, ehtiyojlaringning oxiri yoʻq.
Modomiki shunday ekan, bu saxroning Abadiy Egasi va Azaliy Hokimining ismini olginda, butun koinotga tilanchilik qilishdan va xar duch kelgan hodisadan titrashdan xalos boʻl. Darhaqiqat, bu soʻz shunday muborak xazina boʻlib, nihoyasiz ojizliging va faqirliging seni Allohning cheksiz qudratiga, rahmatiga bogʻlab, ojizlik va faqirlikni Qodiyri Rahiymning dargohida eng maqbul shafoatchi qiladi.
Ha, bu soʻz bilan harakat qiladigan kishi, askarlikka qayd qilinib, davlat nomidan ish yuritadigan odamga oʻhshaydi. Hech kimga parvo qilmaydi. “Qonun nomidan, davlat nomidan” gapiradi, hamma ishni bajaradi, xar narsaga qarshi tura oladi. Boshda, “Butun mavjudot holat tili bilan ‘Bismilloh’ deydi” degan edik. Shundaymi? Albatta! Bir odam kelib, butun shahar aholisini majburan bir joyga olib borib, majburlab ishlatganini koʻrsang. Aniq bilasanki, u odam oʻz nomidan, oʻz kuchi bilan ish yuritmayapti. Aksincha, u bir askardir. Davlat nomidan ish yuritadi. Podshoning quvvatiga suyanadi.
Bu kabi hamma narsa Janobi Haq nomidan harakat qiladi – zarradek urugʻlar va danaklar, ustida ulkan daraxtlarni, togʻdek yuklarni koʻtarib turadi. Demak, xar bir daraxt “Bismilloh” deydi. Qoʻllarini Allohning Rahmat xazinasining mevalariga toʻldiradi, bizga uzatadi. Xar bir bogʻ, “Bismilloh” deydi. Allohning Qudrat oshxonasidan bir qozon boʻladi, ichida turli-tuman juda koʻp, bir-biridan farqli, lazzatli taomlarni birga pishiradi. Xar bir sigir, tuya, qoʻy, echki kabi muborak hayvonlar “Bismilloh” deydi. Allohning Rahmat fayzidan bir sut chashmasi boʻladi. Bizlarga Razzoq nomidan eng latif, eng nazif, obi hayot boʻlgan ozuqani taqdim qiladi.
Xar bir oʻsimlik, daraxt va oʻtlarning ipak kabi yumshoq ildiz va tomirlari “Bismilloh” deydi. Qattiq tosh va tuproqni yorib oʻtadi. “Alloh nomidan, Rahmon nomidan” gapirgani uchun, hamma narsa unga boʻysundiriladi. Ha, havoda daraxt shoxlarining yoyilishi va meva berishiga oʻxshab, qattiq tosh va tuproqdagi ildizlarning oʻta osonlik bilan yoyilishi va er ostida hosil berishi, hamda shiddatli harorat ostida oylar davomida nozik, yashil yaproqlarning namli qolishi tabiatparastlarning ogʻziga shiddat bilan tarsaki tushiradi, koʻr boʻlgur koʻziga barmogʻini suqadi va, “Sen eng ishongan qattiqlik va harorat ham buyruqqa boʻysunib amr ostida harakat qiladi, ipak kabi yumshoq tomirlarning xar biri bir Muso (a.s.) asosi kabi Allohning فَقُلْنَا اضْرِبْ بِعَصَاكَ الْحَجَرَ amriga boʻysunib, toshlarni yoradi. Va papiros qogʻozi kabi yupqa nozanin yaproqlar xar biri Ibrohim (a.s.) aʼzosi kabi, otash sochgan haroratga qarshi يَا نَارُ كُونٖى بَرْدًا وَ سَلَامًا oyatini oʻqiydi”, deydi.
Modomiki, hamma narsa “Bismilloh” der ekan, Alloh nomidan Allohning neʼmatlarini keltirib bizlarga berayotgan ekan, biz ham “Bismilloh” deyishimiz kerak. Alloh nomidan berishimiz, Alloh nomidan olishimiz kerak. Shunday ekan, Alloh nomidan bermagan gʻofil insonlardan olmasligimiz kerak.
Savol: Vositachi dallol insonlarga qandaydir bir haq toʻlaymiz. Ajabo, asl mol sohibi boʻlgan Alloh qanday haq istaydi?
Javob: Darhaqiqat, Munʼimi Haqiqiy qiymatli neʼmatlariga, mollari evaziga bizdan istagan haqqi, uch narsadir: Biri zikr, biri shukr, biri fikrdir. Boshida, “Bismilloh” – zikrdir. Oxirida, “Alhamdu lilloh” – shukrdir. Oʻrtada, bu qiymatli sanʼat ajoyiboti boʻlgan neʼmatlar Ahadi Samad qudratining moʻʼjizasi va rahmatining hadyasi ekanini fikrlab, idrok etish – fikrdir.
Bir podshohning qiymatli hadyasini senga olib kelgan miskin odamning oyogʻini oʻpib, hadya sohibini tanimaslik qay daraja ablahlik boʻlsa, zohiriy munʼimlarni madh etib, sevib, Munʼimi Haqiqiyni unutish, undan ming daraja undan ortiq ablahlikdir. Ey nafs! Bunday ablah boʻlib qolishni istamasang, Alloh nomi bilan ber, Alloh nomi bilan ol, Alloh nomi bilan boshla, Alloh nomi bilan ishla! Vassalom!..
IKKINCHI SOʻZ
Iymonda qanchalik buyuk bir saodat va neʼmat hamda qanchalik buyuk bir lazzat va rohat borligini anglashni istasang, quyidagi misoliy hikoyachaga qara, quloq sol.
Bir kuni ikki odam ham istirohat, ham tijorat uchun sayohatga chiqishdi. Biri xudbin, toleʼsiz bir tarafga, keyingisi Hudoni tanigan, baxtiyor boshqa tarafga yoʻl olib ajralishdi. Xudbin ham oʻz gʻamini eydigan, ham oʻzini oʻylaydigan, ham badbin boʻlgani uchun, badbinlikning jazosi sifatida, nazarida juda yomon mamlakatga tushadi. Hamma erda ojiz, bechora odamlar zoʻravon, zolimlarning tomonidan va buzgʻunchiliklaridan dod-faryod qilayotganini koʻradi. Borgan hamma joyida shunday mungli, azobli holatni koʻradi. Butun mamlakat umumiy motamxona shaklini olgan. Bu azobli va zulmatli holatni his qilmaslik uchun u sarxushlikdan boshqa chora topa olmaydi. Chunki hamma unga dushman va ajnabiy boʻlib koʻrinadi. Va xar tarafda qoʻrqinchli janozalarni va gʻamgin yigʻlagan yetimlarni koʻradi. Vijdoni azob ichida qoladi.
Narigi Hudoni tanigan, xudoparast va haqni qidirgan, goʻzal axloqli edi. Nazarida juda goʻzal bir mamlakatga tushdi. Bu yaxshi odam kirgan mamlakatida umumiy shodiyonani koʻradi. Hamma tarafda bir sevinch, bayram, jazba va surur ichida zikrxonalar. Hamma unga doʻst va qarindosh boʻlib koʻrinadi. Butun mamlakatda olqishlar va tashakkurlar bilan umumiy nafaqaga chiqarilish shodiyonasini koʻradi. "Allohu akbar" va "La ilaha illalloh" deb bahtli boʻlib askarlikka chaqirilish uchun doʻmbira, musiqa ovozini eshitadi. Avvalgi badbahtning ham oʻzining, ham umum xalqning azobi bilan azob chekishi oʻrniga, bu baxtiyor odam ham oʻzining, ham umum xalqning sevinchi bilan bahtli va xursand boʻladi. Ham yaxshigina tijorat qildi. Allohga shukr qildi.
Soʻng, avvalgi odamni uchratdi. Ahvolini koʻrib, tushundi va unga, "Menga qara, sen telba boʻlibsan. Botiningdagi chirkinliklar zohiringda aks etibdi. Chunki kulishni yigʻlash, nafaqaga chiqishni talon-taroj qilish deb oʻylayapsan? Esingni yigʻ, qalbingni pokla. Shu musibatli parda sening nazaringdan koʻtarilsin, haqiqatni koʻra olgin. Chunki, oʻta odil, marhamatkor, xalqparvar, qudratli, intizomparvar, shafqatli bir Molikning mamlakati, koʻz oʻngingda buncha taraqqiyot va kamolot belgilarini koʻrsatgan mamlakat sening hayoling koʻrsatgan suratda emas", dedi. Shunda u badbahtning aqli kirib, nadomat qildi. "Ha, men aysh-ishratdan telba boʻlgan edim. Alloh sendan rozi boʻlsin, meni Jahannamiy holatdan qutqarding", dedi.
Ey nafsim! Bilginki, avvalgi odam kofirdir. Yoki gʻofil fosiqdir. Bu dunyo uning nazarida umumiy bir motamxonadir. Barcha jonzotlar ayriliq va zavol dakkisidan yigʻlagan yetimlardir. Hayvonlar va inson esa, ajal panjasi bilan ezilgan kimsasiz beboshlardir. Togʻlar va dengizlar kabi ulkan mavjudot ruhsiz, qoʻrqinchli mayyit kabidir. Yana kufridan va zalolatidan kelib chiqib, qattiq azobli, ezuvchi, dahshatli hayollar uni maʼnan azoblaydi.
Ikknchi odam esa moʻʼmindir. Janobi Xoliqni taniydi, tasdiqlaydi. Uning nazarida bu dunyo bir Rahmonning zikrxonasi, bir insonlar va hayvonlarning taʼlim dargohi, va inson va jinlarning imtihon maydonidir. Barcha hayvonlar va insonlarning vafotlari esa nafaqaga chiqishdir. Hayot vazifasini tugatganlar bu foniy dunyodan maʼnan hursand boʻlib, yangi vazifa yuklangan kishilarga joy ochilishib kelib ishlashi uchun boshqa olamga xavotirsiz ketadi. Barcha hayvonlar va insonlarning tavalludi esa, askarlik xizmatiga, qurol ostiga, vazifa boshiga kelishdir. Barcha jonzotlar bir bir vazifador bahtiyor askar, mustaqim, mamnun xodimlardir. Barcha sadolar esa, yo vazifa boshlanishidagi zikr, tasbeh va boʻshalishdan kelgan shukr va sevinch yoki mehnat hursandchiligidan kelib chiqqan ohanglardir. Barcha mavjudot moʻʼmin kishining nazarida Sayyidi Kariymining va Moliki Rahiymining munis xizmatkori, doʻst xodimi, shirin kitobidir. Yana bu kabi juda koʻp latif, yuksak va laziz, shirin haqiqatlar iymonidan namoyon boʻladi, koʻrinadi.
Demak, iymon maʼnaviy Jannatdagi bir tubo daraxtining urugʻini oʻz ichiga olgan. Kufr esa maʼnaviy Jahannamdagi zaqqum daraxtining bir urugʻini saqlaydi.
Demak, qutulish va ishonch faqat Islomiyat va iymondadir. Shunday ekan, biz doimo اَلْحَمْدُ لِلّٰهِ عَلٰى دٖينِ الْاِسْلَامِ وَ كَمَالِ الْاٖيمَانِ deyishimiz lozim.
UCHINCHI SOʻZ
Ibodat naqadar buyuk bir tijorat va saodat, fisq va kayf-safo naqadar katta zarar va halokat ekanini anglashni istasang, quyidagi misoliy hikoyachaga qara, quloq sol.
Bir kuni ikki askar uzoq bir shaharga borish uchun amr oladi. Yoʻllari ikkiga ayrilgunga qadar birga ketadilar. Yoʻllar ayrilgan joyda bir odamni koʻradilar, ularga, "Oʻng tomondagi yoʻlning umuman zarari yoʻqligi bilan birga, undan ketgan yoʻlovchilardan oʻntadan toʻqqiztasi ulkan foyda va farogʻat topadi. Chap tomondagi yoʻlning esa, foydasi yoʻqligi bilan birga, oʻn yoʻlovchidan toʻqqizi zarar koʻradi. Yoʻllarning ikkalasi ham qisqa va uzunlikda bir hil. Lekin bitta farqi bor, intizomsiz va boshqaruvsiz chap tomondagi yoʻlning yoʻlovchisi safar xaltasisiz, qurolsiz ketadi. Yuzaki engillik, yolgʻonchi farogʻatda boʻladi. Askariy intizom ostidagi oʻng yoʻlning yoʻlovchisi esa, toʻyimli xulosalar bilan toʻldirilgan toʻrt oʻqqalik (*1-oʻqqa – 1283 gramm) safar xaltasi va xar qanday dushmanni yengadigan va magʻlub qiladigan ikki qiyyalik mukammal bir davlat qurolini koʻtarib yurishga majbur...", deydi.
Ikki askar taʼrif qilgan odamning gapini eshitgandan soʻng, bahtiyor askar oʻng tomondagi yoʻlni tanlaydi. Bir botmon ogʻirlikni yelkasi va orqasiga oladi. Ammo qalbi va ruhi minglab botmon minnatlardan va qoʻrquvlardan qutuladi. Ikkinchi badbaxt askar esa, askarlikni tashlaydi. Nizomga tobeʼ boʻlishni istamaydi, chap tomonga ketadi. Jismi bir botmon ogʻirlikdan qutuladi, ammo qalbi minglab botmon minnatlar ostida va ruhi cheksiz qoʻrquvlar ostida eziladi. Ham hammaga tilanchi, ham barcha narsadan, xar bir hodisadan titraydigan ahvolda ketadi. Nihoyat moʻljallangan joyga yetadi. U yerda osiy va qochoq jazosini koʻradi.
Askarlik nizomini sevgan, safar xaltasi va qurolini muhofaza qilgan va oʻng tomondan ketgan askar esa, hech kimdan minnat olmasdan, hech kimdan qoʻrqmasdan, qalb va vijdon xotirjamligi bilan yuradi. Nihoyat kerakli shaharga yetadi. U yerda vazifasini goʻzal ado qilgan nomusli askarga munosib mukofot oladi.
Mana ey sarkash nafs! Bilginki, ikki yoʻlovchining biri Allohning qonuniga itoatkor, ikkinchisi esa osiy va hoyu havasga tobeʼ insonlardir. Yoʻl esa, hayot yoʻli boʻlib, ruhlar olamidan kelib, qabrdan oʻtadi, oxirat tomon ketadi. Safar xaltasi va qurol – ibodat va taqvodir. Ibodatning garchi yuzaki ogʻirligi boʻlsada, maʼnosida shunday farogʻat va engillik borki, taʼriflab boʻlmaydi. Chunki obid namozida اَشْهَدُ اَنْ لَا اِلٰهَ اِلَّا اللّٰهُ deydi, yaʼni, "Undan boshqa Xoliq va Razzoq yoʻqdir. Zarar va manfaat uning qoʻlidadir. U ham Hakiymdir – foydasiz ish qilmaydi, ham Rahiymdir – ehsoni, marhamati koʻp", deb eʼtiqod qilgani uchun, hamma narsada rahmat xazinasi eshigini topadi. Duo bilan qoqadi. Ham hamma narsani oʻz Rabbining amriga boʻysundirilgan holda koʻradi, Rabbiga iltijo qiladi. Tavakkal bilan tayanib, xar qanday musibatdan himoyalanadi. Iymoni unga toʻliq ishonch beradi. Ha, xar qanday haqiqiy yaxshilik kabi, jasoratning ham manbaʼi iymondir, qullikdir. Xar bir yomonlik kabi, qoʻrqoqlikning ham manbai zalolatdir.
Ha, qalbi toʻliq nurlangan bir obidni, er kurrasi bomba boʻlib portlasa, ehtimol, uni qoʻrqitmaydi. Balki, hayratlanarli Samadoniy qudratini lazzatli hayrat bilan tomosha qiladi. Lekin mashhur bir aqlli deyilgan qalbsiz fosiq faylasuf esa, osmonda bir dumli yulduzni koʻrsa, erda titraydi. "Ajabo, bu daydi yulduz sayyoramizga urilsa bormi?" deydi. Vahimaga tushadi. (Bir davrda shunday bir yulduzdan Amerika titradi. Koʻpchilik kechasi uylarini tashlab chiqishdi.)
Ha, inson sanoqsiz narsalarga muhtojdir, sarmoyasi esa yoʻq... Ham nihoyatsiz musibatlarga duchor, iqtidori yoʻq hukmida bir narsadir... Sarmoya va iqtidorining doirasi, qoʻli qaerga yetsa, oʻshancha. Ammo umidlari, orzulari, azoblari va balolari esa, doirasi, koʻzi, hayoli qaerga yetib boradigan joygacha kengdir. Bu daraja ojiz, zaif, faqir va muhtoj boʻlgan inson ruhiga ibodat, tavakkal, tavhid, taslim qanchalik ulkan foyda, saodat, neʼmat ekanini batamom koʻr boʻlmagan odam koʻradi, idrok etadi. Maʼlumki, zararsiz yoʻl zararli yoʻldan, hatto oʻn ehtimoldan bir ehtimol bilan boʻlsa ham, ustun qoʻyiladi. Holbuki, masalamiz boʻlgan qullik yoʻli, zararsiz boʻlish bilan birga, oʻndan toʻqqiz ehtimol bilan abadiy bir saodat xazinasi bor. Fisq va kayf-safo yoʻli esa, hatto fosiqning eʼtirofi bilan ham, manfaatsiz boʻlishi bilan birga, oʻndan toʻqqiz ehtimol bilan, abadiy azob-uqubat halokatga sabab boʻlishi, ijmoʻ va tavotur darajasida son sanoqsiz mutahassislar va guvohlarning koʻrsatmasi bilan aniqlangan. Zavq va kashf ahlining xabarlari bilan tasdiqlangan.
Xullas kalom, oxirat kabi, dunyo saodati ham – ibodatda va Allohga askar boʻlishdadir. Shunday ekan, biz doimo اَلْحَمْدُ لِلّٰهِ عَلَى الطَّاعَةِ وَالتَّوْفٖيقِ deyishimiz kerak. Va musulmon boʻlganimizga shukr qilishimiz kerak.
TOʻRTINCHI SOʻZ
Namoz qanchalik qiymatli va muhim, ham qanchalik arzon va oz xarajat bilan qozonilishini yana namozsiz odam qanchalik telba va zararli ekanini ikki karra ikki toʻrt aniqligida qatʼiy anglashni istasang, quyidagi misoliy hikoyachaga qara, koʻr.
Bir kuni bir buyuk hokim ikki xizmatkorini, xar biriga yigirma toʻrt oltindan berib, ikki oylik masofa uzoqligidagi xos va goʻzal bir xoʻjaligiga istiqomat qilish uchun yuboradi. Ularga, "Bu pulni yoʻl va chipta xarajatiga ishlating. U yerdagi maskaningizga kerakli baʼzi narsalarni sotib oling. Bir kunlik masofada bir bekat bor. Ham mashina, ham kema, ham poyezd, ham samolyot bor. Sarmoyaga koʻra miniladi", deb amr qiladi.